Bir hamkasb akamiz bilan ozgina bahslashib oldik. U kishi asarlarida ayolning dafn marosimini tasvirlabdilar. Mayit dafn etib bo`lingach, bir odam «Falonchixon qanday odam edi?» deb so`raydi. To`planganlar «Yaxshi edi, Xudo rahmat qilsin», deyishadi. Kamina «Ayollar dafn etilganda bunday so`ralmaydi, «Falonchi qanday odam edi?» - deb faqat erkaklar so`raladi», deb edim, akamiz «Nima, ayollar odam emasmi?» - deb ranjidilar. Aslida bu so`rashning, javobning marhum uchun foyda-ziyoni yo`q. So`rovga binoan «Yaxshi odam edi», desak, go`yo biz Yaratganning oldida guvohlikka o`tgan bo`lamiz.
Qabrga qo`yilgan odam hayotda yaramaslarning yaramasi hisoblangan bo`lsa-da, dafn marosimida birov ovoz chiqarib: «Yomon edi, endi jazosini olsin», demaydi. So`rovga beriluvchi javob marhum yoki marhuma yaqinlarining ko`ngliga malham bo`lish uchun kerak. Yana odamlarning «Men ham o`tganimda shunday so`raladi, birodarlarim nima deb javob qilishar ekan?» - deb o`ylashlari uchun lozim. Alloh o`z huzuriga keluvchi bandasining yaxshi-yomon ekanini guvohlarsiz ham amaliga qarab biladi. Garchi janoza namozida o`ziga xos iltijolar qilsak ham, ya`ni «Yo Rab, o`lganlarimizni iymonlari bilan qabul etgin, bu ma¬yit esa rahmatingga muhtoj... Basharti gunohlari bo`lsa, o`zing kechir», deb munojot qilsak-da, bu duolarning qabul qilinishi yo ijobat bo`lmasligini Allohning o`zigina biladi. Endi erkak-ayol masalasiga kelsak, musulmonlarda mayitni qabristonga erkaklar olib boradilar. Erkak mayitni yaxshi biluvchilar ko`p bo`ladi. Ayol ma¬yitning qandayligini begona erkaklar qaerdan bilishsin? Durust, ayollar hozir erkaklar orasida ishlaydilar, yuradilar. Biroq, shunda ham begona erkak ayol turmushini yaxshi biladi, deya olmaymiz.
1976 yili Abdulla Avloniyning farzandlari davrasida bo`lganimizda o`g`illari Kenja aka onalarini madh eta turib, shoirning shogirdlaridan: «Ayamiz ham g`azal yozar edilar, bilarmidingiz?» - deb so`radilar. U kishi g`oyat hilm va lutf bilan: «Rahmatli onangizning ajo¬yib pazanda ekanliklarini bilardim», deb javob qaytardilar. javobdagi mantiqqa qoyil qolmoq kerak. U kishi ustozni yo`qlab kelganlarida, uy bekasi yonlarida o`tirmagan, ustoz esa tabiiyki, «Xotinim g`azal yozadi», deb maqtanmagan. Ayol o`z vazifasini bajarib, taom pishirib mehmonxonaga kiritgan. Bu masaladagi bahsga «Erdan - el, xotindan - er rozi bo`lmog`i kerak», deb yakun yasasak to`g`riroq bo`lar.
Муаллиф: Тоҳир Малик
(Ma`rifat gulshani gazetasidan)
|