Futbol bo‘yicha Argentina milliy terma jamoasi va Kataloniyaning “Barselona” klubi hujumchisi Lionel Messi 2015-yil yakunlariga jahonning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi. Bu haqda Shveysariyaning Syurix shahrida tashkil etilgan “Oltin to‘p” taqdimotida ma’lum qilindi.FIFA matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, milliy terma jamoalarning murabbiylari, sardorlari va matbuot kotiblari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, Lionel Messi 41,33 foiz, Madridning “Real” klubi hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu 27,76 foiz, Messining klubdoshi, braziliyalik Neymar esa 7,86 foiz ovoz to‘pladi.Lionel Messi bungacha 2009, 2010, 2011 va 2012-yillarda “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritgan edi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha u o‘z peshqadamligini yanada mustahkamladi. Krishtianu Ronaldu, shuningdek, o‘tmish yulduzlari — Marko van Basten, Mishel Platini va Yohan Kroyff kabi futbolchilar uch martadan “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha AQSh ayollar terma jamoasi sardori Karli Lloyd yilning eng yaxshi ayol futbolchisi deb topildi. Qayd etish joiz, 2015 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan mazkur terma jamoa bosh murabbiyi Jill Ellis yilning eng yaxshi ayol murabbiyi deb topilgan edi.
“Barselona” bilan 2015-yil davomida beshta sovrinni qo‘lga kiritgan Luis Enrike “Yil murabbiyi”ga aylangan bo‘lsa, braziliyalik Uendell Lira tomonidan kiritilgan to‘p “Yil goli” deya tan olindi. Shuningdek, 11-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Oltin to‘p” taqdimotida 2015-yilning ramziy terma jamoasi va Fair Play mukofoti egasi nomi ham ma’lum qilindi.
|