Assalomu alaykum muhtaram ro’zador birodarlar mo’mina opa-singillar! Tutayotgan ro’zalaringiz o’qigan namozlaringiz Parvardigor tarafidan qabul bo’lishini tilagan holda siz azizlarga tahririyat tomonidan ushbu nomani yozishga ahd qildik.
Alloh Taolo muborak Ramazon oyini boshqa oylarga nisbatan o’zgacga fazilatlarga boy qilib qo’ygandir. Masalan:
1. Ro’zadorning og’zidan keladigan hid Alloh nazdida mushkdan-da xushbo’yroqdir.
2. Ro’zadorlar uchun iftorga qadar maloikalaristig’for etadilar.
3. Alloh Azza va Jalla jannatni ziynatlantirib, unga qarabxitob qiladi: Ey Jannat, solih bandalarim mashaqqat va ozorlardan qutilib sening bag’ringga kelajakdirlar!
4. Ramazon oyida ashaddiy Shaytonlar zanjirband bo’ladilar.
5. Muborak Ramazon oyida Jannat eshiklarikatta ochilib, Do’zah eshiklari yopilajakdir.
6. Bu oyda ming oydan yaxshiroq kecha joy olgandir. Kimda kim uning yaxshiliklaridan mahrum bo’lsa, barcha yaxshiliklardan mahrum bo’libdi!
7. Ramazonning oxirgi o’n kunligi ro’zadorlar uchun mag’firat kunlaridir.
8. Bu oy Allohning marhamati tufayli Do’zahdan qutulish mumkin bo’lgan qimmatli fursatdir.
Manashunday xislatlarga ega bo’lgan buyuk oyda kun kechirmoqdamiz. Shunday ekan bu damlarni g’animat hisoblab, kunlarimizni ro’za tutish toat va ibodaty bilan o’tkazaylik.
Mana bu hadislarga diqqat qiling:
Rasululloh (saov) bunday deb marhamat qilgan edilar: «Odamzotning hamma amali o'zi uchun, (qilingan) har bir yahshilik o'n barobardan yetti yuz barobarigacha (mukofotlanadi), faqat ro'za bundan mustasno. Alloh taolo ajtadi: «U Men uchundir va uning mukofotini O'zim beraman, shahvatini va emak-ichmagini Men uchun tark qiladi». Ro'zadorning ikki quvonchi bor: birisi iftori oldida, ikkinchisi Robbiga yo'liqqanida, ro'zador og'zining hidi Alloh huzurida mushkdan ham hushbo'yroq»
Rasululloh (saov): «Ramazon ro'zasini iymon bilan, savob umidida tutgan odamning o'tgan gunohlari kechiriladi»
Rasululloh (saov) bunday deb marhamat qilgan edilar: «Kimki, yolg'onni, unga amal qilishni va jaholat (baqir-chaqir)ni tark qilmasa, yemak-ichmagini tark qilishining Allohga hech qanday hojati yo'q»
Rasululloh (saov)aytdilar: «Ro'za (do'zahdan saqlovchi) qalqondir, qay biringiz ro'za tutgan bo'lsangiz, fahsh so'zlarni so'zlamasin, fosiqlik va johillik qilmasin. Agar birov u bilan urishsa yo haqorat qilsa: «Men ro'zadorman, men ro'zadorman», desin vabu bilan janjallashishdan o’zini asrasin»
Rasululloh (saov) bunday deb marhamat qilgan edilar: Ro’za tutgan ro’zadorning nafaqat qorni balki boshqa hamma a’zolari ham ro’za tutmog’i lozimdir!
«Ramazon kechalarida iymon bilan, savob umidida namozda turgan odamning o'tgan gunohlari kechiriladi»
Rasululloh (saov)aytdilar: «Sadaqaning eng afzali Ramazonda qilinganidir»
Sadaqaning har xil ko'rinishlari mavjud, jumladan:
a) Taom berish;
Alloh Taolo aytadi: « Va taomni xohlab tursalar-da, (o'zlari yemasdan) miskin, yetim va yesirlarni taomlantirurlar. (Ular ayturlar): «Biz sizlarni yolg'iz Allohning yuzidan taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ishimiz uchun) biron mukofot va minnatdorchilik istamasmiz. Albatta bizlar Parvardigorimiz tomonidan bo'ladigan, (dahshatli azobidan yuzlar) tirishib, burishib qoluvchi bir Kundan qo'rqamiz». Bas, Alloh ularni o'sha Kunning yomonligidan saqladi va ular(ning yuzlari)ga jilva-nur, (dillariga) surur baxsh etdi. Va ularni sabr-qanoatlari sababli jannat va (jannatda egnilarida bo'ladigan) ipak (liboslar) bilan mukofotladi» (Inson surasi: 8-12 oyatlar).
b) Ro'zadorlarni iftor qildirish:
Rasululloh (saov) aytganlar: «Kimda-kim ro'zadorga iftor qilib bersa, ro'zador ega bo'lganchalik savobga ega bo'ladi, biroq bu bilan ro'zadorning savobidan zarracha kamaytirilmaydi».
c) Qur’onni tilovat qilish;
Rasululloh (saov) marhamat qildilar: Har narsaning bahori border, Qur’oni Karimning bahori Ramazon oyidir. Qur’onning bahoridauni ko’p tilovat qilinglar.
So'zimiz nihoyasida yana bir g'ojat muhim narsaga diqqatingizni qaratishni istardik. U ham bo'lsa, ixlosdir! Ibodatlarni ixlos bilan qilish! Qancha-qancha ro'zadorlar bo'ladiki, ro'zasidan topgani ochlik va tashnalikdan boshqa narsa bo'lmaydi! Ne-ne tunlarni ibodat bilan o'tkazuvchi kishilar bo'ladiki, uyqusizlik va qiynalishdan boshqa samaraga erishmaydi! Alloh barchamizni mana shundoq bo'lib qolishdan asrasin! Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi va olihi sallam ushbu masalaga ahamiyat qaratgan edilar: «Ramazon ro'zasini iymon bilan, savob umidida tutgan odamning o'tgan gunohlari kechiriladi», «Ramazon kechalarida iymon bilan, savob umidida namozda turgan odamning o'tgan gunohlari kechiriladi»
Musulmon do'stim! Umr cheklangan, fursatni g'animat biling! O'tgan yili biz bilan birga Ramazon ro'zasini tutgan qancha-qancha kishilar qani?! O'tgan yili biz bilan birga Ramazon kechalarida tungi ibodatlarda qoim bo'lgan qancha-qancha tanishlarimiz qani bugun?! Ayrimlarini o'lim farishtasi oramizdan olib ketdi, ayrimlari esa bemor bo'lib, na ro'zaga, na tungi namozlarga madorlari bo'lmay to'shakka mixlanib qoldilar. Salomatlik ne’matini ato etgani uchun Allohga shukrlar qilib, g'animat fursatlar aro oxirat ozuqasini jamg'arib oling! Ozuqalarning eng yaxshisi – taqvodir!
Ey Parvardigor!
Bizlarni Ramazonning ro'zasi va tungi namozlariga O'zing muvaffaq ayla, ibodatlarimizni qabul et, do'zahdan ozod etgan bandalaring qatorida qil! Omiyn!