Beg`amlik Ko`pchilikda «Loqaydlar kasallikka kamroq chalinadilar», degan tushuncha bor. Ba`zida beg`amroq odamlarga havas ham qilinadi. Lekin ilmiy kuzatuvlar shuni ko`rsatadiki, beg`amlik - his-tuyg`ularning pasayishi va didning o`tmaslashishi natijasi ekan. Ҳayot zavqini his qilmaslik, kunim o`tsa bo`ldi, deya tor fikrlash loqaydlik mevalari bo`lib, bunday holat kishida uchta sabab tufayli kelib chiqadi: qonda zarur vitaminlarning etishmasligi, jur`atsizlik va ishtiyoqsizlik, mehr-sadoqat tuyg`ularining pasayishi.
Loqayd kishilar ovqatning me`yorini ham bilmay qolishadi. Natijada ichaklar faoliyati buzilib, qarish alomatlari kuchayadi. Shuning uchun ham loqaydlar hayotsevar, ishchan kishilarga qaraganda besh-olti yoshga keksa ko`rinishadi. Loqayd kishidagi hafsalasizlik, ishlarni chalakam-chatti bajarish mavjud imkoniyatlarni ham yo`qqa chiqaradi. Loqayd, befarq odamlar me`da-ichak kasalliklariga ko`proq chalinadilar.
Dangasalik Kuzatuvlardan ko`rinadiki, dangasalar o`z umrlarining yarmini uyquda o`tkazishadi. Oqibatda miya po`stlog`idagi karaxtlik fikrlash imkoniyatlarini chegaralab qo`yadi. Dangasalikning paydo bo`lishi asosan noto`g`ri tarbiyaga bog`liq. Bundaylar ushalmaydigan orzular qilish, uzoq o`y-xayollar surish bilan band bo`ladilar. Dangasalarda muhabbat va muruvvat tuyg`usi past darajada bo`lib, ular birovga yaxshilik qilishni o`ylamaydilar. Shu boisdan ham, anchayin qo`pol, minnatchi, ta`magir, xiyonatkor bo`lishadi. Yomon tomoni shuki, dangasalar shafqatsiz ham bo`lishar ekan. Dangasalik oqibatida avvalo jigar ishdan chiqadi, fikrlar xiralashib, farosat o`tmaslashadi. Aytish mumkinki, hayotdagi barcha g`urbatlar tanballikdan boshlanadi.
jizzakilik Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, jizzaki odamlar omadsiz va omadsiz odamlar jizzaki bo`lishadi. jizzakilarning chehrasidan nazokat ko`tarilib, gap uqmas, murosasiz va sovuq bashara bo`lib boraveradilar. jizzakilik qusuri no`noqlik, kaltabinlik tufayli kelib chiqadi. Bunday kishilarning vujudida salbiy energiya shunaqayam ko`p yig`iladiki, natijada miyada qon aylanishi buzilib, fikrlash qobiliyati susayib boraveradi. Aql ishlatishga no`noqlik qusuri tufayli jizzaki odamlar andishasiz, surbet, qo`pol va janjalkash bo`lib boradilar. jizzakilik avvalo jizzakining o`ziga zarar etkazadi: bunday odamlar bora-bora psixosomatik buzilishga yo`liqib, qon bosimi kasalligini orttirib olishadi. Besh daqiqa baqir-chaqir qilgan odamning ish qobiliyati ikki barobarga pasayib ketishi amalda o`z isbotini topgan achchiq haqiqatlardan biridir. Chehrasidan g`azab alomatlari sezilib turadigan odamlarning «turqi sovuq» deya ta`riflanishi ham bejiz emas. Negaki, salbiy energiya immunitetni pasaytirib yuboradi, bu esa o`z navbatida kishining rangi-ro`yiga, ko`rinishiga, ko`z qarashlariga ham o`z salbiy ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. jizzakilar boshqalarga nisbatan ikki barobarga ko`proq kasallikka chalinadilar.
Ziqnalik Ziqnalik - ruhiy nomutanosiblikning bir turi. Ziqna odamlarni kuzatsangiz, ularning oqibatsiz, sershubha, bemehr, qahri qattiq kishilar ekaniga amin bo`lasiz. Ular ko`pincha qovoq solib yuradilar, hech kimdan hech qachon rozi bo`lmaydilar. Kuzatuvlardan xulosa shuki, ziqnalar me`da va jigar xastaliklariga boshqalardan ko`ra ko`proq chalinadilar. Afsuski, ularning ziqnaligi atrofdagilarning ruhiyati va salomatligiga ham yomon ta`sir ko`rsatadi: turmush o`rtoqlarini, farzandlarini tajang, murosasiz, injiq qilib qo`yadi. Ziqnalarning hayoti huzur-halovatsiz, zerikarli bo`lib, yuzlaridan nazokat, xulqlaridan odamiylik uzoqlashadi. Qo`li ochiqlikka nima etsin!
