Go‘zal xulq fazilati va yomon xulq mazammati
Olloh taolo o‘zining suyukli Payg‘ambarini maqtab, u zotta bergan ulug‘ ne'matini shunday eslatadi: «Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam, 4).
Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh solallohu alayhi vasallamning xulqi Qur'on edi» (Muslim rivoyati).
Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomdan go‘zal xulq haqida so‘radi. Rasululloh ushbu oyatni o‘qidilar: «Afv-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!» (A'rof, 199).
Keyin dedilar: «Go‘zal xulq - aloqani uzgan (qardoshing)ga bog‘lanmog‘ing, sendan qizg‘angan kishiga bermog‘ing, senga zulm qilganni kechirmog‘ingdir» (Anas rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Men go‘zal xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim».
Yana aytdilar: «Qiyomat kunida mezonning taqvo va husni xulq turgan pallasi naqadar og‘ir bo‘ladi!» (Abu Dovud, Termiziy rivoyatlari).
«Bir kishi Rasululloh ro‘paralariga kelib:
- Ey Ollohning rasuli, din nima? deb so‘radi.
- Go‘zal xulq, dedilar.
U kishi sarvari olamning o‘ng tomoniga o‘tib, yana savol qildi:
- Din nima, ey Ollohning rasuli?
- Go‘zal xulq, deb javob berdilar. Keyin so‘l tomonlariga o‘tib, yana:
- Din nima, ey Ollohning rasuli? deb so‘radi.
- Go‘zal xulq, dedilar Rasuli akram. So‘ng orqalariga o‘tib:
- Ey Ollohning rasuli, din nima? deya qayta so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom u kishi tomon o‘grilib:
- Go‘zal xulq, (go‘zal xulq esa) g‘azablanmasligingdir, endi tushundingmi?! dedilar» (Marvaziy rivoyati).
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi:
- Badbaxtlik nima, yo Rasulalloh?
- Yomon xulq! dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
- Menga nasihat qiling, dedi.
- Doimo Ollohdan qo‘rq! dedilar.
- Yana nasihat qiling, dedi u kishi.
- Yomonlikning izidan uni o‘chiradigan bir yaxshilikni ergashtir!
- Yana nasihat qiling.
- Odamlarga go‘zal xulq bilan muomala qil, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Termiziy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalomdan so‘raldi:
- Amallarning afzali qaysi?
- Go‘zal xulq! dedilar.
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: «Payg‘ambar alayhissalomga:
- Falonchi ayol kunduzlari ro‘za tutadi, kechalari bedor bo‘lib, namoz o‘qiydi. Biroq uning xulqi yomon: qo‘shnilariga tili bilan aziyat yetkazadi, deyishdi.
Shunda Rasuli akram:
- Uning bu ishlarida xayr yo‘q. U ayol jahannam ahlidandir, dedilar»
Abu Dardo dedi: «Rasulullohning shunday deganlarini eshitdim; «(Qiyomatda) taroziga qo‘yiladigan narsalarning eng avvalgisi go‘zal xulq va saxovatdir. Olloh taolo Iy-monni yaratdi. Shunda Iymon: «Ey Ollohim, meni quvvatlantir» dedi. Olloh uni go‘zal xulq va saxovat bilan quvvatlantirdi. Olloh taolo kufrni yaratdi. Shunda kufr: «Ey Olloh, meni quvvatlantir» dedi. Olloh uni baxillik va yomon xulq bilan quvvatlantirdi» (Hadisning boshqa rivoyati Abu Dovud va Termiziy «Sunan»ida keltirilgan).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Olloh bu dinni O'zi uchun tanladi. (Ya'ni bu dinning har bir amali xolis Olloh uchun bo‘lishi lozim.) Karam va go‘zal xulq bo‘lsagina Olloh diningizni isloh qiladi. Bas, diningizni karam va go‘zal xulq bilan ziynatlang» (Doruqtuniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: «Odamlarga mollaringiz bilan emas, ochiq chehra va go‘zal xulq bilan yuzlaning» (Bazzor rivoyati).
Rasuli akram aytdilar: «Sirka asalni buzgani kabi yomon xulq amalni buzadi» (Ibn Hibbon rivoyati).
