Xudoga solmasman sizni, azizim, Yog’dirib tashlamam malomatlarni. Axir hayotingiz har lahzasida Boshdan kechiryapsiz qiyomatlarni.
Kulfat sog’inmasman sizga hech qachon, Umidim ko’z yoshmas, umidim g’ammas. Axir qahqahangiz kadarim qadar, Axir quvonchingiz g’amimdan kammas.
Zimdan tuzoq qo’ymam omadingizga, Siqilib poylamam yo’llaringizni. «Baxt», deb topganingiz, baxtsizlik axir, Men emas, dard tutgan qo’llaringizni.
Qarg’ab o’tirmayman, qayta va qayta, Hijron tilamasman, jonimni koyib. Mard ishimas chetdan tig’ sanchmoq axir, Sizning hayotingiz butun ayriliq.
Zarra yomonlikni ko’rmasman ravo, Ko’nglimda siz tomon yo’q bir kudurat. Sizsiz hayotim bir bo’shliqdir, ammo Mensiz umringizga achingum faqat…
Kulfat sog’inmasman sizga, azizim…
|