BECHORA ONAM
Eh, meni deb sochlari oqargan onam,
Ketmon chopib, qo‘llari qavargan onam,
Kelar deya kutib, yo‘lda sarg‘aygan,
O‘zimdan ham bechora, bechora onam.
Eh, mening bebaho benazir onam,
Ishongan umidi behizr onam,
Menku tashvishlardan bo‘shay olmayman
Bekatda kutadi... ovvora onam.
Eh, mening qadrsiz qadrdon onam,
Mendan mehr ko‘rmagan mehribon onam
Bu yerda kimni deb yig‘lab yuribman
U yerda ko‘z yoshi favvora onam.
Ey, mening yagona jonkuyar onam
Sendan boshqa dardimni kim olar, onam
Men-chi yuragimni yora olmayman
Yarimta yuragi sadpora onam.
O‘limga imkon yo‘q jon fido onam,
Meni unutmagan bir xudo onam
Qolganlar ko‘chada qoldirib ketdi
Faqat soyamga ham parvona onam.
Nomard boshimni egsa kuymagin onam
Bag‘ringga bos qattiqroq qo‘ymagin onam
Izlaringda o‘lsam ham ruhim izg‘imas
Mendek bir g‘aribga koshona onam.
Yiqilsam suyanchiq shu xasta onam
Yoningda bo‘lolmadim payvasta onam
Olqishlasa... soxta qarsak bir kunlik do‘stlar
Orqada qolib ketgan pinhona onam.
Eh, meni deb sochlari oqargan onam,
Ketmon chopib, qo‘llari qavargan onam,
Menam yuragimni ochaqolmayman
Men sizdan ham bechora......
Bechora bolam....