Internet yordamida ma'lumot topish kerak bo'lganda ko'pincha "google" qidiruvidan foydalanaman. Ba'zan ish osonga ko'chadiyu, ba'zan umuman boshqa ma'lumotlarni taqdim etishi asabni buzadi. Mana, topdim, deb navbatdagi manzilga kirmoqchi bo'lganimda u qolib, qandaydir msn.com ga tushib qolaman. Sabab - u saytga blok qo'yilgani, ya'ni kirish va foydalanish taqiqlangani!
Virtual olamda cheklovning turli ko'rinishlari mavjud. Rasmiy blok qilinmagan oddiy saytlarning ba'zilarida ham bir qancha ochiq-yopiq qismlar bo'ladi. Masalan, saytning barcha uchun ochiq qismiga "Mehmon" foydalanuvchilar kira oladilar. "Mehmon"lar uchun yopiq qismi ham borki, uning foydalanuvchisiga aylanish uchun ro'yhatdan o'tish kerak. Saytlarda maxsus qism ham bo'lib, bunga ba'zi guruh foydalanuvchilari kira oladilar. (misol uchun, diniy saytlarning "Muslima" bo'limiga faqat qizlar kiritilishi, moderatorlar paneli). Bu internetning eng oddiy cheklovi. Bundan tashqari, tijorat maqsadida reklama oldi blok ham qo'yilishi kuzatilgan. Bu ko'pincha auditoriyasi ko'p saytlarda bo'lib, reklamaning kichik oynasini (o'qiysizmi-yo'qmi) o'chirmasdan, ortidagi ma'lumotdan voqif bo'lolmaysiz. Asosiysiga endi keldik. Ba'zi saytlar ko'rish va ma'lumotlarini o'qishni taqiqlash maqsadida siz uchun yopiq bo'ladi. Internet rivojlangan sari, taqiqlar ham ko'payib bormoqda. Bir necha davlat mutaxassislari mazkur xolatga ijobiy qaraydilar. Aytishlaricha, bu internet tarmog'iga e'tibor va nazorat. Bu - "sozlash", "tozalash", "tartibga keltirish" deb talqin qilinayotgani bilan, internet foydalanuvchisi uchun birgina so'z - "senzura" bo'lib qolaveradi. Vaziyatga xolis qarash uchun, saytlar nima maqsadda blok qilinishini anglab olish kerak. Blok qilinadigan saytlar turlicha. Ularning bir turi radikal ruhdagi, siyosatga "aralashgan", boshqa davlatlarga axborot xuruji o'tkazgan veb sahifalardir. Bunday saytlarga "e'tibor" qaratish har bir davlatda bor, xavfsizlik chorasi muhim siyosatga aylangan. Jumladan, Toni Bler internetda tartib o'rnatish tarafdori ekanligini bir necha bor bayon qilgan. Rossiyada ham academ.org sayti, "Сибирь Телеком" , "Академтелеком", "Полимекс плюс", "Первая миля" tuman provayderlari foydalanuvchilar uchun yopiq. Xitoyda internet uchun "firewall" degan tushuncha bo'lib, bu "yong'indan himoyalovchi devor" degan ma'noni bildiradi. Bu internetni viruslardan, "xakker"lardan va hazil qilib aytganda, foydalanuvchilardan himoyalashdir. Xitoyda va Eronda hattoki Wikipedia sayti ham blok qilingan. Kubada ma'lum qatlam, masalan mediklargagina internetdan foydalanish ruxsat etilgan bo'lsa, Shimoliy Koreyada faqat hukumat va partiya saytlari ochiq hisoblanadi. Dunyodagi ko'plab mamlakatlarning hukumatlari internetdan erkin foydalanishni cheklashga urinayotgani sababli, AQShdagi Global masalalar bo'yicha Davlat kotibining o'rinbosari Paula Dobrianskiy xususiy sektorni internet tarmog'iga qo'yilayotgan cheklovlarga qarshi turishga chaqirdi. Tilga olganimiz Xitoy, bundan tashqari, Misr, Kuba kabi davlatlar internetdan erkin foydalanishni cheklagani uchun xalqaro hamjamiyatning tanqidiga uchradi. O'zbekistondan bir necha saytlarga kirish mumkin emas. Avvallari BBC va Amerika ovozi hizmatlarining elektron variantidan foydalana olar edim, hozir bular ham msn.com ga kuzatadigan bo'ldi. Internet keng ommaga kirib bormoqda, taqiqlarga ehtiyoj sezilmoqda, shu bilan birga internet foydalanuvchilari ham uddaburon bo'lib qoldi. Kirish mumkin emas ekan, deb jim o'tiradi deysizmi? Hammasini "proxy" saytlar hal qildi. Buning yordamida siz istagan yopiq saytga kirar ekansiz, veb manzil yoziladigan joyda ham proxy sayt adresi bo'ladi. IP orqali tekshirilganda ham, yopiq sayt manzili ko'rinmaydi. (ehtiyot shart-da). Lekin baribir