Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Ayni kunlarda maktab yarmarkalarida o‘quvchilar uchun barcha zarur o‘quv qurollari mavjud. Birgina yozuv daftarining o‘nlab turini uchratasiz.
– Maktab yarmarkasidan farzandlarimga o‘quv qurollari xarid qildim, – deydi zangiotalik Qahramon Arenboyev. – “O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyida ishlab chiqarilgan yozuv daftari menga har jihatdan ma’qul keldi. Uning muqovasida Muso al-Xorazmiyning surati tushirilib, tug‘ilgan yili va vafot etgan sanasi yozilgan. Orqa sahifada esa ko‘paytirish jadvali, o‘lchov birliklari aks ettirilgan. Bu esa o‘quvchining bilimini boyitishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimiz o‘quvchilarining yozuv daftarlariga, kundalik hamda rasm daftarlariga bo‘lgan ehtiyoji ta’minlanmoqda. Biroq, ular orasida chetdan keltirilayotgan mahsulotlar ham bor. Xo‘sh, chetdan keltirilayotgan ushbu yozuv daftarlarining nafaqat sifati, balki dizayni, muqovasiga tushirilgan suratlari bizning mentalitetimizga qanchalik to‘g‘ri keladi? U yoshlarimiz ma’naviyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Afsuski, bu haqda har doim ham chuqur o‘ylamaymiz. Xorijdan keltiriladigan daftarlar aksariyatining muqovasiga milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga mutlaqo zid, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongi, tafakkuri hamda tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan behayo, zo‘ravonlik, maishatbozlik va boshqa illatlarni targ‘ib qiladigan suratlar bilan bezatilganiga ko‘p ham e’tibor bermaymiz.
– Bolani yosh niholga, uning tasavvurini esa oppoq qog‘ozga o‘xshatish mumkin, – deydi Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari o‘rinbosari Shavkat To‘rayev. – Bugungi globallashuv jarayonlarida shiddat bilan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” yoki boshqa turli buzg‘unchi g‘oyalar bu niholni osongina bukishi, oq qog‘ozga dog‘ tushirishi hech gap emas. Yozuv daftari ham ana shunday kimsalarga o‘z g‘oyalarini singdirishi uchun o‘ziga xos qurol bo‘lishi mumkin. Chunki o‘quvchi har kuni foydalanadigan daftar kuchli tarbiya vositasidir. Uning muqovasidagi surat, shakl yoki jumla o‘quvchi ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Xususan, zo‘ravonlik, behayolik, odobsizlikni targ‘ib etuvchi tasvirlardan, avvalo, ota-onalar xabardor bo‘lishi va ulardan o‘z farzandini himoya qilishi zarur. Har bir ota-ona farzandiga o‘quv qurollari xarid qilayotganida ana shu jihatlarga e’tibor qaratsa, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi to‘siq bo‘ladi.
Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidagi “Ilm shu’lasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining kanselariya mollari bozori vakili Ulug‘bek Sodiqovning aytishicha, 500 dan ortiq turdagi kanselariya mollari va o‘quv qurollari shu yerdan barcha viloyatlarga tarqatiladi.
Bozorni kuzatarkanmiz, do‘konlar rastalarida har tomonlama talabga javob beradigan, sifatli, eng asosiysi, o‘zimizda ishlab chiqarilgan daftarlar tobora ko‘payib borayotganiga amin bo‘ldik. Bozor ma’muriyati vakili bu yerdagi har bir tadbirkor belgilangan talablarga javob bermaydigan mahsulotlarni sotmaslik haqida tegishli hujjatga imzo chekkanini ta’kidladi.
Taassufki, bu yerda sotilayotgan o‘quv qurollari, jumladan, yozuv daftarlarining hammasi ham sifat standartlariga, ma’naviyatimizga, milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmas ekan. Daftarlar orasida muqovasiga turli filmlar qahramonlari, yarim yalang‘och qizlar, qimorbozlar kartasi, ajnabiy qo‘shiqchi va aktrisalar surati tushirilganlari ham uchraydi. Ularning ko‘pchiligida na ishlab chiqaruvchi, na sifat sertifikati to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Ma’lum bo‘lishicha, bunday yozuv daftarlari yurtimizga yashirincha olib kelinayotgan ekan. Shuningdek, shaxsiy foyda ketidan quvayotgan ayrim tadbirkorlarimiz ham shunday behayo ko‘rinishdagi daftar ishlab chiqarmoqda. Yozuv daftarlari bolalar hayotiga birinchi sinfdan kirib kelishini, undan o‘quvchi kuniga bir necha bor foydalanishini, muqovasiga katta qiziqish bilan qarashini, undagi surat qahramoniga o‘xshashga, yozuvlarini bilish va yodda saqlab qolishga intilishini hisobga olsak, daftarlar muqovasiga bosilayotgan turli surat va ma’lumotlar yoshlar ma’naviyati, dunyoqarashining shakllanishida qanchalik muhim vosita ekanligi ayon bo‘ladi.
