Do’st tanlash haqida
38-hikmat;
اباك و مصادقه الاحمق ، فانه يريد ان ينفعك فيضرك و مصادقه البخيل ، فانه يبعد عنك احوج ماتكون اليه ، و اياك و مصادقه الفاجر، فانه يبيعك بالتافه ، و اياك و مصادقه الكذاب ، فانه كالسراب : يقرب عليك البعيد و يبعد عليك القرب
Tarjimasi: Nodon odam bilan do’stlashmagin, chunki bunday do’st senga foyda keltiraman deb zarar keltiradi. Baxil odam bilan ham do’stlashmagin, zero u sen unga eng muhtoj bo’lib turgan paytingda seni tashlab ketadi. Fojir odam bilan do’stlashma, zero u seni eng arzon qiymatga bo’lsa ham sotvoradi. Yolg’onchi odam bilan ham dost bo’lmagin, chunki sening ko’zingga uzoq narsani yaqin qilib va yaqindagini esa uzoq qilib ko’rsatadi.
Izoh: Hazrat rasuli akram (saov) va shuningdek hazrat Ali (alayhi salom) eng ko’p ta’kidlab o’tgan masalalaridan biri bu do’stni tanlashni bilish haqidadir. Shunki aybu kamchiliklari ko’p bo’lgan odam o’z do’stiga ham yomon tasirini o’tkazmay qo’ymaydi. Shuning uchun tanlagan do’stlarimizda hech bo’lmaganda aytilgan to’rt sifat yani nodonlik, baxillik, fojirlik va yolg’onchilik bo’lmasligi kerakdir.
Nodon odam garchi samimiy bo’lishi mumkin bo’lsa-da, lekin aqlining kaltaligidan foyda va ziyonni bir-biridan yaxshi ajrata olmaydi va shuning uchun o’zi istamagan holda bo’lsa-da zarar yetkazishi mumkin.
Baxil odam esa molu dunyoga o’ch bo’lganligi uchun toki do’sti muhtoj bo’lmagunicha uning yonida bo’ladi. Lekin mabodo do’sti qiyinchilikka duch kelib yordamga muhtoj bo’ladigan bo’lsa, u holda o’z boyligini ayagan baxil do’stligidan ham osonlikcha kechib qo’ya qoladi.
Fojir va gunohkor odamlar bilan ham do’stlashish yaramaydi. Zero unday odamlar oxiratlarini dunyoga almashganlar. Do’stlarini ham arzimagan narsaga almashishlari tabiiydir.
Yolg’onchi odam ham do’stlashishga loyiq emasddir. Chunki u qilgan yomon amallarini yaxshi qilib ko’rsatadi. Natijada yolg’onchi odam bilan do’stlashgan odam bora bora yaxshi amallarni yomon ko’rib qoladi, o’zi ham yaxshi amallarni tark qiladi. Boshqa tarafdan esa yomon ishlarni qila boshlaydi, chunki bunday amallar ko’ziga chiroyli ko’rinib qoladi. Shunday ekan aziz do’stim, do’st tanlashga alohida ahamiyat bergin , ehtiyot bo’lginki tanlagan do’stlaring sanab o’tilgan 4 guruh odamlardan bo’lmasin.
|