Bugun O’zbekistonda Markaziy Osiyo mintaqasining eng tezyurar poyezdi o’zida birinchi yo’lovchilarni tashidi. Poyezd poytaxt Toshkentni mamlakatning ikkinchi eng katta shahri Samarqand bilan bog’laydi.
Ispaniyaning "Talgo” kompaniyasi tomonidan bunyod etilgan tezyurar poyezd ikki soatu 10 daqiqa ichida 344 km.li masofani 254 km/soat tezlikda bosib o’tadi. Ushbu poyezd 2009-yili Ispaniya va O’zbekiston o’rtasida tuzilgan 54 mln. dollarlik shartnoma asosida shu yilning 22-iyul kuni O’zbekistonga keltirilgan edi. Ana shunday ikkinchi tezyurar poyezdning keyingi oyda kelishi kutilmoqda.
Toshkent va Samarqand o’rtasidagi tezyurar poyezd qatnovi sentabr boshida yo’lga qo’yiladi. Samarqandning qadimiy "Afrosiyob” nomi bilan atalgan qatnov yo’li shaharda turizm biznesini yanada rivojlantirishi kutilmoqda.
Sakkiz vagondan iborat poyezddagi "VIP” kupelarda bir tomon uchun bilet narxi $46. Bu narxdagi xonalarda teridan qilingan katta o’tirg’ichlar bo’lib, yo’lovchilarga salqin ichimliklar, issiq ovqat hamda o’zbek vinosi va konyagi tortiq qilinadi.
O’zbekiston Sovet davridan qolgan eski temir yo’llarini yangilash uchun $116.8 mln. sarflagan. Osiyo Taraqqiyot Banki yordamida bunday tezyurar poyezd qatnovini Buxoro shahri uchun ham tashkil etish ko’zlanmoqda.
Rasmiylar, diplomatlar hamda Samarqanddagi "Sharq taronalari” festivaliga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar poyezd birinchi qatnovining ilk yo’lovchilari bo’ldilar.
"AQSh dunyoda eng birinchi temiryo’l ochgan davlatlardan biri hisoblanadi. Lekin bizda hali ham tezyurar poyezd yo’q”, deydi poyezd yo’lovchilaridan biri, AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krol.