Dunyodagi eng yaxshi ko`rgan insonim bilan rosa yig`lashdik (hayron bo`layotgandirsiz-a?). Ha, men jonimdan ortiq sevgan insonim meni mendan-da kuchliroq sevadi, buni uning har nafasidan sezib turaman. Uning so`zlari meni yangidan hayotga keltiradi. Bitta telefondagi qo`ng`irog`imni qanchalik intiqlik ila kutishini, meni o`ylab yig`lashini, meni deb hatto tunlaridan bedor qolishini tasavvur ham qila olmaysiz. Men unga sovg`a qilgan arzimas narsani ham hammaga doston qiladi, uni men berganim bilan faxrlanadi, mening har bir muvaffaqiyatlarimdan boshi ko`kka yetadi.
Undagi muhabbatni so`z bilan ta’riflashning iloji bormikan? Mehr-muhabbatning bundan ortiq ko`rinishi bormikan? Men esa uni u ardoqlagandek ardoqlay olamanmi? Nega mensiz yashay olmasligini, haftada atigi bir martagina qiladigan qo`ng`irog`imni intizor kutishini nega his qilmayman? Yoki meni o`ylab yegani ichiga tushmayotganligi, mudom yig`lashini nega tushunmayman? Nega bir og`iz shirin so`zimni undan qizg`onaman?
Axir uning sha’niga tonnalab olqish yog`dirsa arziydi-ku! Yoki shundayin ishbilarmon bo`lib ketdimmi? Bahonani qarang: "Ishlar ko`payib ketib telefon qila olmadim”. U yoqdan javob keladi: "O`tgan haftadan beri telefonga zor termulaman. Har bir qong`iroqqa ilinj ila quloq tutaman, chorshanba kutdim, shanba kutdim… telefon ham ko‘zimga dunyodagi eng yomon maxluqdek ko`rinib ketdi”. Va nihoyat dushanba kuni telefon qilaman: go`shakdan uning dunyoda tengsiz ovozi eshitiladi. U yig`lar edi… Men ham yig`ladim…
Men sizni hammadan yaxshi ko`raman - ONAJON!!!!!!!
Davronbek Tojialiyev
|