Bir dugonam g`alati voqeani aytib bergandi. Aytishicha, qo`shnisining yoshgina, homilador kelini hind kinoaktyorlaridan birining suratini qo`lidan qo`ymas, bo`sh qoldi deguncha o`sha suratga tikilaverar ekan.
- Sababini eshitib, odamlarimiz orasida shunaqa loyqa saviyalilar ham borligidan o`kinib ketdim, - degandi dugonam. - Kelinchakning onasi: «Ering chiroyli yigit emas, sen homiladorligingda ko`rkam yigitlarga ko`proq qara, o`shanda chiroyli bola tug`asan», degan ekan... «Astag`firulloh» deb, yoqa ushladingiz-a, qadrdon mushtariy? Axir bu xayoliy «zino»ga chorlovning o`zginasi-ku! Ehtimol, bu kelinchakdagi gunohga moyillik onasining (o`z qizini botqoqqa yo`llab turgan onaning!) qornidaligidayoq shakllanib bo`lgandir? Ҳomilador ayolning ko`ngli begona erkaklarga sust ketib tursa, undan tug`ilajak bolaning axloqi ertaga qanday bo`ladi? U bola otasiga qanday mehr qo`ya oladiki, onasining qornidaligidayoq fitratiga «o`zga bog`ning olmasi»ga havas joylangan bo`lsa?! «Ko`nglimda bir yoru, qo`ynimda bir yor...» singari qo`shiqlarni sel bo`lib, ko`zda yosh bilan tinglaydigan ayollarning farzandlari ruhiyatida ne sinoatlar, ne yashirin o`y-xayollar meva berayotgan ekan?! Yoki «Men haliyam sevaman shu Ozodani», deya birovning xasmiga ko`z olaytirayotgan «oshiq»ning sevgilisi - uchta bolali bo`lsa ham hech kulmaydigan, (bir nimadan quruq qolgandek) chiroyi ochilmaydigan, hatto o`g`liga sevgilisining ismini qo`yib olgan, o`zini izzat-ikrom qilib yurgan erining mashinasiga o`tirayotib, o`ziga och nazar bilan qarab turgan sevgilisiga ma`yus nigoh tashlab qo`yadigan «Ozoda»lardan tug`ilayotgan farzandlarning ruhiyatida zinoga moyillik bo`lmasligiga kimda kafolat bor? «Sulton» erlarga «cho`pon» farzandlar tug`ib beradigan xotinlar shundaylar emasmi?.. Odam bolasining odam bo`lish yoki bo`lmasligi ona qornidayoq belgilanar ekan, demak, odam bo`lmaydiganlar - nodon va notavon onalarning boy berilgan imkoniyatlaridir. Payg`ambarimizdan (s.a.v) «Farzand nima?», deb so`rashganida, Rasululloh (s.a.v): «Ular sizning yo jannatingiz, yo jahannamingizdir», degan ekanlar.
Demak, otasining jannati bo`ladigan farzandlarning onalari ham farishtamonanddirlar. O`z otasiga jahannam azobini torttiradiganlarning onalari kim ekanini esa o`zingiz anglab turibsiz...
Ma`rifat gulashni gazetasi
|