O‘zbek qizlari deganimizda ko‘z oldimizga kamalak jilosiday atlas
ko‘ylakli, sochlari majnuntolni eslatuvchi mayda kokil qilib o‘rilgan,
boshqa millat qizlaridan ajralib turuvchi betakror va go‘zal tabassumli
qizlar gavdalanadi. Biroq bugungi kunga kelib, ular haqidagi fikrimiz
yuqorida tasvirlab o‘tganimizday emasligi barchamizga ma’lum. Shu
o‘rinda esa xaqli bir savol tug‘iladi. Nega o‘zbek qizlari haqidagi
tasavvurlar o‘zgarib bormoqda?
Bu savolga javob izlash har birimizning shaxsiy dunyoqarashimizga
bog‘liq. Afsuski men, bugungi o‘zbek qizlarining, tengdoshlarimning
kiyinish madaniyati haqida ijobiy fikr bildira olmayman. Chunki bugun
ko‘cha-ko‘yda o‘zbek qizlarini boshqa millat qizlaridan deyarli farqlab
bo‘lmaydi. Nazarimda, ular Yevropa modasining «asiralariga» aylanib
qolishmoqda. Belidan
pastda turadigan tor shimlar, qorni ochiq koftalar, kalta yubkalar,
bularning bari o‘zbek qizlarining o‘zligini yo‘qotishga zamin yaratib
bermoqda. Axir, aytishadi-ku, agar biror bir millatni yo‘q qilmoqchi
bo‘lsang, eng avvalo uning madaniyatini yo‘q qil, chunki madaniyatini
yo‘qotgan millat o‘z-o‘zidan yo‘qolib boraveradi, deb.
Madaniyatimizning ajralmas bo‘lagi esa bu, yoshlarimizning kiyinish
madaniyatidir. Shunday ekan, qanday qilib kiyinish madaniyatida yuzaga
kelayotgan mazkur holni bugungi kunning dolzarb mavzusi
hisoblamasligimiz kerak. Axir, kundan-kunga «zamonaviylashib»
borayotgan o‘zbek qizlarining kiyinish madaniyati yo‘qolib bormoqda-ku.
Milliy kiyimlarimiz kelinlar sarposini ko‘paytirishgagina xizmat qilib
qolayapti. Afsuslar bo‘lsinki, Yevropa uslubida kiyinmaslikni ayrim
qizlar zamondan orqada qolish deb hisoblashadi. Lekin bu fikr mutlaqo
noto‘g‘ri. Insonning kiyinish uslubi uning madaniyati qanchalik boy
ekanligini yaqqol namoyon etuvchi muhim omil hisoblanadi. Yevropa
modasida urf bo‘lgan oldi-qochdi kiyimlarni kiyib, o‘zini bugungi
kunning zamonaviy qizi deb hisoblovchilar mutlaqo adashadi va aksincha,
ular o‘z ma’naviyatining qanchalik qashshoq ekanligini mana shu
«zamonaviy» kiyimlari orqali namoyon etadilar.
Shu o‘rinda yana bir haqiqatni ham tan olish kerak. O‘zbek qizlarining
kiyinish madaniyati negizida ota-onalarning ham muhim o‘rni bor. Chunki
qizlarining uydan qanday kiyimda chiqib ketishlarini, avvalo, ularning
ota-onalari ko‘rishadi. Ota-onalar orasida esa, afsuski, qizlarning
kiyinish uslubiga umuman befarq bo‘lganlar ham talaygina topiladi.
Fikrimcha, eng avvalo, ota-onalar qizlarining kiyinishlarini doimiy
nazorat qilib turishsa, o‘z navbatida qizlarimiz sipo va orasta
kiyinsalar, ular haqida bunday salbiy fikrlar yuzaga kelmaydi. Bu
borada, ayniqsa, o‘quvchi va talaba qizlar ibrat bo‘lishlari lozim, deb
o‘ylayman. Istaymanki, gul chehrali qizlarimiz hech qachon hech qaysi
millat qizidan kam bo‘lmagan holda, go‘zal va betakror, muhimi, haqiqiy
o‘zbek qizlari bo‘lib qolishadi.