Iroda opamga... … Men sizni yaxshi taniyman. Siz mehribonsiz, ochiqko’ngilsiz, saxiysiz. Ko’p suhbatlashamiz. Hazillarimga og’rinmaysiz. Qachon uyingizga borsangiz men erkatoy singilchangizdan "Senga nima olib kelay.?”-deb so’raysiz. Men ham tortinib o’tirmay, "falon narsa olib keeling, undoq bo’lsin, bundoq bo’lsin, yoqmasa ko’rsataman!” deb do’q urib qo’yaman. Meni hayratga solgan jihatingiz -sevishganlarning tarafini olaverishingiz… Falonchi qiz falonchi yigit bilan gap bo’lsa, hamma ularni "chaynasa”, siz isyon ko’tarasiz: "Sevishganlarni tinch qo’ying.!” Yoxud biror dugonamiz yigitidan arazlab, chaqirib kelganida chiqmasa, siz muloyim gaplar bilan chiqishga ko’ndirasiz. Yoxud yigit dugonamizdan behuda shubhalansa, siz vijdoningizni qalqon aylab qizni himoya qilasiz. Nega.?.. Tushunmayman… tushunmas edim… Nega o’zingizning sevgilingiz yo’q, nega o’zingiz yigitlardan yiroq yurasiz, nega sevgi izhorlarini rad etasiz.? Nega bir suhbatimizda "Meni kim ham olardi?”-deb yig’lagandingiz.? Axir, to’rt muchangiz sog’, bir qizchalik husningiz bor, fe’l- atvoringiz mukammal, amaldor odamning qizi, katta o’qishdasiz, kelajagingiz porloq bo’lsa, bu gaplaringiz… Tushuna olmasdim… Men ortga qaytdim. Umringizning men bilan tanishguningizcha o’tgan lahzalariga ko’z tashladim: Siz baxtli edingiz. Institut tolibasi bo’lmish sizning ko’ngil ko’changizdan hali ishq qadamlamagandi. Ota-onangiz o’zlariday obro’li bir xonadonga quda bo’lmoqni istadilar. Bo’lg’usi turmush o’rtog’ingiz atigi bir marta (majburan!) uchrashuvga keldi. Shunday sovuq muomala qildiki… Uyga kelib onangizga yig’ladingiz: -unga bermanglar, ko’ngli yo’qqa o’xshaydi… -fotihasi buzilgan qiz bo’lib, yuzimizni yerga qaratasanmi.? –deya og’zingizni yopdi onangiz. To’y bo’ldi atlasu-adraslarda baxtli kelinday toblanib "salom” soldingiz, barmoq uchida choy uzatdingiz. Hammaning ko’zi kuydi. Sizning esa yuragingiz kuydi, yondi… Sevilmadingiz… Illo, sevdingiz… Xo’jangiz sevsa-sevgudek, barno yigit edi. Muomalasini aytmaysizmi.? Shu barno yigitning qachondan beri sevgani bor ekan-da.! Ota-onalar obro’ni, orzu havasni ro’kach qilgan yerda muhabbat baxtsizdir… Siz va xo’jangiz… mavqelar teng edi, ko’ngillar emas.! Siz ko’z ochib ko’rdingiz, uni sevdingiz. U esa o’zgani sevib ulgurgandi. Chimildiq… Bo’z yigitlar, bo’y qizlar orzusi sizlar uchun azob bo’ldi. O’rtada tog’day bo’lib YOLG’IZLIK yotdi… Ogoh bo’lgan yangalar "visir-visir” gap tarqatdilar. Qaynonangiz ayyuhannos soldi, o’g’lini tergashga kirishdi. Bu yoqda siz yana onangizga oh urdingiz: - Oyijon, obketi-i-ing… qizlik sha’nim borida ketayin bu yerdan… - Nailoj, qizim. Sabr qil, o’zingning, bizning sha’nimizni o’yla. Ketsang, odamlar nimalar deyishmaydi,- ko’zini olib qochdi onangiz. O’sha kun, o’sha tun… kattalarning "issiq-sovug’i”, yangalarning tazyiqi bilan o’rtadan yolg’izlik ketdi. Bir kunginaga… Uzilib, bir martagina hidlanib, so’ng… tashlab yuborilgan gul bo’ldingiz… Chin, xo’jangiz sizga hech yomon gapirmadi. Yig’latmadi. Siz o’zingiz yig’lab-yig’lab yashayverdingiz. O’zingizni, ota-onangiz, qaynota-qaynonangiz obro’siga, xo’jangizning badbaxt sevgisiga qurbonlik qilib yashayverdingiz… Baribir, bo’lmadi.! Bir kuni