Diqqat, qalbaki! Qanday qilib haqiqiy atirni qalbakisidan ajratish mumkin? Sir emaski, bizning murakkab davrimizda har qanday mahsulotning ko’pgina qalbakilari paydo bo’la boshladi. Bundan parfyumeriya ham mustasno emas— attorlik mollari "qalbaki” mahsulotlar ishlab chiqaradiganlar uchun eng daromadli sohalardan biri hisoblanadi. Ularning barchasiga shunchaki qo’l silkib qo’yish ham mumkindek, biroq qalbaki atir-upa mahsulotlari inson sog’lig’i uchun tobora xavfli tus olmoqda.
Atirni yoki atir suvini sotib olayotganda aldanib qolmasligingiz uchun ushbu "nozik” mahsulotni tanlash jarayoniga juda e'tiborli bo’lishga to’g’ri keladi, sababi, aynan atirlarni qalbakilashtirish hozirda juda keng tarqalgan. Yashirishga hojat yo’q, ko’pgina xaridorlardagi moliyaviy imkoniyatlar bir-biridan ancha farq qiladi, shu sababli o’zlari istagan atirni sotib olishlari uchun faqat attorlik mollariga ixtisoslashgan do’konlarga har doim ham tashrif buyurish imkoniyatlari yo’q. Boshqa savdo nuqtalaridan esa omadlari yurishsagina sifatli, bo’lmasa sifatsiz, hatto hayot uchun xavfli mahsulotni sotib olishlari ham mumkin. Shuning uchun xarid qilayotganingizda sergak bo’ling va sizni qiziqtirgan yoki shubha tug’dirgan barcha narsalarni sotuvchidan so’rashga uyalmang.
Agar siz atirni biror do’konchadan sotib olishga majbur bo’lsangiz, hech bo’lmasa uning ’ramiga diqqat bilan e'tibor qarating, atir qutisining o’zi ham sizga ko’p narsalarni "aytib berishi” mumkin. Ba'zi hollarda xaridor mahsulotning qalbakisini tashqi ko’rinishidan ham ajratib olsa bo’ladi. Haqiqiy atir qalbakisidan nimasi bilan farq qiladi?
Mahsulotni sizga ijobiy tarzda tavsiya qilishgan do’kondan va atirni albatta hidlab ko’rish imkoniyati bo’lgan vaziyatda sotib olishga harakat qiling. Atir namunasi gubkaning kichik bir bo’lagida yoki bo’lmasa kichik qog’ozchada bo’lishi mumkin. Biroq shuni hisobga olingki, bunday hollarda namunadagi hid bilan atirdagi ufor bir-biriga uncha mos kelmasligi ehtimoli bor.
O’rami. Atir qutisining qog’ozi mustahkam, sifatli va barcha yozuvlari aniq-tiniq yozilgan bo’lishi kerak. Agar atir sellofanga o’ralgan bo’lsa, u qutiga yaxshi jipslangan, barcha buklam va tikuvlari tekis va tartibli ekanligiga e'tibor qarating. O’ramdagi yozuvlarni diqqat bilan qarab chiqing. Qutida shtrix-kod belgisi albatta bo’lishi kerak.
Har bir qutida fransuz yoki ingliz tilidagi "Fransiyada tayyorlangan” degan yozuv albatta bo’lishi lozim. Agar «Made in France»ning o’rniga oddiygina «France» deb yozilgan bo’lsa, yaxshisi mahsulotni sotib olmagan ma'qul. Bu kabi atirlarning qaerda ishlab chiqarilgani no'malum bo’ladi. Atir qutisida alkogol miqdorining foizi ko’rsatilgan bo’lishi shart. Ba'zi bir firmalar atirdagi moddalar tarkibini, undagi efir moyi foizini ko’rsatib o’tadi, biroq bu sizga unchalik kerakmas.
Shunday fikrlar bo’ladiki, go’yo sellofan qoplama haqiqiy atirlargagina xos. Ammo aslida unday emas. Ko’pgina kompaniyalar atir qutisini ataylab "yalang’ochlab” qo’yadi. Buning sababi, xaridor o’ramning naqadar sifatli tayyorlanganligi va uning betakror dizaynini baholash imkoniga ega bo’lish uchun shunday yo’l tutishadi. Shu bilan birga atir shishasini ushlab ko’rish imkoni ham tug’iladi, bunday hollarda atirga maftun bo’lmagan xaridor kam topiladi. O’z atirlarini qalbakisidan himoyalash maqsadida mashhur firmalar original, qimmat atir shishalarini yuqori sifatli shisha yoki billurdan tayyorlatishadi. Atir shishasi qanchalik g’ayrioddiy bo’lsa, uni qalbakilashtirish shunchalik qiyin. Taqlidchi firma bunday shisha tayyorlashga hech qachon urinmaydi, buni bajarish texnik jihatdan ancha qiyin va qimmatga tushadi.
