BE YON CHJUN
Koreys kinoijodkorlari tomonidan mahorat bilan ishlangan "Qish sonatasi” seriali o`zbek tomoshabini uchun yana bir sevimli aktyorni kashf etgan. Boshqa mamlakatlarni bilmadigu, har qalay bizda u Chjun Sang nomi bilan shuhrat qozondi. Aktyorning mahoratli ijrosi, ko`rkam tashqi ko`rinishi, ayniqsa, yoqimli tabassumi muxlis qizlar qalbini zabt etdi. O`zbek tomoshabini ham namoyish etilajak koreys seriallaridan aynan uni izlaydigan bo`ldi. "Muhabbat va ehtiros” bunga yaqqol misol. Filmni serialda aynan biz bilgan Chjun Sang qatnashgani uchun ham sevib tomosha qiladiganlar talaygina. Demak, Chjun Sang haqida barchasi...
BOLALIGI
Be Yon Chjun 1972 yil 29 avgustda Seulda tug`ilgan. Tengdoshlari qatori avval bolalar bog`chasiga, so`ng boshlang`ich maktabga qatnadi. San`at maktabiga borishdan oldin odatiy o`rta maktabda tahsil oldi.
Bolaligida anchayin yuvosh, kamgap bola bo`lgan. O`ziga o`xshagan bir nechta do`stlari bilan doimo birga edi. Uning bitta singlisi bor.
SAN`AT OLAMIGA TASHRIF...
Sungkyunkwan universiteti qoshidagi san`at maktabini tamomlaganidan so`ng birin-ketin filmlarda suratga tusha boshladi. Uning debyut filmi "PpilKu” 1994 yilda suratga olingan. Keyinroq "Salom, sevgi” ("Salut D”Armour”, 1994) va "Separatizmga olti kadam” ("Six Steps to Seperation”, 1995) dramalarida suratga tushdi. Aynan mazkur filmlar uni yulduz darajasiga chiqardi. Bundan oldinroq u "Sevgi haqiqati” ("True To Love”) filmida bosh rolni ijro etgan, lekin film muvaffaqiyat qozona olmagandi. Birinchi mag`lubiyati ana shu!
Be atrofdagilar nazdida omadsiz yigitcha bo`lib qolishni istamay, o`z ustida kunu tun ishladi. Intilishlari samarasi o`laroq, iqtidorini namoyish eta oldi. Rejissyorlar uni o`z filmlarida ayniqsa, rahbar rolida ko`rishni istab qoldilar. "Hotelier”, ya`ni biz bilgan "Muhabbat va ehtiros” serialidagi rolni hech bir aktyor Bechalik mahorat bilan ijro eta olmagan.
HAMKASBLARI U HAQDA
Chjang Yon Vu, "Muhabbat va ehtiros” filmi direktori:
- Men uni ilk bor 1998 yilning 12 oktyabrida uchratganman. Birinchi taassurot yolg`onchi bo`ladi, deganlaricha bor ekan. Chunki men uni hozirgiday emas, boshqacha tasavvur qilgan edim. Ehtimol, o`shanda Be o`zini ancha kamtar tutgandir? "Ey, siz professional aktyorlardek bo`lishni xohlamaysizmi o`zi?” degan gapimga hozir o`zimning kulgim keladi.
Bizning ikkinchi uchrashuvimiz 1999 yilning 7 dekabrida bo`lgan. Esimda, tun bo`yi unga aktyorlik kasbining buyukligi, mashaqqatlari, agar bo`lajak aktyor ijro etayotgan rolining mohiyatini tushunmasdan o`ynasa, hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmasligi to`g`risida gapirgandim. O`shanda tajribaning qanchalik muhimligini muhokama qilgan edik.
Vaqt o`tib, gazetalar bosh sahifalarida Be Yon Chjun haqida yoza boshlashdi. Intellektuallik - uning asosiy obrazi bo`lib qoldi. O`zi ham doim shunday bo`lishini xohlardi.
Amerikaga kelganida dastlab uzundan-uzun inglizcha matnlarga biroz qiynalgandi. Shu sababli ish jarayonida hatto, tushlik vaqtini ingliz tilini o`rganishga bag`ishlardi. Hamma tushlik qilish uchun oshxonaga yoki do`konlarga ketsa, u inglizcha talaffuzidagi "L”ni to`g`irlash uchun amerikalik bir aktyor bilan "Hotel, Hotel!” deya qichqirgani-qichqirgan. O`shanda kamgina miqdorda oladigan gonorarini til o`rganishga sarflab, qolganini esa tejab-tergab ishlatardi.
Ba`zan tushkunlikka ham tushib qolar, ba`zida jahli chiqardi. Xullas, ana shunday qiyinchiliklar evaziga u nimalarga qodirligini namoyish eta oldi.