xo’jangiz sizga borini aytdi: - Iltimos, ket bu yerdan.! Meni o’z holimga qo’y.! seni sevmayman, sevolmayman.! Aziz bu insoningizning iltimosini, talabini bajo etdingiz-ketdingiz… Sizni hech bir g’iybat qo’rquvi ham to’xtatolmadi. Opajonim-a. shu nozik yelkalaringizga yashamoqning ulkan g’amini, qasosning zalvorini, begunohlik ma’suliyatini ortmoqladingiz. Poytaxtning eng nufuzli oliygohlaridan birida, eng oily bosqichda o’qiyotirsiz. Sizni bezdirgan qishlog’ingizni ham unutmaysiz. Borib turasiz. Bir borsangiz "o’sha”ning sevgan qizi bilan yana topishganini gapiradilar. Bir borsangiz "o’sha” ota-onasi bag’ridan ketib, sevgilisi bilan yashayotganini g’iybatlaydilar… Indamaysiz… Ostonangizda yana sovchilar tiziladilar. Otangiz ochig’ini aytadi: - Qizim meni… bizni kechir… Kimni tanlasang, ixtiyor o’zingda… Yana indamaysiz. Hozir, bilaman, shahzodangizni topdingiz. Lekin uning oppoq tulporiga mingashib ketishni istamaysiz. Yo’q, istaysizu oyoqlaringizni yerdan uzolmayapsiz. "Uning ota-onasi juvonni kelin qilarmidi, axir u bo’z yigit-ku”-deysiz. Opa, u o’tmishingizni biladi-ku. Bila turib sevadi. Nega baxtning ko’ksidan itaryapsiz?! Ota-onasiga aytishdan cho’chimang, aytavering. Tezroq aytingki, "bizni shuncha payt aldab yuribdi” demasinlar. Yoxud to’ydan so’ng yolg’onchi bo’lib, nafratga sazovor bo’lmang. Opa, siz gunohkor emassiz.! Gulday, shabnamday, nurday tozasiz, ishoning!.. Keling, sizga shoiraning bir she’rini aytib beraman: "Gunohkor emasman… gulligim uchun, Menga uzalmagan qo’llar gunohkor… Gunohor emasman… qulligim uchun, Meni deb yonmagan dillar gunohkor… Gunohkor emasman… hammasi uchun, Meni asrolmagan qo’llar gunohkor!..” Opa, eslaysizmi, Munira Jo’rabek qizining "Sevib sevilmagan qiz” nomli she’r kitobini birgalashib o’qiganimiz.? "Siz ham shu so’zlar bilan bitta she’r yozib bering. Bu kitobdagi she’rni hamma o’qigan, o’zganing dardi bilan yozilgan. Sizning she’ringizda faqat mening dardim bo’lsin, faqat menga atalgan bo’lsin”-devdingiz. Xo’p, yozaman. Faqat oldin shu gapimni aytib olay. - Siz bandasiga sevilmabsiz, illo, Allohga sevimlisiz. Buni Alloh sizni azoblab, sinovlarga tashlayotganidan bilmadingizmi.? Alloh suygan bandasigagina g’am, dard beradi, shuni unutmang.! Deraza qanotin yozadi bexos, Xonamga shabada kirar yoyilib. Ruhimni siypalab o’tadi bir ovoz, Jim turib qolaman dardga chayilib. O’ylayman dunyoga ko’zimni tikib, Yuragimni o’pib yig’laydi hurlar. Osmonning ko’ksidan oqadi sirqib Bahor hidi anqib turgan yomg’irlar. Har tun uxlasamu-turmasam deyman, Bilaman yodingiz uyg’otganini. Hanuz tushunmayman, bozor dunyoda Sizni nima uchun yo’qotganimni, Umrimni hayotga bazo’r tiradim, Yanada ko’p sevdim Allohimizni. Sevgilim, men undan sizni so’radim, Sevgilim, u aytsin gunohimizni. Bu vujud sabrni kiygan vujuddir, Kunlarning egniga sog’inch yopamiz. Toki koinotda ruhlar mavjuddir, Arshu-a’lolarda diydor topamiz. Yig’lasak yig’labmiz yolg’on dunyoda, Jannatlarga oqsin ko’z yoshlarimiz. Qanotga aylanib ketadi hali, Yelkamizdan ezgan bardoshlarimiz… Ishq bu-tariqatdir, go’zal tariqat, She’rga aylantirar har "oh”imizni Sevgilim, qandaydir… sog’indim faqat… Sevgilim… bilmayman gunohimizni… (I.U.ga Munavvardan)
|