Microsoft korporatsiyasi Internet Explorer
brauzeri ustida olib borayotgan ishlarni yakunladi va uni
foydalanuvchilarning e’tiboriga havola qildi. Brazuerning yangi
9-versiyasi eng so‘nggi veb-texnologiyalarni o‘zida jam qilgan bo‘lib,
uni Beauty of the Web saytidan yoki kompaniyaning rasmiy saytidan ko‘chirib olishingiz mumkin.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi brauzer yanada
tezkor, chiroyli va oldingi versiyalariga qaraganda ancha qulaydir.
Brauzerni ishlab chiqishda eng so‘nggi innovatsion texnologiyalardan,
xususan HTML5 tilidan foydalanilgan bo‘lib, bu Internet taraqqiyotida
o‘zgacha burilish yasaydi, deyiladi korporatsiya saytida.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, Internet Explorer 9 brauzerini
faqatgina Windows 7 yoki Vista operatsion tizimidan foydalanuvchilargina
ishlatishi mumkin xolos. Kompaniyaning ta’kidlashicha, yangi brauzerni
ko‘chirib olish uchun rasmiy saytga joylangandan so‘ng, bir soat ichida
40 milliondan ortiq foydalanuvchi uni ko‘chirib olgan.
Brauzerga kiritilgan eng asosiy yangiliklar: CSS3 va HTML5 tilini
qo‘llab-quvvatlash, grafikaning kuchaytirilishi hamda foydalanuvchilarni
reklama beruvchilarning ta’qibidan himoya qilish.
Facebook, Twitter va WordPress kabi mashhur ijtimoiy media saytlari,
eBay, Amazon va Groupon kabi elektron tijorat saytlari hamda Hulu, CNN
va DailyMotion kabi bir qator media-resurslar IE9 brauzerining yangi
funksiyalarini tasdiqlaganligini ma’lum qilishdi.
Internet Explorer 9 brauzerining interfeysi:
Ekspertlarning fikricha, yangi brauzer – Microsoft korporatsiyasining
Mozilla Firefox va Google Chrome kabi brauzerlar bilan kurashidagi
yangi qadamidir.
|