proxy o'zidek bo'lolmas ekan. Tegishli joyga aniq sayt manzilini yozsangiz topiladi, saytning biror ma'lumot joylashgan qismini "ssilka" qilib bersangiz, yana: "The page can not be found". Yana biri, davlat hududidan blok qilingan forumlarga kirishingiz mumkin, a'zo bo'lolmaysiz. Masalan, O'zbekistondan forum.arbuz.com ochiq emas. Proxy sayt orqali kirib, ro'yhatdan o'tasiz, a'zoligingizni tasdiqlash bosqichi esa elektron pochtangizga yuboriladi. Buyurilgan manzillarga murojaat qilganingizda: "Page under construction". Xuddi internetni nazorat qiluvchi va internetdan foydalanuvchi o'rtasida kim o'zarga bahs boshlanganga o'xshaydi. Blok qilingan saytlar haqidagi saytlar ham ochildi. Unda boshqa saytda ta'qiqlangan narsa ochiq-oydin ko'rsatiladi. Ta'qiqlangan fotosuratlar namoyish qilinadigan bir saytga tashrif buyurganimda, hayron qoldim. Nega taqiqlashdi? Deyarli oddiy rasmlar: manzaralar, masjid-madrasa, cherkovlar. Balki gapning tagida gap bordir, men uqib ololmadim. Inson ruhiyati shunaqa. Ba'zan negativ informatsiyaga, taqiqlangan narsaga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun, saytlarning blok qilinishi hech bir foydalanuvchiga yoqmasa kerak. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ba'zi saytlar uchun ikki martalab cheklov o'rnatilishiga tarafdorlik qilgan bo'lardim. Chunki hozirgi kunda porno-saytlar, o'z joniga qasd qilish usullari va sigaret chekishni o'rgatuvchi virtual "dars"lar, vahshiy o'yin saytlari, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning shaxsiy veb-saytlari ko'payib ketgan. Ayniqsa pornografik saytlar eng o'quvchisi ko'p va serdaromadiga aylandi. Yopiq porno-saytlar uchun ochiq porno-sayt, "pornoyulduz" atamasi paydo bo'la boshladi. Ahvol shu darajaga yetdiki, avvallari jiddiy saytlarning bir chetiga behayo suratlar qo'yiladigan bo'lsa, endi porno-saytlarga huquqiy va siyosiy mavzudagi materiallarni joylashtirish, to'g'ririog'i "tiqishtirish" udum bo'ldi. Parlament qonunlariyu, bunday saytlarga tinmay qulf qo'yish yechim bermasligi ham ayon bo'ldi. Ammo bu kurashni to'xtatish kerak degani emas. Ma'lumot uchun, O'zbekistonning internet kafelarida porno-saytlarga tashrif buyurganlarga jarima solish haqida rasmiy e'lon mavjud. Shuningdek, "uz" domenida yoki O'zbekistonda joylashgan xosting maydonlarida pornografik saytlar ochish mumkin emas. Demak, virtual taqiqlarning ham inkor qilib bo'lmaydigan tomonlari bor ekan. Cheklov turlari haqidagi gapimizni davom ettirib, ta'kidlashimiz kerakki, internetdagi ba'zi saytlar idora doirasida ham blok qilinadi. Ko'p davlat ofislarida chat hizmatlari, ko'ngilochar va bir qancha bloggerlarning sayti yopiq hisoblanadi. Internet endi-endi hayotga kirib kelayotgan paytlari unga berilgan ta'riflar ichida "senzura o'tmaydigan OAV" degani ham bor edi. Hali ham shu fikrdamizmi? Isbotlashingiz mumkin, axir elektron jurnalist o'zi yozib, o'zi joylashtiradiku, deb. To'g'ri, gazetada chiqadigan material muallifdan so'ng bo'lim muharriri, bosh muharrir, musahhih, harf teruvchi kabi bir necha shaxslaning qo'lidan o'tadi. Televideniye misolida bu ro'yhatni ikki qayta sanab chiqsa ham kam. Boshqa OAVlarda tayyorlangan mahsulot ming chig'iriqdan o'tib, e'lon qilinmay qolishi ham mumkin. Internetdachi? Chiqqan maqolaga to'siq qo'yish mumkin emas deb o'ylaysizmi? Aksincha, bu osonroq. Ko'rsatiladigan sababi ham oddiy - "texnik nosozlik". Yana solishtirib aytamiz. Internetda interaktivlik bor, o'quvchi erkin mulohaza bildira oladi. Uzr, internetda administrator ham bor, xohlagan mulohazasini o'chirib tashlay oladi. Forumlarda erkinlik bor va u yerda moderatorlar ham bor! Erkinlik istab, monitor qarshisini tanlagan bo'lsangiz, sizga omad! Umuman olganda, msn.com ham chakki emas ekan.
|