Germaniyada dunyoda birinchi marta ko‘z nurini tiklash uchun implantatsiya qilish jarayoni yakunlandi. Ayni paytgacha oltita talabgorga implantant o‘rnatilgan, deb ma’lumot beradi GFR ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vazirligi matbuot xizmati.
Vazirlik bayonotida keltirilishicha, dunyo bo‘yicha 10 mln., shu jumladan, Germaniyada 10 ming nafar inson fanda “Retinis pigmentosa” deb ataluvchi — ko‘z shilliq pardasida o‘simta o‘sishidan aziyat chekadi. O‘simta to‘xtovsiz o‘sishi tufayli alaloqibat inson umuman ko‘rmay qoladi. Biroq, shilliq pardada bir qism nerv to‘qimalari saqlanib qoladi va nemis olimlari aynan ana shu to‘qimalarga protez o‘rnatib, ko‘z nurini qayta tiklashga erishdilar. Protez mikrosxemalardan tashkil topgan. Loyiha mualliflari uni EPIRET3 deb atashdi. Ushbu protez boshqa har qanday mikrochiplardan farqli o‘laroq, tashqi quvvatga muhtoj emas. Boshqacha qilib aytganda, uni linzadek kunda bir marta maxsus suyuqlikka solib qo‘yish yoki unga kabel ulab, quvvatlantirish shart emas.
Yangi tajribani o‘zlarida sinab ko‘rayotgan olti nafar bemor bir necha yil davomida dunyoni ko‘rish imkoniyatidan mahrum holda yashagan ko‘zi ojizlar edi. Mikroprotez yordamida endilikda ular atrofni optik shaklda, ya’ni ranglarning texnik taqsimlanishi holida (tabiiy ko‘z ranglarni 18 mingga bo‘lib ko‘radi, optik texnikalar esa 44 turga taqsimlaydi) ko‘rmoqdalar.
Loyiha kelajakda takomillashtirilishi, yanada ixchamlashtirilishi, og‘riqsiz o‘rnatilishi va quvvatini yanada uzoqroq saqlashini ta’minlash maqsadida tajribalar davom etmoqda.
|