Donishqishloq degan joy
Bordir bizning tomonda. O'sha qishloq ahlidek Dono xalq yo'q jahonda.
Jo'yak tortib tomiga Makka ekkan o'shalar. Kalishini perronga Yechib ketgan o'shalar.
Yuz qop ganchni bir yo'la Suvga qorgan u yerlik. Echkisini sartaroshga Olib borgan u yerlik.
Ko'rib minoralarni O'sha yerlik ulug'lar, Degan: «Bular teskari Turib qolgan quduqlar».
Tomdan boshlab uy qurmoq Bo'lib tikkan xavoza, Devori yo'q hovliga O'rnatgan ham darvoza;
Oyga chiqmoq yo'li bor, Juda oson degan ham, Temir yo'lni ko'tarsa, Tayyor narvon degan ham,
Mashinasi bor turib Minib yurgan xachirga, Xizmat qilgan «Volga»si Eshakka yem tashirga,
Pashshaga sopqon otgan, Qopqon qo'ygan chivinga, Almashtirgan sarrofdan O'tgan kunni indinga,
Oy nuriga xum tutib, Umid qilgan pishloqdan — Sohibxayol farishta O'sha Donishqishloqdan.
Donishqishloq qayerda? O'zimizning tomonda. O'sha qishloq xalqidek Dono xalq yo'q jahonda.
Aql ko'plik qilsa, bosh Yoriladi deb halak — Boshlariga donishlar Kiyib yurar chambarak.
Sodda demang ularni, Ular sodda bo'lmaydi. Kuldirsa ham sizlarni, O'zlari hech kulmaydi.
U mashhur Aldarko'sa, Kalko'saning qishlog'i. O'zimizning qahramon Matmusaning qishlog'i.
Kitob bo'lar ta'rifi, Yozsa ming bir sahifa. Donishlarning ishidan Tinglang uch-to'rt latifa...
Qalpoq oldi Matmusa, Qalpoq desa — qalpoqday. Uni kiyib Matmusa, Yigit bo'ldi chaqmoqday.
O'nta qo'yga arziydi, Yaraqlashi bir jahon. Bir qarasang — suvsardek, Bir qarasang — olmaxon.
Qalpoq emas — ertak u, Qalpoq emas — tilla toj! Qo'ying-chi restoranda Yuvmasa hech yo'q iloj.
Kirdilar, o'ltirdilar, Buyurdilar araqni. Dono Matmusa uchun Ichdilar bosh qadaxni.
Qalpoqqa teri bergan Suvsar uchun ichdilar. Shunday qalpoqni sotgan Ovsar uchun ichdilar.
Eslanmagan qishloqning Itigacha qolmadi. Maqtalmagan qalpoqning Ipigacha qolmadi.
Xo'p ichdilar o'ylamay Hisob-kitob qilmoqni. Oxirida pul yetmay, Topshirdilar qalpoqni.
Matmusavoy shahardan Lagan olib qaytardi, Yo'l-yo'lakay o'y surib, O'z-o'ziga aytardi:
Bu laganni ko'tarib Olib borsam qishloqqa, Xotin uni albatta Idish qilar pishloqqa.
Tiyib bo'lmas hech qachon Bola-chaqa deganni. Ular pishloq talashib Sindirishar laganni.
Shunda izlab chegachi Men notavon bechora, Qayta kelib shaharga Bo'ladirman ovora.
Mashoyixlar gapi bor Ish ko'zini bil, degan. Har yumushda ertaning Hisobini qil, degan.
Nima qilsam ekan deb, Bir dam o'yga toldi u. So'ng laganni sindirib, Chegalatib oldi u.
Shunday qilib, uyiga Qaytdi og'zi quloqda. Hamma uning aqliga Qoyil qoldi qishloqda.
Polvon edi Matmusa, To'rt fil kuchi jam edi. Qishloqda eng zo'r, ammo Aqli bir oz kam edi.
Matmusani shundan hech Ko'zga ilmas edilar. Qo'rqsalar ham undan, hech — Hurmat qilmas edilar.
Bir kun dedi Matmusa, Shunday kuchga egamen. Shuhratim yo'q el aro, Beobro'man nega men?
Ot ko'tardim tish bilan, Kuldi faqat odamlar. Arzimagan ish bilan Topdi hurmat odamlar.
Endi men ham kirishay, Hayron kilay hammani. Dono bo'lib bir o'zim, Nodon qilay hammani.
