Shu yilning 22-mart kuni reliz qilingan Firefox 4 brauzeri Internet foydalanuvchilarining orasida undan sal avvalroq, ya’ni 14-mart kuni to‘liq versiyasi taqdim qilingan Internet Explorer 9 brauzeriga qaraganda uch marta ko‘proq qiziqish uyg‘otdi. Mozilla Foundation jamg‘armasining rasmiy blogida keltirilishicha,
24 soat ichida yangi Firefox 4 brauzeri 7,1 million marta ko‘chirib
olingan. Aksincha, Microsoft korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan
IE9 brauzeri esa bir sutka ichida 2,3 million marta ko‘chirib olingan.
Mozilla korporatsiyasining bosh direktori Geri Kovach o‘zining
blogida shunday yozadi: "Firefox 4 oldingilariga qaraganda yanada ko‘zga
tashlanib turadi, u "brauzer” so‘ziga yangicha ta’rif berdi”. "Endi u
shunchaki veb-sahifalarni ko‘rish uchun mo‘ljallangan dastur emas, balki
u o‘zimizning onlayn hayotimizni o‘taydigan, xavfsiz axborot
almashiladigan muhitdir”.
Firefox 4 brauzerining ishlash tezligi ancha oshgan, interfeys
zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan hamda u eng so‘nggi veb-standartlarni
to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi. Brauzer Windows XP, Windows Vista,
Windows 7, Linux va Mac OS X operatsion tizimlarida ishlaydi. Bu borada
ham "olovrang tulki” IE9 ustidan "g‘alabaga” erishgan, chunki IE9
hozircha faqatgina Windows Vista va Windows 7 operatsion tizimlarida
ishlaydi xolos. infoman.uz
|