Boshlovchi:
Assalomu alaykum aziz teletomoshabinlar… e, uzr… radiotinglovchilar,
mana yana siz bilan mana shu dargohda… tois… radioto`lqinlar orqali
diydorlashib turganimizdan baxtiyormiz. Yana… uf… eshittirishimizning
oti nimaydi.. ob-u havo… yo`q… kayf-u safo… buyammas, narx va navo,
yo`g`-e, "nazm” va "navo” eshittirishini tinglayapsiz. Siz bilan
efirda bulbuldek betinim bidirlovchi boshlovchingiz – Uch dablyu Nuqta
BiBieS Nuqta Bek. Bugungi mehmonimiz sevimli xonandamiz pop, rep, jaz
va gaz yulduzi, qizlarimiz erkasi, qo`shiqchilarimizning serkasi,
san`atimizning ertasi… o, qofiyalarni qarang, quyilib kelishini…
Xullas, O`zbekistondagi ko`plab to`ylarda xizmat ko`rsatgan yosh artist
Kayf Ali Xonni taklif etganmiz. Marhamat, kutib oling. Shoshmang, undan
avval reklamani dodaxo`jasidan tinglaysiz.
Reklama: Bitta mulla, uch so`m pul, bir kalla qand va Bekorchi efem kanalida reklama. (muzika)
"Kechalari tez-tez ko`rpani ho`llab qo`yasizmi, qattiqroq yo`talishga
ham qo`rqib qolganmisiz, qovug`ingiz yarim yo`lda bo`shaganini his
qilasizmi? Balki sizga kattalar uchun mo`ljallangan maxsus pampers
kerakdir? Barcha muammolaringizning yechimi "Ashqol-Dashqol”
firmasining sifatli pamperslarida. Oling va maza qiling”.
Boshlovchi: Kayf Ali Xon studiyamizga kirib keldilar, xush kelibsiz, janob Kayf Ali Xon, barcha muxlislaringiz sizga muntazir.
Kayf Ali Xon: Vo`aleykum,
salom yoshlar, qalamqoshlar, salom xurmatli va xurmatsiz bekorchilar!
Salom mani sevimli muxlislarim. Man-chi, hammeylani sevaman. Faqat
studiyada zapis boridi-de, o`shanga sal kech qoldim. A tak lyuboy
vapros bo`sa, otvechat qilaman.
Boshlovchi: Mana, aziz
tomoshabinlar, sevimli xonandangiz bilan pryamoy efirdasiz, bemmalol
o`z savollaringiz bilan murojaat qilishinglar mumkin. Telefonlarimizni
bilasiz, VIP, kirish ham, chiqish ham bepul. Birinchi savolni men o`zim
bermoqchiydim. Keyingi paytlarda nimalar ustida ishlayapsiz?
Kayf Ali Xon:
Yo`q, bolaligimda ko`pincha ko`rpacha ustida ish qilib qo`yardim. Hozir
nima to`g`ri kelsa, shuning ustida ishlayapman, ba`zan gilamning
ustida, ba`zan kresloning ustida, hech iloji bo`lmasa yerda ham
ishliuvramiz. Ijod yer tanlamaydi, oka!
Boshlovchi: Savolimizni bir oz noto`g`ri tushundingiz. Men yangi ijod namunalaringiz, yangi qo`shiqlaringiz haqida so`radim.
Kayf Ali Xon:
Yo`q, shunaqa demaysizmi, bratan, endi qo`shiqlar haqida gapirsam,
yaqinda rep usulida yap-yangi bir qo`shiq ishladik. Vapshe dahshat,
qiyqiruv. Manchi, ruxsatiyla bilan o`sha qo`shig`imdan parcha aytib
bermoqchiman.
Boshlovchi: Marhamat!
Kayf Ali Xon: Yo`q, O`v, san manga qaragin, Eshitvossanmi, sen kimingga ishonvossan, Gapingga atvechat qilasanmi? Yur, qani yur, yur, yur! O`ngga, chapga, baland pastda! Yes, yes, malades, Boshim qichiganda, hayot achiganda, Qayt, o`v, karmisan, qayt dedim. Milyon, milyon, xamilyon, limon, Opa, nega pochcham xapa? Xapa qilaman o`v, man krutoy, san krutoy, Yasha, tomdan tushgan tarasha!
Boshlovchi: Yashang,
muhtaram Kayf Ali Xon, juda ta`sirli va go`zal qo`shiq, har bir
misrasida olam-olam ma`no mujassam. Bu qo`shiq barcha
muxlislaringizning qalb mulkiga aylanib qolishiga ishonamiz. Endi
muxlislarimiz bilan bog`lanamiz. Alyo, assalomu alaykum.
1-tinglovchi: Alyo…
Boshlovchi: Alyo, assalomu alaykum, deyapman!
1-tinglovchi: Alyo…
Boshlovchi: Vey, vaqt ketyapti, assalomu alaykum, kimsiz? Gapir, o`!
