– Hayit kuni qanday kundir? – Shodlik va xursandlik kunidir.
– Islom ahliga bir yilda necha hayit kuni bor? – Ikki hayit kuni bordir: birisi – fitr iydi (ramazon hayiti), ikkinchisi – qurbon hayitidir.
– Fitr hayitining ma’nosi nima? – Ro’zadan chiqish bayramidir.
– Qurbon hayitining ma’nosi nima? – Qurbonlik qilinadigan bayramdir.
– Fitr hayiti qaysi kunda bo’ladi? – Ramazon oyi tamom bo’lgandan so’ng shavvolning birinchi kunida bo’ladi.
– Qurbon hayiti qaysi kunda bo’ladi? – Zulhijja oyining 10-kunida bo’ladi.
– Hayit kunlari nima uchun Islom ahliga xursandlik bo’ladi? –
Chunki bu kunlarni ulug’ ko’rib, faqirlarga sadaqa bergan kishilarning,
ixlos bilan tavba va istig’for qilgan kishilarning gunohlarini avf
qilmoqlik va’da qilingan.
– Hayit kunlarida qanday ishlarni qilish sunnatdir? –
Fitr hayiti kunida tong otgandan so’ng hayit namozini o’qimasdan ilgari
fitr sadaqasini berish; Qurbon hayiti kunida tong otgandan so’ng qurbon
namozini ado qilguncha ro’zador kishiga o’xshab hech bir taom yoki
sharob yemasdan-ichmasdan turish va namozdan so’ng qurbonlik go’shti,
sho’rvasi yoki biror shirin taom yeyish kabilar sunnatdir. Qurbon
hayiti namoziga borishda yo’lda ovoz chiqarib takbir aytish savoblidir.
Har hayitda tong otgandan so’ng turib g’usl qilish, misvok ila og’izni
poklash, yaxshi liboslar kiyish, xushbo’y narsalar sepish, namoz
o’qiladigan yerga piyoda borish, borar-qaytarda faqir va miskinlarga
sadaqa berish, ko’p jamoat hayit namoziga to’plangan vaqtda qiyomat
kunini va mahshar kunlarini xotiraga tushirish, astoydil tavba va
istig’for qilish, harom ishlarni aralashtirmasdan hayit bayramini
shodlik bilan o’tkazish kabi amallar sunnatdir.