Статистика |
XOZIR SAYTDA 4 MEXMON 4 FOYDALANUVCHI 0 |
|
| | |
| Главная » 2009 » Сентябрь » 12 » KO'KKA UCHGAN FARISHTA
18:37 KO'KKA UCHGAN FARISHTA |
Solihani erga berishdi. Ammo birov undan: “Sen rozimisan o’zi?” — deb so’ramadi ham. Chunki oilada tartib shunday. Bolalarining taqdirini dadasi hal qiladi. Uning gapi — gap, qarori — qonun. Oiladagilarning barchasi bunga ko’nikib ketishgan. Hatto Solihaning ikkita akasiga ham kelinni dadasi topgan. O’zi tanlab, yetti pushtini so’rab-surishtirib degandek. Solihaga kuyov tanlashda ham xuddi shunday bo’ldi. Kelgan sovchilarga dadasi: “O’ylab, kengashib ko’raylik-chi”, deydi-yu, zimdan kuyov bo’lmishning avra-astarini ag’darib surishtirishga tushadi. Hammada ham do’st-dushman bor. Birov unday deydi, birov bunday. Dadasi hammasini eshitib, mulohaza qilib, taroziga solib ko’radi. Ma’qul kelsa, oxirida kuyov bo’lmish bilan bir suhbat qurib ko’rish niyati borligini aytadi. Ma’qul kelmasa, to’nini teskari kiygancha: “Qaytib ostonamga oyoq bosmasin!” — deya xotini orqali sovchilarning javobini berib yuboradi. Onasi esa erining qilig’idan kuyib-pishib, uning gaplarini ancha silab-siypalab, randalab-tekislab sovchilarga yetkazadi. Tushungani o’zicha xulosa chiqarib etagini yopib ketadi, tushunmagani qayta-qayta kelaverib, er-xotinni jonidan bezor qilib yuborishadi. Shunday kezlari ayasining fig’oni falakka chiqadi. — Dadasi, bozor qilmay birortasiga bering-qo’ying-da. O’lar bo’lsam o’lib bo’ldim-ku, axir. Qiz faqat sizda bormi?! — deydi jig’ibiyron bo’lib. Dadasi parvo qilmaydi. — Ishing bo’lmasin. O’zim bilaman, — deydi bamaylixotir. Soliha ularning gaplarini jimgina eshitadi. Dadasi bilan onasiga qarshi bir so’z demaydi. Bolaligidan shunga odatlangan. Uning qanday kiyinishi, kim bilan do’st tutinishi va hatto qaysi o’qishga borish-bormasligini ham ota-onasi hal qiladi. U ota-onasi uchun jonsiz bir buyumdek go’yo. Xohlasa bu burchakka qo’yishadi, xohlasa u. Maktabni tugatib kap-katta qiz bo’ldi hamki, ich kiyimigacha onasi olib beradi. U esa ostona hatlab ko’chaga chiqmaydi ham. To’g’rirog’i, chiqarishmaydi. Go’yo, onasi Solihani uy yumushlari uchun tuqqandek. Ro’zg’orning barcha yugur-yugurlari uning zimmasida. Kir-chir, osh-ovqat, supur-sidir, xullas, uning qo’lidan supurgi bilan chang latta tushmaydi. Hatto sirlashadigan birorta dugonasi yo’q. Kim ham ota-onasining chizgan chizig’idan chiqmaydigan bunday qiz bilan do’stlashardi deysiz? Fe’li ham xuddi boladek. Sevgi-muhabbat haqida gapirish tugul, hatto o’ylashni ham gunoh deb biladi. Onasi shunga o’rgatgan. Qiz uchun orzu-havasni ham onasi qiladigandek go’yo. Bir kuni sal nariroqdagi ko’chada turadigan tanish bir ayol uylariga keldi-yu, hayratdan yoqa ushlab qoldi. — Voy, Karimaxon, sizning qizingiz ham bormi?! Men faqat ikkita o’g’lingiz bor deb yurarkanman. Qaerda asragansiz buni? — Etagimning tagida, — deya onasi qotib-qotib kulgandi o’shanda. Yon qo’shnilari esa: “Haqiqiy soliha qiz”, deya maqtashadi uni. Zimdan ko’z ostiga olganlari ham bor edi. Ammo dadasi ularning birortasiga ro’yxushlik bermadi. Unisini o’poq, bunisini so’poq, deya og’izlaridagini yoqasiga yopishtirdi. Uning nazdida yolg’iz qizining tengi yo’qdek edi go’yo. Bu galgi sovchilarga esa tezda rozi bo’ldi. — Nechuk? — dedi onasi hayron bo’lib. — Orzuingizdagi kuyovni arshi a’lodan jo’natishibdimi?!
BioHzarD
|
Категория: SEVGI |
Просмотров: 968 |
Добавил: BioHazarD
| Рейтинг: 0.0/0 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
| |
|
|