Donishmandlardan biri shahzodaga ichida uch dona qo‘g‘irchoq bo‘lgan to‘plam sovg‘a qilibdi. Shahzoda donishmandga jahl bilan: "Men qiz bolamanmi, qo‘g‘irchoq sovg‘a qilasan”,-debdi. "Bu kelajak shohi uchun sovg‘a, - debdi donishmand, —diqqat bilan qarasang, har bir qo‘g‘irchoqning qulog‘ida teshigi bor”. "Xo‘sh, nima bo‘libdi”, debdi shahzoda. "Qo‘lingga ip olib shu teshiklardan o‘tkaz.” Shahzoda ipni bir qo‘g‘irchoqning qulog‘idan o‘tkazgan edi, ip uning ikkinchi qulog‘idan chiqdi. "Bu qo‘g‘irchoq bir xil toifadagi insonlarga o‘xshaydi. Ularga aytgan gaping bir qulog‘idan kirib ikkinchisidan chiqib ketadi. Hech narsaga e’tibor berishmaydi,” —dedi donishmand. Shahzoda ikkinchi qo‘g‘irchoqning qulog‘iga ipni kirgizgan edi, ip uning og‘zidan chiqdi. Shunda donishmand: "Bunday odamlar, eshitgan barcha gaplarini hammaga gapirishadi”,-dedi. Shahzoda uchinchi qo‘g‘irchoqni qulog‘iga ipni tiqqan edi, ip qaytib chiqmadi. "Bu uchinchi toifadagi odam, —dedi donishmand, —ular eshitgan gaplarini ichlariga yutishadi”. Shunda shahzoda: "Bulardan qaysi biri eng yaxshisi?”— deb so‘radi. Donishmand javob o‘rnida to‘rtinchi qo‘g‘irchoqni uzatibdi. U qo‘g‘irchoqning qulog‘iga ipni kirgizgan edi, ip ikkinchi quloqdan teshib chiqdi. Donishmand shahzodaga "Yana bir marta takrorla,”— dedi. Bu safar ip og‘zidan chiqdi. Uchinchi marta o‘tkazganda esa, ip qaytib chiqmadi. Donishmand: "Eng muhimi, bu toifadagi odamlar keraksiz narsalarni eshitishmaydi, zarur bo‘lganda sukut saqlay olishadi va o‘rni kelganda hamma narsani gapirishadi”-debdi. Mahmudjon YUSUFJANOV
|