Janubiy Koreya Osiyodagi texnologiya eng rivojlangan mamlakat bo‘lish uchun Yaponiya bilan bahslashishda davom etmoqda. Mamlakat ta’lim vazirligining xabar berishicha, 2014-yilga kelib boshlang‘ich sinflar uchun barcha darsliklar elektron shaklga o‘tadi, undan bir yil o‘tib esa qog‘oz qo‘llanmalar umuman muomaladan chiqariladi. Yaqin kelajakda koreys o‘quvchilari maktabga darsliklar dastasi o‘rniga bukrider, smartfon yoki planshet kompyuter ko‘tarib boradigan bo‘ladi.
Seul boshlang‘ich ta’limni "raqamlashtirish” dasturini amalga oshirish uchun 2,5 milliard dollar ajratmoqda. Ushbu pullarning katta qismi, albatta, elektronika vositalarini ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyalar – eng avvalo, Samsung kompaniyasiga yetib boradi, deya taxmin qilmoqda "Technology Review” nashri.
O‘quv materiallaridan foydalanish tizimi "bulutli” texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yiladi, ya’ni o‘quvchilar internetga ulanish imkoniyati mavjud xohlagan joyda darsliklarni o‘zlariga ko‘chirib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu bilan o‘quvchilar orasida ommalashgan "darsligim uyda qolib ketibdi” degan bahonalarning umri tugashi aniq.
Biroq, ko‘pchilik ta’lim sohasi ekspertlari planshetlar bilan odatiy darsliklarni taqqoslab ko‘rib, yangi texnologiyaning samaradorligiga shubha bilan qarashmoqda. Gap shundaki, o‘quvchi qanday usulda ma’lumotni yaxshi esda saqlab qolishi mumkin: ma’lumotni ekranda ko‘rib, uni sezgilar orqali boshqara bilgandami yoki kitob sahifalarini varaqlagandami?
Har ikkala uslubning ham o‘ziga xos qulayliklari bor. Masalan, oddiy kitob sahifasida planshet kompyuter ekraniga qaraganda ko‘proq narsa joylashadi. Biroq, qo‘llanmalarning elektron versiyasida an’anaviy kitoblarda qilish imkoniyati bo‘lmagan ishlarni bajarish mumkin – qulay linklarni joylashtirish, qidiruv tizimi, video-roliklar tomosha qilish va boshqa interaktiv funksiyalarni joylashtirish.
infoman.uz
|