Hozirgi yoshlar
Qaro tolga suyab, Irg'ay asoni, Oqsoqol so'riga asta yonboshlar. Xayoldan o'tkazar kori dunyoni: "Eh, hozirgi yoshlar, Hozirgi yoshlar!"
U asr tengdoshi. Butun umr endi Kecha ko'rgan tushday ko'zi oldida, Yigirma yoshida amirni yengdi, Vodiyga suv ochdi o'ttiz oltida.
Yoshlarni eslar, Uf tortar sekin. Salgina chimrilar oq tushgan qoshlar. "Biz ham yosh bo'lganmiz bir mahal, Lekin Boshqacharoq chiqdi hozirgi yoshlar".
U kolxoz tikladi, Yangi yurt qurdi. Bosmachiga qarshi ot surdi o'ktam. Jangu jadallarning barini ko'rdi. Ko'rdi ochlikni ham, Yupunlikni ham.
"Bizga xayol edi, Tush edi faqat To'kin dasturxonu lazzatli oshlar. Baxti boqiy bo'lsin, Ammo bu jannat Qadrin bilarmikin hozirgi yoshlar!"
Ko'z oldidan o'tar qirq birinchi yil, Maskov bo'sag'asi, Achchiq qahraton. Agar qulatmasa daydi o'q sabil, Berlindan qaytardi bo'lib qahramon.
eslar, har yon olov, O't ichra dunyo. Majruh gavdalaru, uzilgan boshlar... "Yurt tinch bo'lsin, Bir gap bo'lsa mabodo, Bardosh berarmikin Hozirgi yoshlar!"
Uy-joy qilib berdi mana, Turg'unga, Turmushga chiqardi Nazirasini. Bukun esa o'ylar dorilfunuga Kirolmasdan qolgan nabirasini.
Domlasiga o'zi borsinmi sekin Ordenlarni taqib, Oqilni boshlab... "Kim biladi deysiz, bo'shtobroqmikin, Erkatayroqmikin hozirgi yoshlar..."
Yana der: "Bo'sh qolsak tunlar bo'lib jam "Chordarvesh" o'qirdik qurshab tanchani. Bular tanimaydi Huvaydoni ham, Ertayu kech o'ylar kino, tansani. Aqli kirarmikin bularning bir kun, Kim biladi, qachon quyila boshlar! Og'ir kun ko'rmadi Balki shuning-chun Yengilroq o'sdimi hozirgi yoshlar!"
Tohirni halitdan tinch qo'ymas qizlar, Yarim tunda qaytar uyga hamisha, "Uncha bo'lmasak ham ilmda bizlar, Ammo kuchli edi odob, andisha. Birovning qizig sal qarab qo'ysak, Bizlar atalrdik sho'xu beboshlar. Ba'zi kinolarmi buzmoqda andak, Kapalak mijozroq hozirgi yoshlar..." To'ng'ich o'g'li u kun qizaloq ko'rgan, Nomini Sharlotta qo'yibdi, ajab. O'rtanchasi tog'da yurgani yurgan, Ba'zan uch oyda bir kelmaydi yo'qlab. Nahot otasidan bo'lsa azizroq Qaysidir tog'dagi qandaydir toshlar... "Bizning bordi-keldi odatdan yiroq, Bemehrroq o'sdi hozirgi yoshlar..."
"Kiyimlar-chi... Qiziq bularning didi. Ola-chipor ko'ylak... Nimasi ko'rkam? Rost aytsam unchalik yoqmagan edi Otalarga bizning charm kamzul ham.
Baynalminal aytib, bayroq ko'tarib Ko'chaga chiqqanda o'ktam safdoshlar, Keksalar degandi yo'ldan qaytarib: Nega shumlik qilar hozirgi yoshlar?
Endi bularga ham har qalay og'ir, Zamon shitobi tez, parvozi tikka. Kecha tili chiqqan Nargiza o'qir Birinchi sinfda matematika.
Bizlar haftiyakdan boshlagan edik, Bular iks bilan igrikdan boshlar. Durust, zehni o'tkir, qadami tetik, O'zimizga tortdi hozirgi yoshlar.
Ginasi noo'rin, Qarilik qursin. Bekor yurmagandir tog'larda O'ktam, Mana, kerak bo'lsa Rustamni ko'rsin, Bolasidan a'lo jiyan bo'lsa ham.
O'zi qotmagina, niholday xipcha Nari borsa o'ttiz, o'ttiz bir yoshlar... Fan doktori bo'ldi Maskovda kecha... Balo chiqib qoldi hozirgi yoshlar.
Baxti butun bo'lsan tolei bekam. Shularning borligi mening iqbolim". Chol ko'z yoshin artar, Shu payt mening ham Kelajak yillarga uchdi hayolim.
Zamonlar keladir Yana ajoyib. Balki paydo bo'lar sun'iy quyoshlar. U paytlar, kim bilsin, Qarib-qartayib, Munkillab qolarmiz hozirgi yoshlar.
Shunda kelajakning bog'lari aro Biz, ya'ni keksalar suhbat qurgan chog' So'zlarmiz: "Qarshi deb atalgan sahro Bizning qo'limizda bo'lgan edi bog'.
Esingdami Gazli, Zilzilalar-chi? Qayta shahar qurgan qardosh-qurdoshlar... Biz yangi eradan bo'lgandik jarchi, Nima ham ko'ribdi hozirgi yoshlar!
Qara, Oq ko'ylakka galstuk taqib, Agregat yonida turishar bula. Biz ishladik qo'lni moylarga tiqib, Endi rohatini ko'rishar bular.
Fanda inqilobni biz qildik ilk bor, Ilk bor parvoz qilgan bizning yo'ldoshlar. Ko'kni obod qildik, Yerni ham gulzor. Eh, hozirgi yoshlar, hozirgi yoshlar!"
Erkin Vohidov,O'zbekiston qahramoni senator. 1973
|