Muxlislarimizning talablariga binoan yana "Kinoreyd” sahifasini davom ettirishga qaror qildik. Zero, kino olamining eng so’nggi xabarlari hamda eng haqqoniy fikrlar aynan ushbu sahifada aks etadi. Kinoreydimizning ilk filmi rejissyor Akbar Bekturdiyevning "Hur qiz” filmi bo’ldi. O’tgan yili "Xavfli sarguzasht” filmini suratga olib, taqdim etolmagan rejissyor bu yilni ham shunchaki o’tkazmoqchi emasligini yilning ilk oyidanoq bildirib qo’ydi. Xullas, "Hur qiz” filmi haqida...
"Hur qiz” (rejissyor Akbar Bekturdiyev)
3 yutuq
· Birinchi bo’lib sevimli aktyorimiz Karim Mirhodiyevning shu filmga jalb etilgani va uning ijrosi tomoshabinni larzaga soladigan darajada ekanligi. Bu bilan ham aktyorimiz va rejissyorga tashakkur aytish lozim. Karim Mirhodiyev haqiqatdan nimalarga qodirligini ko’rsatib qo’ygan. Nazarimda katta yoshli aktyorlarimizga e’tibor qilmay bekor qilayotganimiz shu o’rinda seziladi. Ayniqsa, aktyorning qahramon qiz jasadi ustida kirishgan obrazi tinimsiz olqishlar bilan kutib olinadigan darajada.
· Ikkinchidan film ssenariysining sevgi-muhabbat va maishiy mavzulardan yiroqligi. Qizini yo’qotgan otaning dardi, uning holati har qanday tomoshabinni ham ekranga "mixlab” qo’yadi. Film juda ta’sirli chiqqan. Buni tomoshabinlarning ko’zlarida yosh bilan ko’rganligidan ham bilsa bo’ladi.
· Uchinchi tomondan film kadrlarining originalligi. Qolaversa, qahramonlarning so’zlari juda ta’sirli chiqqan. Qizining dugonasi bilan gaplashayotgan otaning "Sevgiga yetish uchun undan qochish emas, kurashish kerak”, jinoyat qidiruv bo’limi boshlig’ining "Bizning ishda hissiyot emas, balki aniq asoslar bilan ish ko’riladi”, mafiya boshlig’ining "biz uni sizga topib berdik, siz uni o’ldirasiz. Keyin esa sizni qamashadi. Bu holat esa mening gardanimga tushadi” qabilidagi so’zlari har bir voqeani tomoshabinga yetarlicha tushunarli tarzda ifodalagan.
3 kamchilik
· Qizi uyiga kelmagan otaning erta tongda qizini qidirib uyidan chiqqanida darvoza ortida turgan mashinasining oynalarigacha ochiq, holda, kaliti ham o’zi bilan turganligi. Axir tuni bilan ko’chada qolgan mashina qayerda bo’lmasin albatta qulflanadi. Bu holat film davomida yana bir necha bor takrorlanadi.
· Unashtiruv fotihasi bo’lishi lozim bo’lgan qiz chorshanba kuni kechki payt uyiga otlanadi, otasi uni juma kuni ertalab qidirib keladi. O’sha kuni topilmaydi, ertasi kuni ya’ni shanba kuni ertalabki 10 larda qizning jasadi istirohat bog’idan topiladi. Shu kunlarda qizning qayerda bo’lganligi film yakunigacha ochilmay qolgan. Agar u o’sha kuni o’ldirilgan bo’lsa ham bog’dagi jasadni bir necha daqiqada odamlar ko’rishlari va militsiyaga xabar qilishlari aniq.
· Jabrdiyda ota qizini sevgan yigitning uyiga eshikni ochgan odamni kaltaklab kiradi, shovqin va ur-yiqit vahimasini eshitib uydagi ayolning indamay salom berishi ham biroz erish tuyuladi. Axir uyiga bostirib kirgan odamni ko’rgan har qanday ayol eri yonida bo’lgan taqdirda ham biroz vahimaga tushishi ayon-ku.
Ma’lumot: "Hur qiz” filmining premerasi 14 yanvar kuni "Alisher Navoiy” kinosaroyida bo’lib o’tdi. Asosiy rollarni Karim Mirhodiyev, Yulduz Hamidova, Otabek Musayev, Akbarxo’ja Rasulov, Bosit Rahmatov, Ulug’bek Qodirovlar ijro etishgan.
|