Nigora: «Oybek bilan hozircha turmush qurmaymiz»... (Eksklyuziv intervyu)
SB.uz
portalining "Intervyu" bo'limi endilikda muntazam ravishda o'z
faoliyatini olib boradi. Bugungi suhbatdoshimiz bundan 5 yil avval duet
guruh sifatida tashkil topgan Oybek va Nigora duetidir. Ular bilan
bo'lib o'tgan suhbatni e'tiboringizga havola qilamiz... 2005
yildan buyon birgalikda Oybek va Nigora bo'lib ijod qilib kelmoqdasiz.
Duet guruh sifatida yaratgan ilk qo'shig'ingiz radiolarda jarang
sochkanida sizning qalbingizda bo'lgan hayajonni haliyam his qila
olasizmi? Oybek: O'ta kuchli hayajon bo'lgan. Nafaqat FM
to'lqinlarida, balki TV kanallarida hozir klip namoyishi bo'lishi
kerak,-deb intizorlik bilan kutardik. Ba'zi paytlarda ma'lum sabablarga
ko'ra aytilgan vaqtda efirga uzatilmay ham qolgan. Nigora: Nimaga vaqtida qo'yishmaydi? Nimaga endi ular bizga bunday munosabatda bo'lishadi,-degan savollar qalbimizda tug'ilaverardi. –Inson borki, xohlasin xohlamasin kimgadir taqlid qilishi mumkin. Sizlarda ham shunday holatlar bo'lganmi? N:
Men hech kimga taqlid qilmaganman. Har doim o'zimga yoqqan, qulay va
asosiysi yarashgan kiyimlarni harid qilib, kiyishni yaxshi ko'raman. O: Menda ham kimgadir taqlid qilish bo'lmagan. O'zimga qulay va sharoitim ko'targan kiyimlarni harid qilganman.
–Sizningcha uy, bayram kiyimlari farqlimi? O:
Albatta farqli bo'lishi kerak. Lekin shunday bir sharoitlar bo'ladiki,
xalq xizmatlari to'satdan chiqib qoladi. Ba'zida uydan uzoqroq bo'lgan
joyga xizmatga borishga to'g'ri kelib qoladi. Mana shunday hollarda
majbur bo'lib, xizmatda bo'lishingiz kerak. N:
Lekin agar imkoniyat va vaqt yetarli bo'lganida, bu narsani qilmagan
yaxshi. Chunki baribir siz san'atkorsiz. Odamlar sizning yurishingiz va
kiyinishingizga qarab andoza oladi. –Sochingizni turmaklamasdan yura olasizlarmi? N:
Men aslida go'zallik saloniga kamdan-kam boraman. O'zim sochimni yuvib,
turmaklashni yaxshi ko'raman. Chunki buning uchun sochimning
imkoniyatlari yetarli. Ba'zilarning esa sochlari jingalak bo'lishi
mumkin. Shuning uchun ham ular go'zallik saloniga ko'proq borishga
majburlar. Lekin har doim chiroyli ko'rinishga harakat qilaman. O:
Menda ham har doim sochimni turmaklab yurish uchun vaqtim yo'q. O'zimga
yoqadigan yoshlarbop soch turmagim bor. Ko'p hollarda shunday yurishni
yaxshi ko'raman. Ahamiyat bersangiz, so'nggi klipda ham shu soch
turmagimni qilib chiqqanman.
–Ko'chada yurganingizda sizni qo'shig'ingizga baho berayotganlarini eshitsangiz, o'zingizni qanday tutasiz? O:
Bir kuni taksiga chiqdim. Taksini boshqarayotgan katta yoshdagi kishi
edi. Meni tanidimi yo'qmi aniq bilmadim. Shu payt radio orqali
qo'shiqlarimizdan biri jarang sochib qoldi. Shu payt amaki, shu ashula
ja zo'r chiqibdi a?,-deb qoldilar. Men g'alati bo'lib, ha deb
yo'limizda davom etaverganmiz. N: Kuni kecha
jiyanlarimni aylantirish maqsadida ko'chaga olib chiqdim. Shunda
yo'ldan o'tib ketayotgan talaba qizlar meni ko'rib tanib, yonimga kelib
qo'shiqlaringiz bizga juda yoqadi,-deb maqtashdi. Bundan albatta
hursand bo'lib ketdim. –Hayotingizda uchragan siz bilan bog'liq bo'lgan eng salbiy mish-mish… N:
Menga eng ta'sir qilgan mish-mishlardan biri, meni odamlar 70 yoshli
qariyaning xotini ekan,-deganlari bo'lgan. Xattoki bu gap adamlarga ham
yetib borgan. Tabiiyki bu mish-mish ularga salbiy ta'sir ko'rsatgan.
Tasavvur qiling, yosh qiz 70 yoshli qariyaning xotini bo'lish. Men buni
umuman tasavvur ham qila olmayman. O: O'ylashimcha, menda bunday holat kuzatilmagan.