Che Chji U, aktrisa ("Qish sonatasi”dagi Yu Chjin):
- Be bilan yaqinligimdan xursandman. U bilan ishlash juda maroqli. Muxlislar shunchalik sevganlaricha bor. Hamkasbim inson sifatida ajoyib shaxs! "Qish sonatasi” filmi suratga olinayotganida bosh rolga Be taklif etilganini bilardim. Lekin keyinroq u filmda qatnashmasligi mumkinligini eshitib, to`g`risi, mening ham suratga tushgim kelmay qoldi. Lekin... o`zingiz guvohi bo`ldingiz: biz "Qish sonatasi”da u bilan birga ishladik.
Filmda birinchi sevgisiga sadoqatli qiz obrazini talqin etdim. Agar hayotda ham serialdagidek kechganida, ya`ni birinchi sevgim Bedek yigit bo`lganida, xuddi Yu Chjindek yo`l tutardim.
Song Yona, aktrisa ("Muhabbat va ehtiros” serialidagi Chjin Yang):
- "Boss”, "Himoyachi”, "Yomon bolalar” kabi kartinalarga taklif etganlarida Be Yon Chjun bilan birga suratga tushishni xohlagandim. Nihoyat, "Muhabbat va ehtiros”da birga ishladik. Filmdagi "Don Xyuk va Jin Yan” obrazlari va ularning muhabbati muxlislar ko`nglidan joy olganidan baxtiyorman. Bening bir odatiga qoyil qolaman: o`z ustida tinim bilmay ishlaydi, bu borada o`zini mutlaqo ayamaydi. Uni model-aktyor sifatida bilaman. Be hamkasblar orasida jiddiyligi bilan ajralib turadi. Hatto, uning laqabi ham bor: "Janob jiddiy” (kuladi). Lekin qanchalik jiddiy bo`lmasin, ochiq tabiatli, ko`ngli yumshoq inson.
BYE YON CHJUN ISHTIROKIDAGI SERIALLAR:
2002: "Qish sonatasi” (KBS)
2001: "Muhabbat va ehtiros” (MBC)
1999: "Sevgiga sadoqat” (MBC)
1998: "Yalangoyoq yoshlik” (KBS)
1997: "Birinchi muhabbat” (KBS)
1996: "Ota” (KBS)
1995: "Yoshlikning kuyoshli damlari” (KBS)
1995: "Dengiz shabadasi” (PSB)
1995: "Separatizmga olti kadam” (KBS)
1994: "Salom sevgi” (KBS)
FILMOGRAFIYA:
2005: "Apreldagi qor”
2003: "Aytilmagan mojaro”
1994: "PpilKu”
MUKOFOTLARI:
1995: KBS: "Eng yaxshi boshlovchi-aktyor” va "Suratga juda yaxshi tushadigan aktyor” mukofotlari...
1996: KBS: "Tengi yo`q aktyor” va "Eng taniqli aktyor” 1997: mashhurlik mukofoti
2002: KBS: "Mashhur aktyor” va "Eng exshi aktyor”
2002: Mashhurlik mukofoti
2003: "Moviy ajdarho”: "Eng mohir aktyor” va "Taniqli yulduz” sovrindori
2005: mashhurlik mukofoti
KITOBI:
2004: "Tasavvur: 1-ovoz”
BILISHNI ISTAGANLAR UCHUN:
Bo`yi: 181 cm.
Vazni: 78 kg.
Burji: Sunbula.
Oilasi: Otasi, onasi, singlisi.
Xobbisi: Baliq ovlash, mutolaa, suzish, suv-chang`i sporti, bouling...
Yoqtiradigan kiyim uslubi: jinsi, sport kostyumi, qora ko`zoynaklar taqishni yaxshi ko`radi.
Mashinasi: qora "Equus”
Odati: bo`sh vaqti bo`ldi deguncha dush qabul qiladi. Suvni juda yaxshi ko`radi.
Orzusidagi qiz: unga Annetta Beningga o`xshagan aqlli qizlar yoqadi.
U uchun qadrli: kamera, kino va kundaliklar
Shiori: Hayot uchun!
Uni qadrlashadi: nafaqat muvaffaqiyatli rollari uchun, shuningdek, o`tkir aqli, ajoyib tahlilchi sifatida ham.
Yoqtirgan aktyorlari: hamyurtlari orasidan Enn Sung Gi, xalqaro miqyosda Robert de Niro, Al Pachino.
U birga ishlashni afzal ko`radigan ijodkorlar: Martin Skorses, Alfred Xichkok.
QISQA SATRLARDA:
- Qator filmlardagi muvaffaqiyatli rollariga qaramay, "Qish sonatasi” uning "tashrif qog`ozi” bo`lib qoldi.
- "Qish sonatasi” butun Osiyo mamlakatlari bo`ylab namoyish etilgan.
- Mazkur seraial ayniqsa, Yaponiyada katta muvaffaqiyat qozondi. "Qish sonatasi” o`z yurtida aholining 80 foizini ekran qarshisiga to`play olgan bo`lsa, yaponlarning deyarli barchasi uni sevib tomosha qildi.
- Chjun Sang obrazi Be Yon Chjunni mashhurlik cho`qqisining qoq markaziga olib chiqdi. Film namoyishidan so`ng ana shu nom ostida ko`plab mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi. Masalan, "Chjun Sang” nomli pleyer hatto, Yaponiyada ham xaridorgir bo`ldi...
|