Tibbiyotda "kasb kasalliklari"
degan tushuncha mavjud. Oylik maosh va mehnat frontidagi yutuqlardan
tashqari, sevimli (yoki majburiy-zaruriy) kasbimiz sog'liq borasida
turli-tuman "sovg'alarni" ham hadya etishini hammamiz bilamiz. Agar bu
holatni tabiiy deb qabul qilib, hech qanday choralarni ko'rmasak,
nafaqaga chiqqanimizdan keyin qattiq afsus chekishimiz mumkin. Chunki
mazza qilib nevaralar atrofida girdikapalak bo'lish yoki vaqtimizni
sevimli xobbimizga bag'ishlash o'rniga, shifokorlarga navbat kutib
o'tirishga to'g'ri keladi. Shu bois o'zingizni butkul sog'lom, deb
hisoblasangiz ham kelajak haqida hozirdan qayg'uring. Holbuki buning
qiyin joyi yo'q.
Ish faoliyatingiz og'ir mehnat bilan bog'liqmi?
Ish paytida og'ir yukni, iloji bo'lsa, qo'lda
ushlamasdan biror joyga qo'ying. Oyoqlarni yelkalar kengligida qo'ygan
holda, yukni ikki qo'llab ko'tarish lozim.
Umurtqalar orasidagi disklarning siljishiga yo'l
qo'ymaslik uchun og'ir yukni ko'tarishdan oldin nafas olib, biroz vaqt
uni ushlab turish foydali (xuddi shtangistlarga o'xshab).
Tanangiz bilan "buralgan simday" keskin harakatlar
qilish, uzoq vaqt oyoqlarni rostlab to'g'ri turish tavsiya etilmaydi.
Oyoqlarni navbatma-navbat bo'shashtirib turish lozim.
Og'irliklarni ko'targanda oyoqlarni tizzada bukish
kerak. Umurtqani kamroq egish uchun yukni ko'targandan keyingina
qayrilgan ma'qul.
Ko'tarilayotgan yuk gavdaga yaqinroq joylashishi zarur.
Katta yukni ko'tarib ketayotganda shoshilmang.
Yuk ko'taruvchilar tagcharmi keng va taram-taram
bo'lgan poyabzalni kiyganlari ma'qul. Ba'zida maxsus tayyorlangan
qayishlar, ilgaklar mehnatingizni yengillashtiradi.
Ishni yengillatish uchun valiklar, aravachalar, mexanizatsiya, avtomatizatsiya va transport vositalarini qo'llash juda muhim.
Ishni och qoringa boshlash maqsadga muvofiq emas, shu bilan birga ko'p ovqat yemagan ham ma'qul.
Ofisjonajon uyingiz bo'p qoldimi?
Unda ish paytida muntazam
ravishda o'tirish yoki tik turish yaramaydi. Har 30-40 daqiqa
oralig'ida qon aylanishini jonlantirish uchun 5-10 daqiqa o'rningizdan
turib turli harakatlarni bajaring.
Ishingiz uzoq vaqt bir xil
pozada turish yoki o'tirishni talab etsa, har 10-15 daqiqada uni ozgina
bo'lsayam o'zgartiring, qaddingizni rostlang yoki uni bo'shashtiring.
Oyoqlarni haddan tashqari
stul ostiga bukib o'tirish oyoqdagi qon aylanishiga salbiy ta'sir
qiladi. Aslo oyoqni chalishtirib o'tirmang.
Shuningdek uzoq vaqt
qo'llarni ko'krakda qovushtirib o'tirish ham zararli: bunda reflektor
tarzda yurak bilan bog'langan ko'krak qafasi mushaklari taranglashadi.
Buning ustiga nafas olishingiz ham qiyinlashadi.
Qo'llaringiz band bo'lganida
telefon go'shagini boshingizni qiyshaytirgan holda ushlab turish odati
bo'yin va yelka mushaklari uchun zararli.
Xonadagi, ish joyingizdagi
yorug'lik yetarli darajada bo'lishi, chiroqlar lipillamasligi va tovush
chiqarmasligi zarur. Ish stolida chap tomonda stol ustiga qo'yiladigan
lampa bo'lgani ma'qul.
Radikulit, osteoxondroz kabi kasalliklarning oldini olishda gavdani to'g'ri tutish katta ahamiyatga ega. Shuning uchun turib yoki o'tirib ishlaganda qaddingizni g'oz tutishga harakat qiling.
Gavda, boshning uzoq vaqt
egilib turishi nafas olish organlari, yurak faoliyatini, bosh miyadagi
qon aylanishini qiyinlashtiradi. Kishi yozayotganida uning tirsaklari
stolda turishi kerak. O'qiyotganida esa, tirsaklarni 45 gradus burchak
ostida ushlash lozim.
Stulingiz tirchakqo'ygichli,
suyanchiqli va balandligi boshqariladigan bo'lsa yanayam yaxshi. Bunday
stul mehnat unumdorligi va qulaylikni ancha oshiradi.
Kiyimlar badanga haddan ziyod
yopishib turmasligi, galstuk va soatlarning tasmasi (charm tasma
foydaliroq) qon aylanishiga xalaqit bermasligi uchun tarang tortilmagan
bo'lishi lozim.
Muntazam ravishda shoshish, bir paytning o'zida bir nechta ishni talab etuvchi holatlar juda zararli. Hovliqmasdan shoshing.