1-tinglovchi: Alyo, men jinnixonaga tushdimmi?
Boshlovchi: Yo`q,
manimcha, siz jinnixonaga tushib bo`lgansiz. Uzr, aziz tinglovchilar
shunaqasi ham bo`p turadi. Navbatdagi bekorchi… uzr, tinglovchi bilan
bog`lanamiz. Marhamat.
2-tinglovchi: Salomaleykum, nichiksizlar, janlimisizlar? Man Xudaybergan Jumaniyozov Xorazmning Xonqa rayoninan telefon etayotirman.
Boshlovchi: Marhamat, yoshulli, siz efirdasiz.
2-tinglovchi: Shundayinma? Maning avazimmi butun O`zbekiston eshityotirma?
Boshlovchi: Marhamat, savolingiz bo`lsa bemalol berishingiz mumkin.
2-tinglovchi: Dim
yaxshi, man inshu… gurlanlik bir jo`rama, Eshimmat guppiga salomimni
so`ylayajakman. Shu xarab mannan yeddi ming so`m qarz oluvadi, barmiyn
duripti, manglayin qora, barsa barsin, esa, man uni qiyzina…
Boshlovchi: Uzr, yoshulli, siz xonanda Kayf Ali Xon bilan yuzma-yuz turipsiz, sevimli qo`shiqchimizga savoliyz?..
2-tinglovchi: Ay,
xarab attinglar-da, sizlar, kim u Kayfali? Man mundiyn artisti
tonimiman. Bu bola "Suvora”ni aytib bilama? "Feruz”ni bilama?
Qo`ysangiz-a? Komiljon og`aning, Otajon og`aning, Ma`murjon og`alarming
ashullalarinnan qo`ysangiz-a?
Kayf Ali Xon: Yo`q,
bratan, siz odammi nimaga xarip qivossiz? Siz mani ko`p unijat qimang,
a tak, manam siz etgan bollani birortasini tanimiyman, manimcha, yengi
chiqqan patsanlardan bo`sa kerey-de. Hech qanaqa suvarak-puvarakni
bilmiyman. Lekin, Feruzzi bilaman, kollejda birga o`qiganmiz, ja
shikalat narsa edi. Buyog`i to`qson-oltmish-to`qson…
Boshlovchi: Uzr, diqqat qiling, marhamat, navbatdagi tinglovchimiz, allo, sizni eshityapmiz! 3-tinglovchi:
Alo`o`, assalomu alaykum, akajonlar, men Andijon shaxridan Alijon
Mamajonov bo`laman. Ashi Anjan Jahon bozoridan sotkamdan chiqyappan,
akalar, Kayf Ali Jonga bir savolim boridi.
Boshlovchi: Marhamat, Alijon aka!
3-tinglovchi:
Ashi… Kayfali jon bor-u, shu atlari-chi, jichcha antiqada! Shu hind
aktyori Sayf Ali Jonga jinday qarindashchiligiyla yo`qmi? Oma, rasa
o`xshaysilar-da, bir-biriylaga!
Kayf Ali Xon: Yo`q,
rahmat oka, sovoliyz ja o`rinli. Man Sayf Ali Xongamas, Sayf Ali Xon
manga o`xshiydi. Ismini ham xuddi manikiga o`xshatib olgan apiris.
Endi… mayli-de, bolapaqir manga o`xshashshi orzu qilgan-de, orzuga ayb
yo`g`-u!
3-tinglovchi: Rahmat, Kayfalijon, oma
o`zimam-chi, xuddi ashinaqa deb o`ylovdim. Yana bir savolim bor,
akajonla, ashi, turklardi bir artisti bor-u, Ibrohim Tatlises,
o`ziyam-chi, meni Ortig`ali amakimga rassa o`xshaydi. O`shani bir
ashulasi bor, "Ollohim, neydi gunohim” degan. Ashiyam xuddi sizdi
"Manda vapshe gunoh yo`q” degan ashileyzga o`xshaydikan-da,
muzikasuyam, so`zlariyam ja o`xshaydi. Mobodo sizzi ashileyzzi
o`g`irlamaganmi?
Kayf Ali Xon: Yo`q, mumkin oka,
mumkin, mani qo`shiqlarimni ko`pchilik o`g`irliydi. Manimcha, o`sha
Ortig`ali Tatlises … tois Ibrohim amakiyz mani qo`shig`immi aytib
mashhur bo`moqchilar. Etib qo`ying lekin, qattiq xapa qilaman.
3-tinglovchi: O`zimam
xuddi ashinaqa deb o`ylovdim. Oma -chi, siz bu ashullani kecha aytib
chiqdiyz-da, Kayfalijon. Ibrohim Tatlises o`n yil oval aytgan-da! Men
ashinga tushunolmayappan.
