Amerikaning Coca-Cola
kompaniyasi 86 yildan beri ilk marta o‘zining butun dunyoga mashhur
gazlangan ichimligining maxfiy formulasi saqlanadigan joyni
o‘zgartirishga qaror qildi. Bu haqda 8-dekabr kuni "Agence France-Presse” axborot agentligi xabar tarqatgan.
Kompaniya rahbariyatining ma’lum qilishicha, Coca-Cola ichimligining
qo‘lda yozilgan retsepti saqlanadigan seyf 1925-yildan beri turgan bank
qutisidan olinib, Jorjiya shtati, Atlanta shahridagi "World of
Coca-Cola” muzeyiga ko‘chirilgan.
"Bu Coca-Cola tarixidagi o‘zgacha kun va mashhur ichimlikning
125-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning eng cho‘qqisidir”, – deydi
kompaniya rahbari Muxtar Kent.
Eslatib o‘tamiz, Coca-Cola ichimligining retsepti 1886-yilda Atlanta
shahrida yashovchi farmatsevt Jon Pemberton tomonidan o‘ylab topilgan.
Ichimlikning formulasi o‘sha paytdan beri judayam maxfiy tarzda saqlanib
kelinmoqda hamda uni faqatgina sanoqli kishilargina biladi xolos.
1919-yilda kompaniyaning o‘sha paytdagi rahbari Ernest Vudraf
Nyu-Yorkdagi bankdan qarz olgan va garov evaziga ichimlikning formulasi
yozilgan retsepni qo‘ygan. Qarz 1925-yilda qaytarilgan, retsept esa
o‘shandan beri Atlantadagi "SunTrust” bankida saqlanib kelinmoqda edi.
Kompaniya bergan ma’lumotlarga ko‘ra, har yili butun dunyo bo‘ylab
200 dan ortiq mamlakatda Coca-Cola kompaniyasining 1,7 milliarddan ortiq
mahsuloti iste’mol qilinadi.
infoman.uz
|