Aytish lozimki, istagan yaxshi do’konda namoyish uchun qo’yilgan atir o’rami bo’ladi. Bu shuni anglatadiki, siz sotuvchidan qutining ichki qismini, shuningdek atir shishasini ko’rsatishni talab qilishga haqqingiz bor. Bunday paytda, agar atir spreyli bo’lsa siz uning yaxshi ishlayotgani yoki yo’qligi tekshirib ko’rishingiz ham mumkin.
Atir shishasi. Atir shishasining o’ziga qam e'tibor qarating. O’zini hurmat qiluvchi firma atir shishasini nuqsonli qilib sotuvga chiqarmaydi — ya'ni shisha hech qachon usti notekis, shisha ichida havo pufakchalari bo’lmaydi. qutida ham, shishaning o’zida ham ushbu atirning hajmi ko’rsatilgan bo’lishi lozim (millilitrlarda). Haqiqiy atir shishali (va ba'zida metallli), zichlab mahkamlangan qutida, lakli chiziq bilan o’ralgan shaklda bo’ladi.
Atir va atir suvlariga nisbatan qandaydir, biroq to’la bo’lmagan sifat kafolatini u yoki bu parfyumeriya mahsulotini har tomonlama fizik-kimyoviy va tibbiy-biologik tekshuruvlar asosida taqdim etiladigan muvofiqlik sertifikati beriladi. Ushbu sertifikat savdo amalga oshiriladigan hamma do’konlarda bo’lishi lozim va siz uni talab qilishga haqqingiz bor. Agar sizga uning tarkibi bilan tanishib chiqishingizga ruxsat berishmasa, demak taklif etilayotgan mahsulot va uning sifatining haqiqiyligiga shubha bildirishingiz uchun asoslar yetarli.
E'tibor bering, haqiqiy sertifikatda nusxa olingan emas, "jonli” tamg’a bo’lishi shart. hujjat faqat bir turdagi mahsulot uchun beriladi (agar bir necha mahsulot nomi bitilgan sertifikatni ko’rsatishsa, bilingki, bu – qalbaki), agar sizga sertifikatni ko’satishmasa, RF hukumati qoshidagi monopoliyaga qarshi siyosat bo’yicha Davlat komissiyasiga qo’ng’iroq qiling.
Bundan tashqari, har bir mahsulotga annotasiya ilova qilinadi. Agar u mavjud bo’lmagan holatlarda sertifikatda mahsulotning to’liq sifat ko’rsatgichlari aytib o’tilgan bo’lishi zarur. Ko’pgina taniqli firmalar o’z atirlarini ishlab chiqarish uchun lisenziyalarini "uchinchi” mamlakat ishbilarmonlariga sotishgan. Bunday hollarda atirlar sifati pasayishi ehtimoli katta. Shuning uchun bunday mahsulot narxi birmuncha past bo’lishi kerak. Qutisi buzilmagan atirlarning rasmiy saqlanish muddati – bir yil. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, aslida o’z tarkibini o’zgartirmasdan uch yilgacha turishi mumkin, faqat ushbu vaziyatda bunday uzoq saqlash uchun yetarli sharoitlar bo’lishi kerak, albatta . Ammo bu do’konchalardan yoki bozordan sotib olinadigan atirlarga tegishli emas.
Sotib olingan atirning sifatini tekshirib ko’rish juda oson: mahsulotni sovutgichga qo’ying. Agar mahsulot tarkibi xiralashsa, demak bu – qalbaki. Uni tortinmasdan egasiga qaytaring.
Faraz qilaylik, yoqtirgan atiringizning haqiqiy ekanligiga sizda shubha uyg’ondi, biroq uning hidi ta'bingizga to’g’ri kelmoqda. Balki tavakkal qilgan holda sotib olish kerakdir? Ammo bunday tavakkal o’zini oqlashi mushkul. Davlat komissiyasi mutaxassislarining ma'lumotlariga ko’ra, qaerda va kim tomonidan ishlab chiqarilgani no'malum bo’lgan atir ushbu mahsulotga qo’yiladigan gigienik talablarga ko’pincha javob bermaydi. Gohida ular allergiya keltirib chiqaradigan hid beruvchilarga ega bo’lishadi. Yana shunday qolatlar uchraydiki, soxta firma vakillari atir ishlab chiqarishayotganlarida etil spirtini metil bilan almashtirishadi, bu esa siz uchun qayg’uli tugashi mumkin. Agar bu tarzdagi atir, misol uchun lablaringizga tegadigan bo’lsa, shubhasiz og’ir zaharlanishni keltirib chiqaradi.
|