Kayf Ali Xon: Yo`q, o`v, oka,
siz nimaga man bilan razbor qivossiz? A tak, kimiyzga ishonasiz? Man
krutoyman, o`? yes, yes, malades! O`ngga, chapga, balandda, pastda! Boshlovchi: Itimos, o`zingizni qo`lga oling, biz esa navbatdagi tinglovchini efirga ulaymiz, alyo, marhamat!
4-tinglovchi: Assalomalayko`o`m, qannog`sila, akala! Yaxshi o`tturupsilami? Zichlopsilami? Boshlovchi: Marhamat, o`zingizni tanishtiring, ismingiz-familyangiz, ishliysizmi, o`qiysizmi?
4-tinglovchi: Man
Ergaship Ulash Samarqanni Urgut rayonidan. Hich qayerga o`qimayman,
ishlamayman. O`qishdiyam, ishlashdiyam xolamayman. Ishimiz savdo-da,
Bishkektan yuk opkelamiz. Shu moliya bilan departamen yamon xit
qiloptu, xich savdo qigani qo`ymopti-da, "patening qani” deydu.
"Dakument qani” deydu, boshtu qoturpotu-da! Nima qilluk enni, shulardi
bir radiyoga tanqit qilish kerak-da!
Boshlovchi: Uzr,
Ulashjon uka, bu "Moliya va kredit” eshittirishi emas. Biz xonanda Kayf
Ali Xon bilan to`g`ridan – to`g`ri muloqot o`tkazyapmiz. U kishiga
savollaringiz bo`lsa, marhamat.
4-tinglovchi: E, a
shunnog` demaysilami? Kayfali aka, ishla zo`rmi? Mani taniyopsizmi?
Ho`, Kamangaronga to`yga kelgan paytingizga ming so`m pul qistiruvdim.
Kayf Ali Xon: Yo`q, man qattan bilaman, kuniga uch-to`rtta to`yga boraman-u, har qanaqa odamni eslab qoluvramanmi?
4-tinglovchi: E, yashang aka, yashang. Shu manam yaqinda xotun olaman. To`yimga chaqiraman-da, lekin kemasangiz, qarang, ko`rasiz.
Kayf Ali Xon: Yo`q, soqqasiga chidaseyiz boruvramiz-de!
4-tinglovchi: Joniyiz sog` bo`sun, aka, kerak bo`sa, dollar bilanam hisob-kitop qileramiz.
Kayf Ali Xon: Yo`q, vey, nima divossiz, a tak, dollar hozir modadan qolgan-uv, faqat evro bilan hisoblashvobbiza!
4-tinglovchi: E, qon bo`mang, topamiz. Aytgancha, bo bitta savol boda, nimaga hamma gapiyizdi boshiga "yo`g`-yo`g`” deyverasiz?
Kayf Ali Xon:
Yo`q, o`v bratishka, sanga kim aytdi shunaqa gappi? Man vapshe bunaqa
demaganman, bildingmi? A tak, man sindiraman, yo`q-yo`q-yo`q, qornim
to`q.
Boshlovchi: Ha, aziz tinglovchilar, "hisobli
do`st ayrilmas”, oldindan ishni pishitib olish – muvaffaqiyat garovi.
Keling, shu o`rinda bitta reklama tinglab maza qilsak-da, keyin yana
suhbatimizni davom ettirsak.
Reklama: O`g`lim,
haytovur sen eshitdingmi-yo`qmi, biz seni ustingdan bir ish qilib
qo`ydik. Seni Bekorchi efemda reklama qilmoqchimiz. (musiqa)
"O`-o`tiribsiz, Kayf Ali Xonning qo`shig`ini eshitib, boshqalar sizning
mashinangizning balonini yechib ketishyapti. Undan ko`ra lotereya
o`ynamaysizmi? "Puxtagarang” lotereyasining navbatdagi tirajida o`nta
otashkurak, yigirmata obdasta, o`ttizta xokandoz, qirqta oshqovoq,
ellikta nosqovoq o`ynalmoqda. Omadingizni sinab ko`ring, vey, haliyam
o`tiribsanlarmi, tur-e hammang”.
Boshlovchi: Mana, aziz
mehmonlar va mezbonlar… uff, yana chalg`idim, mana, ajoyib reklamadan
bahramand bo`ldik, endi navbatdagi muxlisimizni efirga ulaymiz, qani,
marhamat…
Kayf Ali Xon: O`v, oka, insof bormi sizda?
Bir soatdan beri boshimni qotirvossiz-u… Man ketishim kerak. To`yga
kech qovomman. Mani har minutim pul turadi, oka, pul, bo`pti, xayr. Boshlovchi:
Mana, aziz muxlisu muxlisalar, bugungi kayf va safo, e, o`la… "nazm va
navo” dasturida eng sevimli xonandamiz Kayf Ali Xon bilan hamsuhbat
bo`lib, maroqli hordiq chiqardingiz. Buning uchun hammangizning
nomingizdan o`zimga va boshqalarga rahmat aytib qolaman. Xayr, omon
bo`linglar.
Iqbol HUMOYUN.
|