Ikki do‘st $CUTo‘rmonda aylanib yurganlarida to‘satdan ayiqqa duch kelib
qolishibdi. Ulardan birinchisi shoshib daraxtga chiqib olibdi va
ayiqning changalidan qutulib qolibdi. Ikkinchisi esa, hech narsa
qo‘lidan kelmasligini bilib, o‘zini o‘lganga solib yotib olibdi. Ayiq
yerda yotgan kishining oldiga kelib, qulog‘ini hidlabdi. Hatto uni
turtib ham ko‘ribdi. Kishini o‘lgan deb o‘ylab, unga tegmasdan ketib
qolibdi. Ayiq ketgach, haligi kishining do‘sti daraxtdan tushib kelib: — Do‘stim, ayiq qulog‘ingga nima deb shivirladi? — deb so‘rabdi. —
U menga: qiyinchilik paytida tashlab ketadigan do‘st bilan sayohatga
chiqishni yaxshilab o‘ylab ko‘rmabsan-da, dedi, xolos, — deb javob
beribdi do‘sti. Qissadan hissa: Do‘stlik qiyinchilikda sinaladi.
TULKI VA ECHKI
Baxtsiz tasodif tufayli bir Tulki o‘raga tushib ketibdi. U hech o‘radan
chiqishning ilojini qilolmabdi. Bir payt tepadan Echki o‘tib qolibdi. U
Tulkidan pastda nima qilayotganini so‘rabdi. — Ey, hali
eshitmadingmi? — debdi Tulki. — Yaqinda qurg‘oqchilik bo‘larmish,
shuning uchun men bu yerga suv borligiga ishonch hosil qilish uchun
tushdim. Balki sen ham tusharsan?
Echkiga bu maslahat ma’qul kelib, pastga sakrabdi. Ammo Tulki
tezlik bilan uning orqasiga chiqib, oyoqlarini uning uzun shoxlariga
qo‘yibdi-da, o‘radan chiqib olibdi. — Xayr, do‘stim, — debdi Tulki, — keyingi safar esingda tursin: Hech qachon o‘zi mushkul ahvolda qolganning maslahatiga quloq solma.