O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bola huquqlarini himoya qilishning normativ-huquqiy asoslari va voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqbuzarlikning oldini olishga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi. Tadbir parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi tomonidan BMT Bolalar jamg’armasining (YuNISEF) O’zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil qilindi.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, nodavlat hamda xalqaro tashkilotlarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilish, bolalarning sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash, jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy kamol topishiga ko’maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridandir.
Mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo’yicha davlat dasturlari hayotga keng tatbiq etilmoqda. Jismoniy va ma’naviy yetuk avlodning shakllanishi va imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish borasida ko’plab qonunlar qabul qilingan. Ushbu qonunlarning maqsadi bolalarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, iqtidorini jamiyat manfaatlari yo’lida to’la ro’yobga chiqarish uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilib, 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan «Bola huquqlarining kafolatlari to’g‘risida»gi qonun yurtimizda kelajagimiz bo’lmish yosh avlodga ko’rsatilayotgan doimiy e’tiborning amaldagi yana bir yaqqol ifodasidir.
Seminarda bola huquqlarini himoya qilishning normativ-huquqiy asoslari va voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqbuzarlikning oldini olish yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
|