Bo'z ariqda ko'p zamon Bor eski bir charxpalak. Ko'ribdiki, bir tomon Aylanar u g'ildirak.
Balki ming yil narida Aylangandir shu yo'sin. Matmusaning davrida Yangilik bir ish bo'lsin.
Turdi bir oz o'y surib, Yurdi shaxdam ilgari. Charxpalakni sug'urib Shartta qo'ydi teskari.
Bu ijoddan el darak — Topdi saxar pallada. Jadal chopar charxpalak, Lekin suv yo'q dalada.
Uylar axli ulamo Tuzatmoqning yo'lini. Mag'rur turar Matmusa Belga qo'yib qo'lini.
Kim charxpalak kosasin Yalpoq qilish kerak, der, Kim kosaga osma sim Qopqoq qilish kerak, der.
Der idroki eng yuksak Qashib turib kallani: — Daryoni sal ko'tarsak. Sal tushirsak dalani...
— Yo'q, ish bitmas «sal» bilan! Qishlog'imiz erlari — Charxpalakni gal bilan Aylantirsin teskari.
— Yo'q, kuchimiz ojizroq, Qiynalmasin el joni. Teskariga oqizmoq To'g'ri bo'lar daryoni...
Emish, hamon qilar bahs O'sha qishloq erlari. Charxpalak-chi, suv bermas, Aylanarmish teskari.Matmusaga bir kuni
Xotini: «Hoy, er, — dedi. Hammada bor, menga ham Tandir qurib ber», dedi. Pishiq edi Matmusa,
Boshga qo'yib qo'lini, O'ylab topdi eng arzon Tandir qurmoq yo'lini. Dehqonchilik somon, jun,
Loy qorishni biladi. O'zi tayyor qolip-ku, Nega pul sarf qiladi? Loyni qordi, ishlatib —
Zang ketmonu paqirni. So'ng oftobga cho'k tushib, Bolalarni chaqirdi. Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar. Qorni, bo'yni aralash Loyshuvoqni yopdilar. Bundoq tandir bo'lmagan,
Yo'qdir hech bir kitobda. Tandirini Matmusa Quritadi oftobda. Qotgan sari tanda loy,
Har bir mo'yi jimirlar. Chig'anoq qurt singari Faqat boshi qimirlar. Ko'p qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi — chidadi. Tandir tayyor, endi mard Undan qandoq chiqadi? Pilla yorar kapalak,
Qil sug'rilar xamirdan. Lek Matmusa chiqolmas O'zi qurgan tandirdan. Yetar yetti qo'shniga
Uning nola-xonishi. Maslahatga yig'ilar Qishloq ahli donishi. Qim der: E vox, bechora,
Kim der: Ko'ring taqdirni. Baxs boshlandi — masala: Butun olmoq tandirni. Oxir dedi bosh hakam
Chimirgancha qoshini: — Bir chora bor: arralang Matmusaning boshini. Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo'lmay netayin, Bilmadinglar qadrimni, Hammang jinni, betayin. Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman. Boshim olib bu yerdan Biror yoqqa ketarman. O'zi tandir qurolmay,
Ko'nib oxir taqdirga, Shahar tomon yo'l oldi Matmusavoy tandirga. Tandir bozor qizigan,
U tushgacha aylandi. Va nixoyat bozorning Zo'r tandiri saylandi. Chertsa, uch kun jaranglar,
Bir umrga yetadi. Lekin uni qishloqqa Qanday olib ketadi? O'ylab ko'rsa, eshakka
Ortmoqning yo'q chorasi. Ortganda ham arqonlab Tortmoqning yo'q chorasi. Ahli bozor yig'ildi,
Qizib ketdi maslahat. Barchada bir shu tashvish, Hammada shu o'y faqat. Kengashildi, o'ylandi,
Mindirildi oxiri Eshagiga — Matmusa, Matmusaga — tandiri. U shod, bundoq tadbirni
Topmas eng zo'r topqir ham. O'zi yayov qolmadi, Zap o'rnashdi tandir xam. «Hayyo-hayt» deb yo'l oldi