Barro ibn Ozibdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida chehrasi va xulqi eng go‘zal inson edilar» (Xaroitiy rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh ko‘p duo qilar va der edilar: «Ollohim! Sendan sihhat, ofiyat va go‘zal xulq(berishing)ni so‘rayman» (Xaroitiy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlari Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Mo‘minning saxovati - uning dini, go‘zal xulqi - uning marta-basi, mardligi - uning aqlidir» (Ibn Hibbon rivoyati).
Usoma ibn Shariykdan rivoyat qilinadi: «Rasuli akramdan a'robiylar:
- Bandaga berilgan narsalarning eng yaxshisi nima? deb so‘rashdi.
- Go‘zal xulq, dedilar Rasuli akram» (Ibn Moja rivoyati),
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Sizlarning orangizda menga suyuklirog‘ingiz va Qiyomat kunida menga yaqinroq bo‘ladiganingiz axloqi go‘zallaringizdir» (Ta-baroniy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Uchta xislat bor. Kimda o‘sha uchta xislatdan bittasi bo‘lmasa ham qilgan amali hisobga o‘gmaydi. Bu - Ollohga ma'siyat qilishdan to‘sadigan taqvo, ahmoqni jilovlaydigan halimlik, odamlar orasida xushxulqlik» (Tabaroniy rivoyati).
Namozni boshlashlaridan avval Rasuli akram shunday duo qilardilar: «Ollohim, meni go‘zal axloqqa hidoyat qil. Sendan o‘zgasi meni chiroyli xulqqa hidoyat qilolmas. Ollohim, yomon xulqni mendan uzoqlashtir. Sendan o‘zgasi bu ishni qilolmas» (Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhu deydi: «Bir kuni Rasululloh bilan birga edik, dedilar: «Quyosh muzni eritgani kabi go‘zal xulq ham gunohlarni eritib yo‘qotadi» (Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Go‘zal xulq er kishining saodatidir» (Bayhaqiy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom Abu Zarga dedilar: «Ey Abu Zar! (Bilgilki), tadbir kabi aql yo‘q, go‘zal xulq kabi mavqe yo‘q» (Ibn Moja rivoyati).
Ummi Habiba Rasuli akramdan so‘radi:
- (Yo Rasulalloh), bir ayol ikki marta erga tekkan bo‘lsa, keyin u ayol ham, ikkala er ham dunyodan o‘tsa va barchasi jannatga kirsa, ayol qaysi erga tegishli bO'ladi?
- Dunyo hayotida qaysi erning xulqi go‘zal bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanga tegishli bo‘ladi. Ey Ummi Habiba! Go‘zal xulqni dunyo va oxirat yaxshiligi bilan beza!» (Bazzor va Taba-roniy rivoyatlari).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «To‘g‘ri musulmon o‘zining go‘zal xulqi va saxovati bilan kunduzlari ro‘zador, kechalari ibodatda bedor kishi darajasiga yetadi» (Imom Ahmad rivoyati).
Abdurahmon ibn Sumra deydi: «Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida edik, dedilar: «Ertalab ajib tush ko‘rdim. Ummatimdan bir kishi tiz cho‘kkan holida turardi. Olloh va uning o‘rtasini parda to‘sgan edi. Bir payt uning go‘zal xulqi kelib, egasini Olloh taoloning huzuriga kiritdi» (Xaroitiy rivoyati).
Rivoyat qilinadi, Umar ibn Xattob Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga kirishga izn so‘radi. O'sha payt Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida qurayshlik ayollar bor edi. Ular baland ovozda Rasulloh bilan gaplashardilar. Umar roziyallohu anhuga kirishga izn berilgach, ayollar shosha- pisha ro‘mollarining u yog‘, bu yog‘ini tuzata boshlashdi. Umar kirgach, Rasululloh kuldilar. Shunda Umar:
- Ota-onam Sizga fido bo‘lsin, ey Ollohning rasuli, nega kulyapsiz? - dedi.
- Anavi ayollarga ajablanyapman. Sening ovozingni eshitib, shoshib qolishdi, dedilar Rasuli akram.