Shu bois ham bir qarashda oddiy holat bo‘lib tuyulgan, aslida muhim hisoblangan bu masalaga befarq qarab bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 18 avgustda qabul qilingan “Iste’mol bozorini yozuv daftarlari bilan ta’minlashni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarorida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq belgilab berilgan.
Mamlakatimizda ichki iste’mol bozori va ta’lim muassasalari o‘quvchi hamda talabalarini Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari hamda milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga mos sifatli yozuv daftarlari bilan ta’minlash ishlarini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan ushbu qarorda muqovasida yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan suratlar aks ettirilgan, sifatsiz yozuv daftarlari sotilishi va bunday mahsulotlar yurtimizga kirib kelishining oldini olish, mamlakatimizdagi mavjud yozuv daftarlari ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlar faoliyatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “O‘zstandart” agentligi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari va boshqa tegishli idora hamda tashkilotlar tomonidan ushbu qaror ijrosini izchillik bilan ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Ayni paytda sotuvga chiqarilgan o‘quv anjomlari sifati yuzasidan doimiy monitoring olib borilib, yozuv daftarlari uchun gigiyenik talablarni belgilovchi sanitariya qoida va me’yorlari ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi matbaa korxonalari tomonidan 4 million donadan ortiq yozuv daftarlari ishlab chiqarilib, iste’mol bozoriga yetkazildi. Bu raqamlar o‘tgan yilning shu davridagiga taqqoslanganda ancha ko‘pdir.
– Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yozuv daftari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 16 matbaa korxonasi yiliga 320 million donadan ortiq daftar ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Jo‘rayev. – Bu ko‘rsatkich yurtimizda o‘quvchi va talabalarning daftarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish hamda uni eksport qilish uchun ham imkoniyat yetarli ekanligidan dalolatdir.
Yurtimizda yozuv daftarlari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Matbaa mahsulotlari ishlab chiqarishni tartibga solishning barcha huquqiy asoslari va standartlari ishlab chiqilgan. Daftar ishlab chiqaruvchilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Joylardagi tegishli korxonalarga yozuv daftarlari ishlab chiqish uchun qo‘yiladigan talab va tavsiyalar yetkazildi. Unda turli fanlar bo‘yicha daftarlar qanday bezatilishi, muqovasining mazmun-mohiyati, rangi, yozuvlarning joylashuvi, texnik talablar aniq hisob-kitoblar asosida ko‘rsatilgan.
Daftar muqovasida Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk bobolarimizning rasmlari va baytlari o‘rin olishining yuksak tarbiyaviy ahamiyati bor. Hozirgi kunda “O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi, “Yangiyo‘l poligraf servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ana shu talablar asosida yozuv daftarlari ishlab chiqarilmoqda.
Joylarda talabga javob bermaydigan kanselariya tovarlarining sotilishi va chegara postlaridan olib o‘tilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar kuchaytirilayotgani sifatsiz, ma’naviyatimizga mos kelmaydigan yozuv daftarlari savdosiga chek qo‘ymoqda. Joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida bojxonachilarimiz tomonidan 127 holatda tegishli hujjatlarsiz, sifati kafolatlanmagan kanselariya tovarlari savdosi bilan bog‘liq qonunbuzarlik aniqlangani bunga misoldir.
Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida savdo rastalarida behayo suratlar tushirilgan, sifatsiz yozuv daftarlari keskin kamaymoqda. Zero, yoshlarni barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning sifatli va milliy ma’naviyatimizga mos kitob, darslik va yozuv daftarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, dunyoqarashini shakllantirish, turli zararli oqimlardan himoyalash uchun barchamiz mas’ulmiz.
|