Donishqishloq tomonga. Mana, tandir ichidan Qarab borar osmonga. Har qanchaki intilar
Matmusa yo'l ko'rolmas. Mening uyim qanda? — deb Odamlardan so'rolmas. Ketib borar tavakkal,
Ko'kka qarab «Tangrim! — der, Meni qilma sharmanda, Eshagimga aql ber». Bedapoya ko'rganda
Eshak sho'rlik netadi? Qishloq qolib Mag'ribda, Mashriq tomon ketadi. Kun botaru shom tushar,
Yulduz chiqar osmonga, Hamon borar Matmusa, Yetmas manzil-makonga. Deydilarki,to bu dam
Yo'lda emish Matmusa. Boshi ham yo'q, cheki yo'q Cho'lda emish Matmusa. Ayo do'stlar, adashgan
Bir mo'mindan kulmaylik. Matmusadek o'zimiz Tandir kiygan bo'lmaylik! Safar qildi Matmusa
Olisdagi shaharga. Ul shaharda yo'liqdi Bir hur pari-paykarga. Bo'ydoq edi Matmusa,
Uzoq turmay o'ylanib, Qishlog'iga qaytdi u Ul sanamga uylanib. Xech gap emas baxt kelsa,
Aytar omad deb buni: Uch oy o'tmay jononning Yaqinlashdi oy-kuni. Hamma hayron, hamma lol:
«Biz bir yilcha kutardik, Matmusaning xotini Chiqib qoldi udarnik». Ne ekan deb, shoshilib
Zarbdorlikning bu siri, Chopib keldi suhbatga Donishgazet muxbiri. «Biz ham chetda emasmiz,
Biz ham sherik mehnatga», - Deb Matmusa tirjayib, Qo'shiladi suratga. Ertasiga bu xabar
Tarqab ketdi har yokda. Sarlavha ham chiroylik: «Ilg'or o'rnak — qishloqqa». Xat ёg'ilar erlardan:
«Tashabbusni qo'llaymiz! Xotinlarni tajriba Almashishga yo'llaymiz!» Alvon-alvon shiorlar
Paydo bo'lar har joyda: «Yangilikka — katta yo'l!» «To'qqiz oyni — uch oyda!» Hay'atlarda kekkayib
Yayrab yurar Matmusa. Biz undoq, biz bundoq deb Sayrab yurar Matmusa Alqissa shu — ba'zida
Shunday bo'lib qoladi — Birov qilib mehnatni, Birov obro' oladi. Oppoq ko'ylak, yangi shim
Kiyib olib bayram kun, Uyga qaytar Matmusa Shirin bo'lib kechqurun. Qaytar zavqqa qo'shib zavq,
Ham kuch qo'shib kuchiga. Bir payt ko'rsa, allakim Simyog'ochning uchiga — Qog'oz osib qo'yibdi,
Ikki qator yozib xat. O'qimoqqa Matmusa Harchand qilar harakat — U tomondan qaraydi,
Qaraydi bu tomondan. Bilmay ketsa ne xat bu, Chiqa olmas armondan. Qiziquvchan ishtiyoq
Unga tinchlik bermasdi. Ko'ylakni ham ayamay Simyog'ochga tirmashdi. Chiqdi, ko'rdi, o'qidi,
Kim aqldan ozibdi? «Ehtiyot bo'l, simyog'och –- Bo'yalgan», deb yozibdi. O'qidiyu tanidan
Chiqib ketdi muzdek ter, Uyga kelib daftarga Yozib qo'ydi to'rt yo'l she'r: «Ey, odamlar, bilishdan
O'zingizni tiymanglar. Qiziquvchan bo'lsangiz, Yangi ko'ylak kiymanglar!» Ko'chma muzey kelibdi
Bizning Donishqishloqqa. Eshitdiyu Matmusa, Shoshib qoldi u ёqqa. Ko'rdi borib mo'ylovdor
Qilich taqqan zotlarni. U zotlaring ostida Gijinglagan otlarni. Ayniqsa, deng, ayollar,
Qarab-qarab oldi u. Boqib ba'zi suratga, Surat bo'lib qoldi u. Biri biridan qiziq,
Bir-biridan zo'r, ammo Abstrakt san'atga Tushunmadi mutlaqo. Dedi: shu suratga ham
Pul to'lashar, hoynahoy. Demak, rassom ishi zo'r, Demak, rassom juda boy. Dedi: san'at kim uchun?
