QIZIQ MUHABBATNIG YOSHI BO'LADIMI!?
Avtobusda ketar ekanman, yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchiga qarayman. O‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi bu yigitcha qo‘lidagi telefonni o‘ynab o‘tirar, hozirzamon bolasi ekanligi bilinib turardi. Bekorchilikdan kuzatib bordim. U ham zerikdi, shekilli, qo‘l telefonini ishga soldi. E’tibor bersam, yarim soat ichida oltita qizga “sevgi” izhor qildi. Har bir muvaffaqiyatidan so‘ng esa o‘rtog‘iga sim qoqib maqtandi. Ko‘nglim g‘ash tortdi. Manzilga yetgach, bir do‘stimga bu haqda gapirib berdim. U esa: — Bu hali o‘spirin yigitchaning muhabbati. Sen “haqiqiy muhabbatlar”ni bilmaysan, shekilli, — dedi qah-qah otib. Otabekning avlodi ekanligimizga shubhalanib qoldim. Odam Atoning tengdoshi bo‘lgan insoniy muhabbatda mavjud bo‘lgan axloq qoidalari nahot bugun o‘z rangini yo‘qotdi?! Qalbimdagi yarimjon ishonch bilan talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazishga qaror qildim. Talabalar turar joyidagi bo‘sh vaqtimizdan foydalanib, talaba yoshlardan so‘rov qog‘ozlarini to‘ldirishni iltimos qildim. 50 ta talabadan 23 tasi talabalarning muhabbatga oshufta bo‘lishlariga sabab zerikish, bekorchilik deb hisoblashsa, 16 tasi “muhabbat uchun vaqt yo‘q”ligini e’tirof etdi. Qolgan talabalar esa (11 ta) talabalikdagi muhabbatni haqiqiy sevgi deb sanashar ekan. Bu, albatta, nisbiy holat. Haqiqiy vaziyatni esa har bir inson o‘zidan qidirsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
|