- Axir ular mendan emas, Sizdan tortinishlari kerak. Siz bunga haqliroqsiz, ey Ollohning rasuli, deya Umar ayollar tomonga yuzlandi va:
- Ey, o‘z joniga o‘zi dushman xotinlar! Nima, mendan hayiqib, Ollohning rasulidan hayiqmaysizlarmi? dedi.
- Ha, siz Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga qaraganda qo‘pol va qo‘rs odamsiz, deyishdi qurayshlik ayollar.
Shunda payg‘ambar alayhissalom:
- Ey Xattobning o‘g‘li! Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, shayton hech qachon senga ro‘parama-ro‘para kelolmaydi, Balki (sendan hayiqqanidan) boshqa ko‘chadan yuradi» (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Yomon xulq kechirilmaydigan gunoh, yomon gumon esa hidi tez tarqaluvchi xatodir» (Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Banda o‘zining yomon xulqi tufayli jahannamning eng tubiga qulaydi» (Tabaroniy rivoyati).
Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasidan so‘radi:
- Otajon, insondagi xislatlarning qaysisi yaxshiroq?
- Dini, dedi Luqmoni Hakim o‘g‘liga.
- Demak, ikkitami: dini va moli? Yo uchtami: dini, moli va hayosi? Yoki to‘rttami: dini, moli, hayosi va go‘zal xulqi? Yoxud beshtami: dini, moli, hayosi, go‘zal xulqi va saxovati? Yo oltitami...? deya yaxshi xislatlarni bir-bir sanayotgan o‘g‘liga ota:
- Bolajonim, agar kishida bu beshta xislat jamlanilsa, demak u, haqiqiy muttaqiy, Ollohning do‘sti, shaytondan xalos bo‘lgan insondir».
Hasan Basriy deydi: «Kimning xulqi yomon bo‘lsa, o‘zini o‘zi qiynaydi».
Anas ibn Molik aytadi: «Shunday banda bor, chiroyli xulqi bilan jannatning baland darajalariga yetadi, garchi obid bo‘lmasa ham. Shunday banda bor, yomon xulqi sababli do‘zaxning eng quyi qavatlaridan joy oladi, garchi obid bo‘lsa ham».
Yahyo ibn Muoz deydi: «Axloqning kengligi rizqlar xazinasidir».
Vahb ibn Munabbih aytadi: «Yomon xulq chil-chil singan ko‘zaga o‘xshaydi. Uni na yamab bo‘ladi, na loy holatiga qaytarib».
Fuzayl ibn Iyoz deydi: «Menga xulqi yomon obidning hamroh bo‘lganidan ko‘ra, xulq;: yaxshi fojirning hamroh bo‘lgani suyukliroq».
Junayd Bag‘dodiy aytadi: «To‘rtta sifat bandani yuksaklarga ko‘taradi. Garchi uning ilmi va amali kam, lekin tabiati halim, tavozu'li, qo‘li ochiq-saxiy va xulqi chiroyli bo‘lsa, bu iymonning mukammalligidan darak».
Umar roziyallohu anhu dedi: «Go‘zal axloqingiz bilan odamlarga qo‘shiling, solih amallaringiz bilan ulardan ajrab turing».
Yahyo ibn Muoz aytadi: «Yomon xulq yonida qancha yaxshiliklar bo‘lsa ham foyda bermaydi. Yaxshi xulq yonida qancha yomonliklar bo‘lsa ham zarar bermaydi».
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan: «Mukarramlik nima?» deya so‘raldi. «Olloh taoloning Kitobida bu haqda shunday deyilgan, dedi Ibn Abbos va quyidagi oyatni o‘qidi: «Albatta sizlarning Olloh nazdida eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot, 13).
- Hasab nima? deya so‘raldi,
- Orangizda kimning xulqi go‘zal bo‘lsa, hasab (mavqe-martaba) jihatidan eng afzalingiz o‘shadir. Har bir binoning asosi bo‘ladi. Islomning asosi - go‘zal xulq».
Ato deydi: «Baland darajaga faqat go‘zal xulq bilan yetiladi. Hech bir kishi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoda bo‘lganidek go‘zal xulq kamoliga erishmagan. Solihlar go‘zal xulq bilan Olloh taologa yaqin bo‘lishgan».
Abu Homid G'azzoliyning "Riyozatun nafs" kitobidan olindi