San'at hamma uchunmi? Men ham endi bu ishda Sinab ko'ray kuchimni. Qat'iyatli Matmusa,
U orziga so'z oldi. Uyga kelib sandiqdan Paytavalik bo'z oldi. Tog'oraga rang qordi,
Bo'lsin uchun sozgina, Qo'shdi tarnov suvidan, Qo'y qiyidan ozgina. Qo'lcho'pni siz so'ramang,
Topqirlikdan kamoli — Guldek mo'yqalam bo'ldi Echkisining soqoli. Toldan ёg'och kesdiyu
Chorcho'pni ham bopladi. So'ng u turfa matoga Turfa rangni chapladi. Qarabsizki, rasm taxt,
Shartta qo'yib imzoni, Olib keldi muzeyga, Lol qilgani dunyoni. Ko'rinarli joy topib,
Osdi uni devorga. Allaqanday «izm» deb Yozib qo'ygan qatorga. Ertasiga keldilar
Mutaxassis xodimlar. Ya'ni, o'sha «izm»ning Piri bo'lgan olimlar. Qaradilar, ko'rdilar,
Hech tish o'tmas anglarga. Kim der: Ko'ring uslubni. Kim der: Qarang ranglarga. Bu G'arbdagi zo'r usul
Antirasm, der birov. Primitivizmda Yangi oqim, der birov. Xullas, ko'chma muzeydan
Bu surat xam joy oldi. Matmusaga pul chiqib Bitta saman toy oldi. Ey, yoronlar, borsangiz
London, Parij, Rumoga, Muzeylarda bir qarang O'sha tanish imzoga. Jilva qilib o'zgacha,
Bo'y taratib turibdi. Matmusa chizgan surat Dunyo kezib yuribdi. Matmusa qo'y sotgani
Shaharga kelib qoldi. Qaytishda bitta qo'yning Puliga dutor oldi. Uyga kelgach, yo'lakka
Bog'ladiyu otini, Zavqi sig'may yurakka, Chaqirdi u xotinni. Mana, xotin, ko'rib qo'y,
Manovni dutor deydi. Manov bog'ichni parda, Manov ipni tor deydi. Manov quloq, bu xarrak,
Ya'ni, eshak boladir. Shaharlik uni bunday, Bunday qilib chaladir. «Munojot» deb otini,
Matmusa kuy chalibdi. Quloq solib xotini, Rosa qoyil qolibdi. Depti:
Rahmat, shaharlik— Yaxshi cholg'u beribdi. Faqat bitta narsaga Aqlim yetmay turibdi.
Bir mahal bobomda ham Shunday cholg'u bor edi. Esimdan adashmasam, O'sha ham dutor edi.
Lekin u chalmay turib, Qulog'ini burardi. Barmog'i ham manov ip Ustida yugurardi.
Sen bo'lsang, bitta yerni Tutgancha qolaverding. Bir xil ting'ir-ting'irni Qo'ymasdan chalaverding.
Jahli chiqib Matmusa, Xotinini so'kibdi. Ketgan qo'yi uchun ham Alamini to'kibdi:
«Ey, xotin, sen eringga Nodon gapni deb qo'yding. Nima bo'ldi? YO qarib Es-hushingni yeb qo'yding?
Bobong qo'li dutorda Yugursa, yugurgandir. Sho'rlik kerak pardani Topolmay qidirgandir.
Endi men chalganimda Og'zingni yum, jim, depti. Bobong parda qidirgan, Men uni topdim, depti.
Matmusa shunday qilib, Ko'kragini keribdi. Erini dono bilib Xotin ham tan beribdi.
Alqissa shu: Mashshoqlar — Qidirishni tashlasin. Kerak pardani topgan Matmusalar yashasin!
Beish qoldi Matmusa, Endi ne qiluv kerak? Bir tovuqqa albatta, Ham donu ham suv kerak.
Bekor qolsang yostiq ham, Yonboshingga botadi. televizorga tokay Termilgancha yotadi?
Oinai jahonda Kuylamagan og'iz yo'q. O'ylab ko'rsa o'zidan O'tadigan hofiz yo'q.
O'yladi, avval boshni, So'ng yonboshni qashladi. To'rtta odam yig'ilsa Qo'shiq aytaboshladi.
Eshitarmi odamlar, Eshitmasmi, ishi yo'q?! «Bog' aro»ni ko'tarar, Bas, deydigan kishi yo'q.
O'zi bo'lar mahliyo O'zi aytgan kuylarga. Taklif bo'lsa, bo'lmasa Boraverar to'ylarga.
