Internetda mikrobloglar yuritish uchun mo‘ljallangan mashhur "Twitter” servisiga o‘xshash yana bir sayt – "Futubra.com” ishga tushdi. Ushbu loyiha Rossiyaning "Mail.Ru Group” korporatsiyasiga tegishli bo‘lib, kompaniya shu bilan "MoyMir” va "Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlaridan keyingi o‘zining uchinchi ijtimoiy tarmog‘ini ham ishga tushirdi.
Hozirda "Futubra”ning faqatgina veb-versiyasi mavjud bo‘lib, u rasmiy ravishda bugundan ishlashni boshladi. Tez kunlarda servisning Android, iOS, Symbian va "Windows Phone 7” mobil platformalari uchun mo‘ljallangan ilova-dasturi ham ishlab chiqiladi.
"Futubra” foydalanuvchilari o‘z mikrobloglariga xabar qo‘yishlari, rasm yoki video joylashlari mumkin. Bundan tashqari, biror narsani chop qilishdan avval unga mos uch xil holatdan birini ham tanlash mumkin: "Iqtibos” ("Цитата”), "Voqea-hodisa” ("Событие”, geolokatsion belgi bilan) va "Zerikarli” ("Скучно”).
Barchangizga ma’lumki "Twitter” servisida har bir xabarning uzunligi 140 belgidan oshmasligi lozim, biroq "Futubra” bu borada 200 ta belgilik chegarani o‘rnatgan. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir xabarning o‘zgarmas manzili ham mavjud bo‘lib, unga kirib foydalanuvchilar o‘z fikr va mulohazalarini qoldirishi mumkin. Jumladan, sharh yozganda rasm va videolardan ham foydalanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda dunyodagi eng mashhur mikrobloglar servisi "Twitter” sanaladi, chunki Internetdagi bu sohani aynan shu sayt boshlab berdi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirda uning foydalanuvchilari soni 400 million kishiga yetgan.
Mavzuga oid: Futubra, Mail.Ru Group, mikroblog, Twitter
URL: http://infoman.uz/2012/01/mail-ru-futubra/
|