Qo`rqoqlik Qo`rqoqlar odatda maqtanchoq va layoqatsiz bo`lishadi. Unutmaslik kerakki, qo`rqoqlikning zamirida notavonlik va ayyorlik yotadi. Ular o`zlarini aqlli sanaydilar va bachkana fikrlar girdobidan chiqa olmay, orzu-rejalarining ushalishini mushkullashtirib qo`yishadi. Bir umr armonlar, g`iybatlar, mish-mishlar va xayoliy orzular qurshovida yashab, tor fikrlashlari tufayli o`zlarini ham, boshqalarni ham xunob qilib yurishadi. Qo`rqoqlardagi ikkiyuzlamachilik ularning iymonini sust, gina va adovatga beriluvchan, sergap va mijg`ov qilib qo`yadi. Qo`rqoqlar hamisha behalovat yashaydilar. Ular eng yaqin kishilariga ham ayyorona tarzda, osongina pand berib qo`yishlari mumkin. Qo`rqoqlar keksaygan sayin injiqlashib, hech kimning gapi yoqmaydigan bo`lib, hasrat qilishdan bo`shamay qolishadi. Darvoqe, qo`rqoqlar juda xunuk qarishadi. Bu qusur kishilarda ko`pincha bosh, yurak va bel og`rig`i xastaliklarini keltirib chiqaradi. Baxt esa hamisha jur`atli va quvnoq odamlarga ergashib yuradi.
G`iybatchilik G`iybatdan ham kasallik paydo bo`ladimi, dersiz? Bo`lmasamchi! G`iybatchilar bora-bora surunkali bosh og`rig`iga mubtalo bo`ladilar. Sababi shundaki, odamning o`y-xayoli hamisha mish-mishlar va ko`ngilsiz voqealar bilan band bo`lsa, undagi hayot jo`shqinligi susayib, g`urbatlar iskanjasiga tushib qoladi. Demak, g`iybat shunchaki valaqlash emas, balki o`zining aql-farosatiga, nafosatiga va salomatligiga bolta urish deganidir. Kuzatishlar orqali g`iybatning yana bir salbiy tomoni ayon bo`ldi. Ma`lumki, g`iybatchilarda o`z nuqsonlariga nisbatan e`tiborsizlik paydo bo`ladi. Ular «Boshqalarning qilmishlari oldida mening nuqsonlarim hech gap emas», deya o`zlariga tasalli berishga o`rganib qolishadi. Oxir-oqibat g`iybatchilarning ma`naviyati qashshoqlashib, asabi mo`rtlashib, g`iybatdan boshqa gap yoqmaydigan bo`lib qoladi. Kuzatgan bo`lsangiz, g`iybatchilarning ko`z qorachiqlari nursiz bo`ladi, yuz-ko`zlarida ma`nosizlik, injiqlik alomatlari zohir. G`iybat odamda farosatsizlikni ham kuchaytiradi.
Ҳasadgo`ylik Dunyo ruhshunoslari hasadni go`shtqiymalagichga qiyoslaydilar. Sababi shuki, besh daqiqa hasad o`tida qovrilgan odam o`z umrini ikki yilga qisqartiradi. Ҳasadgo`ylar boshqalarga nisbatan ertaroq qarishlarini ko`pchilik biladi. Savol tug`iladi: hasadgo`ylik illatini davolash mumkinmi? Ruhshunoslar tavsiya etadilar: buning eng samarali davosi - jismoniy mashqlar, muttasil muroqabaga tushish va sovuq suvda cho`milishdir. Doimiy jismoniy mashq va muroqaba odamning botiniy ongiga o`rnashib qolgan salbiy hissiyotlarni ongga chiqaradi va haydaydi, fe`lni kengaytirib, qon aylanishini mo``tadillashtiradi. Ҳasadga surunkali berilish oqibatida qalbdan mehr-oqibat, shafqat, muhabbat uzoqlashib, ko`zlar nursizlanadi, salbiy hissiyotlar hisobiga kishining kuch-quvvati pasayib ketadi. Odatda hasadgo`ylarning yuziga erta ajin tushadi. Bunday odamlar katta ishlar qilishga qodir emas, ular o`z-o`zini qiynoqqa solib, mayda-chuyda ishlar girdobidan chiqa olmay yuraveradilar.
Xulosa Bizning davrimizda inson o`tgan vaqtlardagidan ko`ra ko`proq ruhiy va jismoniy xurujlarga duch kelmoqda. Biz uzoq vaqt davomida kimdandir yoki nimadandir norozi yurar ekanmiz, bundan o`zimiz qattiq azob chekamiz, kasallik changaliga ilinamiz. Fe`limizdagi qusurlarning hammasi vaqti-soati kelib tanamizni abgor qiladi. «Asr kasalliklari» - gipertoniya, stenokardiya, me`da yarasi va hokazolar shundoqqina yonginamizda payt poylayapti. Fe`limiz yomonlashgani sari bu kasalliklar bizni doira singari o`rab, yaqinlashib kelaveradi. Afsuski, bu doirani ketma-ket yangidan-yangi dori-darmonlar ishlab chiqarish bilan ham yorib o`tib bo`lmaydi.
Ma`lumot Marifat gulshani gazetasidan olindi
|