–Agar sizga mish-mish tarqatib yuksaklarga ko'taramiz deyishsa, rozi bo'larmidingiz? N:
Menimcha, biz mish-mishlar orqasidan hozirgi mavqe'imizga
erishmaganmiz. Shu paytgacha yetib kelishimizga asosiy sabab bu
samarali ijod qilishimizning natijasidir. –Nigora, siz Oybek bilan birgalikda turmush qurishingiz mumkinmi? N: Hozircha yo'q. Men Oybekni yaxshi do'st sifatida hurmat qilaman. –"Do'st” so'ziga qanday ta'rif bergan bo'lardingiz? N:
Og'irimni qo'ldan kelganicha yengil qiladigan, birovlar tushunmaydigan
narsani, o'sha inson tushunib, oz bo'lsada dalda beradigan inson
bo'lishi kerak. Bunday insonlarni orasiga hamkasbim Oybekni, onamlarni
opamlarni kiritishim mumkin. –Siz Oybekni ishonchli odam deb ayta olasizmi? N: Albatta. Oybekni 100 % ishonchli odam deb ayta olaman. Oybekka nima etishimdan qat'iy nazar hech kimga aytmaydi. –Duet kuylash oddiy qo'shiq kuylashdan ko'ra mushkulroq. Duet aytayotganingizda kelishmovchiliklar bo'lib turadimi? N:
Bunday holatlar ko'p bo'ladi. Ayniqsa bunday holat sahnada bo'ladi.
Oybekning hayolparastligi kuchayib ketib, menga umuman qaramaydi.
Oybekka qarab ashula aytaveraman, Oybek esa hayolida malikasi bilan
qo'shiq kuylaydi. Sahnada bir o'zim qolib ketaman. O: Ijod bo'lganidan keyin, o'z-o'zidan tortishuvlar bo'lishi tabiiy xol. –Oybek, ismingizni ma'nosini bilasizmi? O: O'zbekcha ism (Oybek qancha urunmasin, ismining ma'nosini eslay olmadi.) Sho'x va yaxshi bola! N: Bilardingiz, bu haqida aytgan edingiz ham. Lekin hozir esingizda yo'q. –Imijni o'zgartirishga qanday qaraysiz? N:
Men juda yaxshi ko'raman. O'zimni imijimni o'zgartirishni emasku, lekin
boshqalarnikini o'zgartirish jonu dilim. Lekin inson bir xillikdan
charchaydi,-deb aytishadi. Ammo inson bir xil narsani ko'rib ham
quvnashi mumkin. –Sizningcha odamning qiyofasi birinchi o'rinda turadimi yoki qalbi… O: Qalbi! N:
Ikkalasi ham birda bo'lsa, a'lo bo'lgan bo'lardi. Lekin insonning
birinchi galda qalbi go'zal bo'lishi kerak. Endi odamning agar qalbi
hunuk bo'la turib, uning tashqi ko'rinishi chiroyli bo'lishi mumkin
emas. –Plastik operatsiya qilib, qiyofangizni o'zgartiramiz deyishsa, sizning javobingiz qanday bo'lardi? N:
Bo'y beringlar derdim (Kuladi). Xazil. Bilmadim. Allohning o'zi biladi.
Bandasiga nimadir kerak bo'lsa, o'shani bandasiga o'zi beradi. To'rt
mucham sog' qilib dunyoga keltirganiga shukur qilaman. Undan boshqa
hech narsa kerak emas. –Nimadan qo'rqasiz? N: Yolg'izlikdan. Shu bilan birga chuvalchanglardan. O: Yolg'on gapiradigan insonlardan qo'rqaman. –O'zingiz ham yolg'on gapirib turasizmi? O: Yo'q. Ochig'i yolg'on gapirishni bilmayman. –Ichimlik va taomlardan qay birini yaxshi ko'rasizlar? N: Ichimliklardan ananasli sok, taomlardan esa norinni yaxshi ko'raman. O:
Ovqatlarni odatda tanlamayman. Oddiy vodoprovod suvi ko'proq yoqadi.
Har qanday soklardan yoki choydan ko'ra, suv yaxshiroq men uchun.
–Internet sohasiga qanchalik qiziqasiz? N:
Internet orqali o'zim uchun kerakli va zarur bo'lgan ma'lumotlarni
olaman. Shuningdek, mail agent dasturi orqali muxlislarim bilan
muloqotda bo'lib turishni yoqtiraman. Shu o'rinda o'z e-mail manzilimni
aytib o'tishni joiz deb topdim: nigosh_1988@mail.ru. Bemalol muxlislarim xat yozishlari mumkin. –Hozirgi kunda qaysi ijodkorlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqdasiz? O: Shoirlardan Shahnoz, bastakorlardan esa Botir Alievlar bilan birgalikda ishlamoqdamiz. –Bugungi mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Durbek Shofayziyev va Alisher Ne'matjonov suhbatlashdi.
P.S.: Oybek va Nigora bilan
suhbatimiz ularning Andijon viloyatiga jo'nab ketayotgan kunlariga
to'g'ri keldi. Lekin shunga qaramasdan bizga o'z vaqtlarini ayamasdan
ajratganliklari uchun ularga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Suhbatdan to'liq yoki qisman
foydalanish faqatgina mualliflarning yozma ravishdagi ruhsatlari bilan
amalga oshiriladi. Agarda suhbatdan biror-bir matbuot nashrlari qisman
yoki to'liq foydalanganliklari aniqlansa, javobgarlikka tortiladi. Manba.Shou-biznes.uz
|