O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida yurtimiz va Rossiya musavvirlarining Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan “Art-karvon” mavzuidagi ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston va Rossiya mo‘yqalam sohiblarining yurtimiz shahar va qishloqlari bo‘ylab ijodiy safarining o‘ziga xos yakuni tarzida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi va ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida qayd etilganidek, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda san’atning barcha turlarini izchil ravnaq toptirish, uning boy an’analarini tiklash, asrab-avaylash, davom ettirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar o’zining yuksak samaralarini bermoqda. Madaniyat va san’at saroylari, ko’rgazma zallari, galereyalar, san’at va musiqa maktablari, badiiy ijodiyot markazlari xalqimiz badiiy didi, ma’naviyati, tafakkurini yanada yuksaltirish, hamyurtlarimizni san’atning eng yuksak namunalaridan bahramand etish, yoshlarning iste’dodi va qobiliyatini kashf etishga xizmat qilmoqda.
Xalqlar o’rtasidagi madaniy-ma’rifiy muloqotlarni mustahkamlashda turli ijodiy loyihalarning o’rni va ahamiyati katta. O’zbekiston va Rossiya musavvirlari ishtirokidagi «Art-karvon» loyihasi buning dalilidir. Loyiha doirasida yurtimiz va rossiyalik musavvirlar O’zbekistonning bir qator shahar va qishloqlarida ijodiy safarda bo’lib, diyorimizning betakror tabiati, istiqlol yillarida barpo etilgan inshootlar, ilm-ma’rifat maskanlari, san’at dargohlari, qayta tiklangan me’moriy obidalar, tarixiy yodgorliklar bilan tanishdilar. Ijodiy safar jarayonida olgan taassurotlari natijasida oltmishga yaqin badiiy asarni o’zida jamlagan «Art-karvon» badiiy ko’rgazmasi tashkil etildi.
– O’zbekistonga kelishni ko’pdan orzu qilardim, – deydi rossiyalik musavvir Mixail Shixanov. – Safar jarayonida Samarqand, Buxoro, Toshkent, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarda, Qashqadaryo viloyatidagi so’lim va obod qishloqlarda bo’ldik. Yurtingizdagi tinch va osuda, farovon hayot, odamlar chehrasidagi ochiqlik, samimiyat, ularning mehmondo’stligi, mehnatsevarligi havasimizni keltirdi. O’z hayratimni «Sharq», «Samarqand», «Tog’larda» kabi turkum asarlarimda ifodalashga harakat qildim. Bu mo’tabar diyorga bo’lgan ehtiromim, olgan bir dunyo taassurotlarim umr bo’yi yuragimda saqlanib qoladi. Ushbu kartinalarni Rossiyada ham namoyish etish niyatimiz bor.
manba.uza.uz
|