E’tiqodi yo’qning hayosi yo’q!
Hayo insondagi buyuk bir fazilat bo’lib, u har lahza insonni insoniylik sha’niga noloyiq ishlardan qaytarib turadi. Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: “Hayo faqatgina yaxshilik keltirar.” Shuningdek, rasululloh s.a.v. hayo imon-e’tiqodning ajralmas bir bo’lagi ekanining xabarini berdilar. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar: “Imon-e’tiqod oltmish (ba’zi rivoyatlarda etmish) dan ortiq qismdan iboratki, uning eng oily darajsi “La ilaha illalloh” kalimasi bo’lsa, quyi darajasi (odamlar yuradigan) yo’ldan (ularga) ozor etkazadigan narsalarni olib tashlash (bilan bo’ladi). Hayo ham imonning bir bo’lagidir.” (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim va boshqa muhaddislar rivoyati)
Rasululloh s.a.v. (bir kuni) bir kishining birodarining hayoli, uyatchanligi uchun unga dashnom berayotganligining ustidan chiqib qoldilar. Shunda unga “Uni tinch qo’y! Hayo-bu imonning bir bo’lagi! ” degan edilar.
Yuqoridagi hadislar hayoning buyuk fazilat ekaniga yetarli asosdir. Ibn al-Qayyim bu borada quyidagi fikrlarni bildirgan: “Hayo so’zi arab tilida “hayat”-tiriklik, harakat so’zidan yasalgan. Shu bois qalbning hayotiylik darajasi hayoning undagi o’rni, quvvatiga qarab belgilanadi: hayoning kamligi-bu qalb va ruhning o’likligidan nishona. Qalb tirik bo’lishi uchun hayo mukammal bo’lmog’i lozim. Hayo bu shunday fazilatki, u insonni behayo ishlarni qilishiga monelik qilib, birovning haqqini urib qolishiga to’sqinliklik qiladi.”
Hayo odatda ikki xil bo’ladi: 1.Banda va xudo o’rtasidagi hayo; 2.Odamlar o’rtasidagi hayo;
Banda va xudo o’rtasidagi hayo-bu bandaning Rabbisi ko’z o’ngida Uning buyruqlariga teskari ish qilishi, unga osiylik qilishidan uyalishi, hayo qilishidir. Ushbu tur hayoni payg’ambarimiz s.a.v. quyidagicha bayon qiladilar: “U zotdan chinakamiga uyaling! Ular (sahobalar) biz ham hayo qilayotirmiz, deyishdi. U zot s.a.v. sizning hayoyingiz bo’lmaydi (yaramaydi). Alloh taolodan chinakamiga hayo qiladigan kishi boshi va aqlu ongini, qorni va havoyi nafsini jilovlab, muhofaza qila oladi, o’lim va (boshiga tushgan) falokatni doimo yodida tutadi. Oxiratni degan kishi dunyo ziynatiga ko’ngil bermaydi. Mana shu ishlarni qila oladigan kishi chinakamiga Alloh taolodan uyaladigan, hayo qiladigan kishidir.” (Imom at-Termiziy rivoyati) Rasululloh s.a.v. banda va xudo o’rtasidagi hayoni mana shu uslubda bayon qildilar, uning ba’zi bir jihatlarini ko’rsatib o’tdilar: demak, bu- tanasidagi a’zolarning gunoh ish qilishidan tiyish, o’lim haqligini eslab turish, dunyoga ko’ngil bermaslik, oxirat ishlari qolib dunyo ortidan quvib, uning lazzatlari bilan ovora bo’lib qolishdan ehtiyot bo’lishdir.
Odamlar o’rtasidagi hayo kishini insoniylik sha’niga noloyiq ishlarni qilib qo’yishdan qaytarib turadi. Shu bois kishi odamlarning uni biron bir gunoh, noloyiq bir ish ustida ko’rib qolishini o’zi uchun ayb deb biladi. Bu kabi hayo kishini beodob, behayo bo’lishining oldini oladi. Alloh taolodan chinakamiga uyalgan kihsi esa har bir holatda-odamlar orasida bo’ladimi yoki yolg’iz qolgandami-Alloh man qilgan ishlarni qilmas. Bu esa Alloh taoloni tanishdan, uning ulug’vorligi, salobatini anglab yetishdan, bandasining oshkora-yu maxfiy ishlaridan ogoh ekanligini butun vujudi bilan his qilishdan hosil bo’lgan bandalik hayosidir. Mana shu hayo imon-e’tiqodning ajralmas bir bo’lagi. Odamlarning o’zaro o’rtalaridagi hayo kishini yomon hatti-harakat va yomon xulqdan uzoq bo’lishga-og’zi buzuq, chaqimchi, benomus, axloqsiz bo’lishiga, gunoh va behayo ishlarni bemalol qilishiga yo’l bermaydi. Bandaning Rabbisidan qilgan hayosi esa uni ichki, maxfiy, sirli, ma’naviy buzuqlikdan tiyilishiga sabab bo’ladi. Demak, Rabbisidan hayo qilmay odamlardan hayo qiladigan kishi chinakam imon-e’tiqodi bo’lmagan hayoli kishidir. Rasululloh s.a.v. bunday deganlar: “Odamlarning mendan oldingi payg’ambarlarning aytgan gaplari (keltirgan xabarlari) dan idrok qilib olganlari: uyalmasang, bilganingni qilaver, bo’ldi.”(Imom al-Buxoriy rivoyati)
Hayosi yo’q kishi ko’ngli tusagan ishga qo’l urishi mumkin. Sahoba Salmon al-Forsiy r.a. bunday deganlar: “Alloh taolo qaysi bir bandasini (uning qilgan ishi sabab) halok qilishni iroda etgan bo’lsa, undan avval hayo libosini yechib olar. Shunda u yoqimsiz kishi bo’lib qoladi. Bunday yoqimsiz kishidan keyingi galda sadoqat, rostgo’ylik libosini yechib olar. Endi u xoin, sotqinga aylanib qoladi. Keyin bunday xoin, sotqindan rahm-shafqat libosini tortib olar. Endi u toshbag’ir inson bo’lib qolar. Keyin bunday bag’rioshdan imon libosini echib olarki, endi u bamisoli la’nati shayton bo’lib qolar.”
Ibn Abbos r.a. bunday deganlar: “Hayo va imon-e’tiqod ikkisi bamisoli egizakdir. Biridan mahrum bo’lgan kishi ikkinchisidan ham ajralib qolishi muqarrar.”
Yuqoridagi hadislardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, kimda-kim hayo libosidan mahrum bo’lsa, u haromdan tap tortmaydigan, qilayotgan manfur ishlarini xayrli deb hisoblaydigan, gunoh ish qilishdan qo’rqmaydigan bo’lib qoladi. Qilayotgan razilligi bilan faxrlanadi.
“Rabbilaridan g’oibona qo’rqadigan kishilar katta-katta ajru mukofot sohibidirlar. Siz oshkarami, maxfiymi gapiravering!… Shubhasiz, U qalbdagini biluvchi zotdir. Ey, U zot lutfu karam sohibi, (barcha narsadan) ogoh zot bo’lsa, yaratib qo’yganini (juda yaxshi) biladi!”(Mulk surasi 14 oyat)
|