"Otalar so’zi-aqlning ko’zi”, "Umr manzaralari”, "Turmush chorrahalari” kabi ko’plab televizion serliallar orqali siz o’quvchilarga tanish bo’lib kelayotgan yosh va iqtidorli aktrisa, qator diltortar taronalar ijrochisi, jozibali ovoz sohibasi, xonanda- Gulinoz (Gulnoza Saidova) bizning mehmonimiz! Blits-anketa:
Taxallusi: Gulinoz.
Tug’ilgan: 1981-yil, 24-mart, Surxondaryoda.
Mutaxassisligi: Musiqali drama teatri aktrisasi.
Ish joyi: "Muqimiy” nomli musiqali drama teatri.
Yaratgan obrazlaridagi asosiy qiyofa: Salbiy va murakkab.
Qo’shiqlari: "Ishonmayman”, "Sajda qilay”, "Xayr sevgi”,
"Akam bo’ling”, "Ona”, "Kutma”, "Ostini ko’na” va boshqalar.
Yaratgan rollari soni: 50 ga yaqin.
Hayotdagi shiori: Barchaga birdek yaxshi kayfiyat ulash!
Qo’rqadi: Tuhmatdan.
Hamkorlari: Shoirlardan: Rixsioy Hotamova, Abdunazar Beknazareov. Bastakorlardan: Dilmurod Matkarimov,Doniyor, Otabek.
Sahnadagi rollari: Netayxon ("Tobutdan tovush”), Gulsajda ("Sinfdosh”), Farida ("Muhabbatim-qismatim”), Zuli ("To’da”), Mehri ("Jaydari kelin”), Suqsuroy ("Bu chollar-yomon chollar”) va boshqalar.
– Gulinoz, ijodingizdagi yangiliklar talaygina shekilli. Buni chiroyli kayfiyatingizdan ilg’ab olish qiyin bo’lmayapti…
– Adashmadingiz. Yaqindagina afg’oncha stildagi "Ostini ko’na” qo’shig’imiz tayyor bo’ldi. G’oya, so’z va musiqasi ustozim, mashhur afg’on san’atkori Saburiga tegishli. Qo’shiqni Zokir Otaboyev bilan hamkorlikda yaratdik. Aranjirovka, kuy tanlash va ovoz yozish ham original tarzda kechdi. Shu kunlarda klip suratga olish taraddudidamiz. Afg’oncha qo’shiqqa Afg’onistondan liboslar keltirildi, dekoratsiyalar ham odatdagidek emas. Xudo xohlasa hammasi ko’ngildagidek bo’ladi!
– Aslida hayotda xuddi hozirgidek quvnoqsiz, kayfiyatingiz xushchaq-chaq, doimo tabassum qilasiz-u, lekin ekrandagi Gulnoza Saidovaning aksar ijrolari buning aksi, ya’niy salbiy qiyofalar? Butunlay teskari holatga kirishish qiyin bo’lsa kerak…
– Rolga kirishishdan oldin, agar ijobiy obraz bo’lsa, tomoshabin o’rnak olsin deyman, aksi bo’lsa ham shu obrazimni ko’irb kimdir qilayotgan xatolarini tuzatishiga ishonaman va bu menga yanada kuch bag’ishlaydi. Gohida kayfiyatim bo’lmasada quvnoqlikni faqat sahnada uddalayman, bu san’atkor uchun qonun! Aksincha yaxshi kayfiyatda ham yomon rollarni aks ettirgan paytlarim bo’lgan. Savolingizdagi qiyinlik haqida kelsak, harqalay besh yil tahsil olganmiz…
– Bugunning tomoshabini kechagidan farq qiladimi?
– Farq qiladi. Aytish kerakki judayam katta farq qiladi! Nimagaki bugun xalqimiz teatrga kirib shunchaki tomosha qilib ketmaydi, balki qandaydir ma’naviy ozuqa ham oladi, nimanidir o’rganadi. Bugunning tomoshabini sahna asarini tahlil qilib ketishni ham uddalaydi va aniqki kechanikidan farqlanadi.
