Bu voqeani menga sinfdoshim Otabek so`zlab berdi: Kichkintoy qizimning negadir ishtahasi yo`qolib, juda kam ovqat eydigan bo`lib qoldi. Bir kuni xotinim qizimga yana ovqatini edira olmayotganligidan xunob bo`lib, menga arz qildi. Oshxonaga chiqib, qizalog`imni ovqat eyishga ko`ndirishga harakat qildim. U bo`lsa ko`zlarida yosh bilan «Agar ovqatimni oxirigacha esam, mening bir iltimosimni bajarasizmi?» - deb so`radi. Men esa o`ylab ham o`tirmay «Va`da beraman, qizim» deya uning ko`z yoshlarini artdim. Buning nima qiyin tomoni bor, deya o`yladim. Qizalog`imning ko`ngli biror shirinlikmi yoki yangi o`yinchoqmi, tusab qolgandir-da.
Mening va`damni olgach, uning yuzlari yorishib ketdi, idishida turgan ovqatni ishtaha bilan oxirigacha edi. Keyin esa hech kutilmaganda: - Men sochimni oldirib tashlashni xohlayman! - deb qolsa bo`ladimi. Bu gap xotinim va meni hayron qoldirdi. Chunki qizcham beliga tushib turadigan qo`ng`iroq sochlari bilan maqtanishni juda yaxshi ko`rardi. Boshimdan birov xuddi bir chelak sovuq suv quyib yuborganday bo`ldi. Bu fikr uning xayoliga qanday kelib qoldi ekan-a? Onasiga qarayman: «Sochiga nima qilgan?» - Sochlari top-toza, - deydi xotinim ham hayron bo`lib. Shundan so`ng men bolamdan bu iltimosni boshqasiga almashtirishni so`radim. Unga o`yinchoqlar, kitoblar, chiroyli ko`ylakchalar, shirinliklar, xullas istagan narsasini olib berishga va`da berdim. Lekin foydasi bo`lmadi. Xotinim jig`ibiyron bo`lib, agar shunday qilsa, uni jazolashini ta`kidlay boshladi. Qizim bo`lsa menga mo`ltirab qarar, «Dadajon, axir va`da berdingiz, berilgan va`dani bajarish kerak, deb o`zingiz aytgansiz-ku. Nahotki, kattalar ham yolg`on gapirishadi», derdi ko`z yoshlari yuzini yuvib. Men chorasiz qoldim. Aslida o`g`illarimga qaraganda ko`proq shu qizimni yaxshi ko`rardim-da. Uning shiringina erkaliklari, ishdan kelganimda bo`ynimga osilib, akalaridan arz qilishlari menga zavq bag`ishlardi. Qizimning ko`nglini sindirgim kelmadi. Xotinimning qarshiligiga qaramay u bilan sartaroshxonaga yo`l oldik. Bir zumda qo`ng`iroq sochlar er bilan bitta bo`lib yotar, qizimning boshi tap-taqir alfozga tushgandi. Uyga qaytganimizda ham, ertasiga ertalab maktabga ketayotganida ham uning kayfiyati a`lo edi. Lekin men bu kayfiyat maktabga etib borgandan keyin bolalarning «kal-kal» degan mazaxlaridan so`ng yo`q bo`lishidan va qizchamning keyingi ruhiy iztirobidan xavotirda edim. Maktabga etib borganimizda qizim mashinadan sakrab tushdi-da, sinfxonasiga chopib keta boshladi. Bir payt orqadan bir bolakayning qizimni chaqirgani eshitildi. Men ham darrov o`sha tomonga qaradim. Bolakay xursand holda chopib kelardi. Qizig`i, bolakayning ham boshida bir tola tuk yo`q, tap-taqir! Ҳayron bo`lib turgan edim, yonimga o`rta yoshli bir ayol kelib o`zini tanishtira boshladi. Ma`lum bo`lishicha, bu ayol o`sha bolakayning onasi ekan. - Bilasizmi, - dedi ayol chopib ketayotgan bolalarimizning orqasidan ko`zida yosh bilan kuzatarkan, - mening bolam og`ir kasalga chalingan edi, dori-darmonlar ta`sirida uning sochlari bitta ham qolmay to`kilib ketdi. U har kuni maktabdan xafa bo`lib qaytardi. Qizingiz esa o`g`limga doim dalda berib uni ruhan qo`llab turarkan, ular juda yaxshi do`st ekanlar-da. O`tgan kuni o`g`lim uyga birinchi marta xursand qaytdi. Chunki qizingiz o`g`limga, men ham senga o`xshab sochimni oldirib kelaman, ikkalamiz bir xil bo`lamiz, deb va`da beribdi. To`g`risi, men o`g`limning gapiga unchalik e`tibor bermagan edim. Ҳar qancha do`st bo`lishmasin, harqalay, qiz bolaning chiroyli sochlarini oldirib tashlashga jazm etishiga ishonmasdim-da... Bugun qizingizni ko`rgach, bolamning ko`zlari birinchi marta quvonch bilan porladi. Uni yaqin orada bunchalik quvnoq kayfiyatda ko`rmagan edim. Ҳammasi uchun qizingizga rahmat! Biz fidokorlikni bolalardan o`rganishimiz kerakka o`xshaydi... Men ayolga hech nima deb javob qaytara olmadim. Chopib ketayotgan qizimning ortidan qarab qolarkanman, mening bolajonim, mening jajjigina farishtam birov uchun borlig`idan ham kechishi mumkin ekanligini isbotlaganidan ham lol edim, ham faxrlanardim...
Feruza Oripova Andijon viloyati (Ma`rifat gulshani gazetasi)
|