Odamzot nima uchun kaftdek hovlisiga gul ekadi? Undan ko'ra sholg'om eksa qozoniga tushadi-ku.
Odamzot nima uchun bulbul chax-chaxini eshitganda entikib ketadi? Undan ko'ra bulbulni sho'rvaga solib pishirsa, nafsini qondiradi-ku?
Odamzot nima uchun osmonda charaqlab turgan yulduzlarni ko'rib, ko'ngli zavqqa to'ladi? Yulduzlar uning hamyonidagi tillalar emas-ku.
Odamzot nima uchun kitob o'qiyotib, suyukli qahramoni o'lib qolsa yig'laydi? Uni ytozuvchi "ichidan to'qib chiqargani"ni biladi-ku?
Odamzot nima uchun o'zga yurtlarga borib behisob mol-dunyo orttirsayu, ittifoqo bolaligi kechgan kulbasi tushiga kirib qolsa, tuni bilan yig'lab chiqadi? Axir u shohona qasrda yashaydi-ku.
Odamzot nima uchun bolasining boshida alla aytadi? Go'dak alla eshitmasa uxlamaydimi?
Odamzot nima uchun nevarasini yetaklab necha zamon avval o'tib ketgan bobosining qabrini ziyorat qiladi? Marhum ularni ko'rmaydi-ku?
Gap shundaki, Odamzotni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi Ma'naviyat deb ataladi!
|