Matmusa kelgan yerdan Qochar bo'ldi odamlar, Tunlar quloqqa yostiq Bosar bo'ldi odamlar.
Oqsoqollar dedilar: Bir ilojni o'ylaylik. Matmusani qishloqqa To'ra qilib qo'yaylik.
Bo'lsa katta amaldor, Kursisi baland bo'lsa: Majlis, qabul, nutq, safar Xullas doim band bo'lsa.
Balki qo'shiq aytishga Vaqti qolmas, ulgurmas. Amalidan uyalib Hofizlikni ep ko'rmas...
Kelishdilar, Matmusa Endi qishloq to'rasi. Ko'payib qoldi, ko'ring, Qadrdoni, jo'rasi.
U kursida o'ltirar, Qo'lni qo'yib beliga. Yana ham qiyin bo'ldi Donishqishloq eliga.
Kimki biror ish bilan Huzuriga kiradi — Matmusa arz eshitmas, Qo'shiq aytib beradi.
Chidab sukut saqlagan Marhamatga esh bo'lur. Qo'shig'ini maqtagan Albat ishi besh bo'lur.
Oqibat Matmusaning Kasali battar bo'ldi. Sahar boshlab ashula Kechgacha aytar bo'ldi.
Oqshomlari guzarda Avjni olib turadi. Eshitsang-ku xo'bu xo'b, Eshitmasang — uradi.
To'ra bo'lgach, boshqa xil Ovozlarni yo'kotdi. Meni kulgi qildi, deb Xo'rozlarni yo'qotdi.
Donishqishlosda endi Boshqa biror qo'shiq yo'q. Birgina Matmusaning Qo'shig'iga to'siq yo'q.
Odamlar ijirg'annb, O'qchib quloq soldilar. Iloj qancha, oxiri O'rganib ham qoldilar.
Hatto qo'msab, noyob deb, So'ylar bo'ldi xaloyiq. Matmusaga o'xshatib Kuylar bo'ldi xaloyiq.
Qarsak, olqish, madhiya Avjga chiqib basma-bas, Xalq dedi: bizga endi Boshqa qo'shiq kerakmas.
Hammamiz bu qo'shiqning Fidoyisi bo'larmiz. Uni aytib yashadik, Uni aytib o'larmiz.
Alqissa, bulbuli yo'q, Xo'rozi yo'q ul ma'vo — Donishqishloqda xamon Yangrar yolg'iz bir navo.
Savdo qilib Matmusa Qaytar ekan yo'liga Tushib qoldi shaharlik O'g'rilarning qo'liga.
Yechintirdilar avval So'ng do'pposlab urdilar O'chsin deya ovozi Karnay chalib turdilar.
Shu-shu ko'p yil Matmusa Bu shaharga qaytmadi Ichga yutdi alamin Hech kimsaga aytmadi.
Aytsa nima, el faqat Kulgi qilar ermaklab, Qariganda nihoyat Nabirasin yetaklab.
Matmusa yana o'sha Shahar sari yo'l oldi Bu safar katta to'yning Ustidan chiqib qoldi.
G'at-g'at karnay, nog'ora Takatumni urardi Matmusadan nabira Bu nima, deb so'rardi.
Bobo aytar: bu ishni Mendan so'rma, bolajon, Bir sho'rlikni hoynahoy Qilmoqdalar chalajon.
Do'stlar kulmang, bu hikmat Matmusadan qariroq, Nog'orayu karnakdan Yuring doim nariroq.
Mehmon juda azizdir Donishqishloq tomonda Derlar, mayli biz o'lsak Mehmon bo'lsin omonda.
Mana, shaharlik mehmon Qishloq kezib yuribdi. Unga go'zal tabiat Ma'qul bo'lib turibdi.
Ayniqsa to'palon soy Mehmonga ёqib ketdi, Ox-oh deb suvga tushdi, Tushdi-yu oqib ketdi.
Goh cho'kar, goh ko'rinar, Dod solar: «Qutqaringiz», «Spasite», «dast bideh», «O may frend, SOS, pliz».
Ispancha, portugalcha, Lotincha qichqiradi Belni ushlab Matmusa Hayron bo'lib turadi.
«Shuncha tilda dodlashni O'rganish havasmidi, Undan ko'ra suzishni O'rgansang bo'lmasmidi».