– 8-9-10 iyul kunlari "Muqimiy” nomli musiqali drama teatrida premyerasi bo’lib o’tgan "Xonuma xonim” yoxud "Sovchiga er topildi” spektalidagi talqin etgan rolingizga soha vakillari yaxshi baho berishdi. Nazarimda eng ko’p guldastalar Sizga berilgan edi shekilli…
– Shundaymi?! (Kuladi) Obrazning tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingani xursand qilgani tabiiy, ammo buni birgina mening yutug’im deb sanash to’g’ri emas. Negaki Agarellining "Xonuma xonim” asarini sahnaga olib chiqishda, ko’plab san’atkorlar va mutaxassislarning mehnati singan. Jumladan tarjimon-Farhod Fayziyev, drijyor-Olimjon Komiljonov, rejissorlar-Ahad Farmonov hamda Guliruh Najidovalarning nomini alohida tilga olish kerak.
– Siz talqin etgan Kaboto ismli sovchi haqida ham to’xtalib o’tsangiz.
– Asardagi Xonuma hamma narsani hisobga oladigan, andishali, yoshini yoshiga, davlatini davlatiga va shaxsini shaxsiga mos qilib to’g’irlaydigan yaxshi sovchi bo’lsa, Kaboto aksincha, faqatgina pul va boylik uchungina sovchilikka boradi va oila qurdiradi. Endi spektakl nihoyasini taxmin qilavering. Albatta doimgidek ezgulik g’alaba qozonadi, lekin ungacha o’ta qiziq voqealar bo’lib o’tadi. Ming bor eshitgandan ko’ra, albatta bir bor ko’rgan afzal. Shuning uchun barcha muxlislarni albatta teatrimizga tashrif buyurib, spektaklni mazza qilib tomosha qilishga taklif etamiz!
– Oldinlari radio va televideniyeda Gulnoza Saidova sifatida namoyon bo’lar edingiz. Endi tanilayotgan bir paytda yana Gulinoz taxallusi bilan ijod qilayapsiz. Sabab?
– Bilasizmi, men uchun muhimi tanilish yoki mashhurlik emas, balki haqiqiy san’atkor bo’lish. Taxallusimga keladigan bo’lsak, bu azaldan an’ana-ku. Nodirabegim ham Uvaysiy ham taxallus bilan ijod qilishgan, Gulinoz ham shunday… (Kuladi).
– Agar san’atkor bo’lmaganingizda qaysi kasbni tanlar edingiz?
– (O’ylanib) O’rta-maxsus ta’limotni hisobchilik bo’yicha olganman. Hisobchi bo’larmidim?! Yo’g’-e, baribir san’atkor bo’lardim.
– Siz uchun qo’shiq kuylash nima?
– Go’zallik va baxt! Bilasizmi Parviz, agar bir kun qo’shiq kuylamasam ruhiyatim tushkun bo’ladi. Hech bo’lmasa ovozimni chiqarib hirgoya qilib qo’yaman. Qo’shiq kuylaganda ichimdagi qandaydir g’uborlardan xoli bo’lib, yengil tortaman. Qo’shiqsiz hayotimni umuman tasavvur qilaolmayaman, ishoning…
– Gulinoz nimadan qo’rqadi?
– Tuhmatdan! Tuhmat toshidan og’irroq hech narsa yo’q men uchun.
– Kimni muxlisisiz? Kimga taqlid qilasiz?
– Ozoda Saidzodaning ashaddiy muxlisiman, ijodi va san’atini qattiq hurmat qilaman, yaxshi ko’raman. Lekin hech kimga taqlid qilmayman.
– Rejalaringiz…
– Nima bo’lganda ham Surxondaryo qiziman. Surxoncha qo’shiq kuylamasam uyat bo’lar. Repertuarimga yaqin orada surxoncha stildagi qo’shiq joylashtirmoqchiman. Qishgacha muxlislarimiz uchun albom tayyorlash niyatim ham yo’q emas. Shunindek oldinda chet el safari ham bor!
– Barcha ezgu orzu-niyatlaringizning amalga oshishiga tilakdoshmiz. Ajoyib va samimiy suhbat uchun tashakkur!
– Salomat bo’ling!
Parviz Fattoyev suhbatlashdi.