O'lar holga yetganda Suv kirib tomog'idan Mehmonni olib chiqdi Ushlab bo'yin bog'idan.
«Shaharlik shaharlikda» Der Matmusa ko'nglida, Kerakli arqonini Olib yurar bo'ynida.
Qirg'oqqa chiqdi shoshmay So'ng aqlini yuritib Arqonidan daraxtga Osib qo'ydi quritib.
Matmusaning eshagi aynib qoldi daf'atan Yaqinlaship bo'lmaydi na orttan na orqadan QO'sh-qavat arqonni ham uzar bo'ldi haromi Xangraganda olamni buzar bo'ldi xaromi
Yaqinlashib bo'lmaydi, koptok qilib otadi Bo'ldi, endi Matmusa eshagini sotadi. Lekin qadimdan qolgan bozordagi qoida Nima sotsang aybini aytish kerak joyida
Hech kimsa Matmusadek qiyin xolga qolmaydi Bachchag'arni aybini aytsang birov olmaydi Aytmasang, yana gunoh, Matmusa ko'p o'yladi O'ylab - o'ylab bozorda shunday deya so'yladi
Eshagim bor xaloyiq, o'ta yuvosh jonivor O'zi eshak bo'lsa ham to'rtta otning kuchi bor Eshagim chaqqon eshak, ko'p xushnafas eshagim Lekin bitta aybi bor: odam emas eshagim Bozor axli kulardi: "shunaqa ham bo'larmi?" "Eshak axir eshakda, eshak odam bo'larmi" "Boshqa aybi bo'lmasa bunday jonvor qayda bor" Eshakni olib ketti arzonga bir xaridor
Qutuldim dep azobdan xursand bo'ldi matmusa Pulni cho'ntakka solib uyga qaytti Matmusa Qaytdi-yu, qoldi xayron: axvol o'sha kechagi, Og'ilda bog'liq turar pishqirgancha eshagi
Aftodaxol xaridor yig'lab turar qoshida Qo'li, oyog'i bog'liq, to'rtta g'urra boshida. Matmusaga der: "Inson, iymoningdan qayttingmi?!" -Eshak sotting, "tepadi", "tishlaydi" dep aytingmi.
Eshak emas ajdarku bu maxluqing, meni yer. Mening boshqa gapim yo'q, eshakni ol, pulni ber. Matmusa der "men senga bu eshakni sotganman" -Xush yor bo'l dep tayinlab, odammas deb aytganman
Do'stlar siz ham Matmusa hikmatin unutmanglar Eshaklardan hech qachon odamiylik kutmanglar
Bir kun do'stim Matmusa chuqur o'yga tolibdi, Barcha dono fikrini bir mezonga solibdi. "Xozir men ham biznesmen, omad quvgan bolaman. Ish joyimda maoshni juda katta olaman.
Yana buning ustiga oylik oshgan o'tgan oy, Xammasini bir olsam, qay cho'ntakka solaman?
Men xam endi boyvachcha bolalardek bo'layin, "ASAKA BANK" plastik so'm kartasin olayin.
Uch foizdan har oyda foyda zarar qilmaydi, Eng muhimi, xotinim pul olganim bilmaydi!
Bir million bo'lsa ham cho'ntakka joy bo'ladi Agar naqd pul bo'lsa bormi, somon qopga to'ladi.
Buni kazo kazolar "Avtoritet" deyishar Matmusaning kimligin ana shunda bilishar". Shu xayolda Matmusa "so'm kartochka" olibdi, Barcha oylik maoshin shu xisobga solibdi. Pul ko'payib xisobda yurar og'zi quloqda. Biroq, tinglang, xangomaning eng qizig'i bu yoqda: Endi do'stim Matmusa choyxonaga bormaydi, Sababi choyxonada "so'm kartochka" olmaydi.
Bankomatda naqd pul yo'q, kassir bola avraydi, Uyga borsa xotini pul bering deb javraydi.
Ichmay qo'ydi aroq ham, nos xumori qilmaydi, Axir oddiy nosfurush terminalni bilmaydi.
Kartochkada mablag'i kundan kunga oshadi, Lek qarzdor xammadan, sabr kosa toshadi.
Xullas do'stim Matmusa pul topolmay netadi? Tashlab bola chaqani Toshkent tomon ketadi! Shunday qilib Matmusa boy bo'libdi nixoyat, Aytib bersam yo'lini, bo'lar yangi xikoyat.
|