Global makonda, ming-minglab elu elatlarga bo‘lingan zaminni umumiylashtirishga kirishgan axborotni kim boshqaradi? To‘g‘ri, o‘sha maqolada bu so‘roqqa qisman javob berib o‘tilgandek edi, ya'ni kim unga egalik qilsa, o‘sha dunyoni boshqaradi, qabilida. Chindan ham axborotni jilovlay olgan tomon axborot bugungi kunda boshqarayotgan dunyoni o‘z izmiga bo‘ysundiradi. Ya'ni, mitti quticha ichidagi gugurt donasi nechog‘lik dahshatlar sodir etishga qodir bo‘lmasin, tashqariga chiqquncha hech qanday xavfga ega emasdek. Shu kabi munozarali mulohazalar ikkinchi maqolani ham yozishga undadi. Axborotning xavflilik darajasi ko‘p jihatdan uni tayyorlab, omma e'tiboriga havola etayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining tutgan pozitsiyasiga bog‘liq. Eng ko‘rimsiz, eng oddiy yangilikdan yoki xabardan ham ulkan shov-shuv yasash mumkinligini xorijlik jurnalistlar deyarli har kuni amalda isbotlashmoqda. Biroq axboriy jamiyatlar vujudga kelishi bilan on-layn tizimi orqali istagan kishi bemalol jurnalist o‘rnini bosishi mumkin bo‘lib qolyapti. Internetda bir soniyalik muddatda millionlab odam muloqot almashishga, turli mazmundagi xabarlarni joylashtirishga va tarqatishga ulguradi. Buning uchun u tegishli joylardan yoki mas'ul mutasaddilardan ruxsat ham so‘rab o‘tirmaydi. Binobarin, unday joy ham, nazoratchi ham yo‘q. Emin-erkin tarzda ichki tuyg‘ularni, bor muhabbatu nafratni shu dunyoviy to‘r-tarmoq orqali "to‘kib-solish" imkoniyati yaratildi. Bu narsa, o‘z navbatida, axborot oqimlarining so‘nggi vaqtlarda mutlaqo beqarorlashib ketganini bildiradi. Sodda qilib aytganda, axborot hech kim bilan hisoblashmay qo‘ydi. Aksincha, butun boshli jamiyatlar, institutlar u bilan hisoblashishga, unga qarab ertangi kunining qanday bo‘lishini belgilab olishga majbur bo‘lib qoldi. O‘tgan asr mo‘'jizalaridan biri sifatida ko‘pchilik tomonidan tan olingan uzluksiz faoliyat yurituvchi "Si-En-En" nomli yangiliklar kanali haqida eshitmagan, uning "qaynoq nuqta"lardan uyushtirgan olamshumul reportajlarini aqalli bir marotaba ko‘rmagan zamondoshimiz bo‘lmasa kerak. Uning asoschisi bo‘lmish media magnat Ted Tyornerdan AQShda prezident saylovi kampaniyalari davom etayotgan mavsumlardan birida jurnalist: "Janob Tyorner, siz qisqa vaqt ichida ko‘p sonli aholi yashaydigan Amerikani zabt etdingiz. Prezidentlikka nomzodingizni qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?" - deb so‘raganda u yarim hazil, yarim chin ohangda: "Men axir butun dunyoga egalik qilyapman-ku!" - deya javob bergan ekan. Darhaqiqat, 1980 yilning 1 iyunida ilk marotaba o‘z dasturini efirga uzatgan va qisqa vaqtda butun Yer sharida dovrug‘ qozongan "CNN" ("Cable News Network") orqali Tyorner maqsadiga erishdi, u axborot vositasida dunyoni bir og‘iz kalomiga, unga "kiydirilgan" videolavhalari va ohanrabo musiqasiga mahliyo qilib qo‘ydi. Umuman, dunyoda sodir bo‘ladigan har qanday global hodisa, masalan, urushlar ortida turli manfaatlarning to‘qnashuvi yotsa, boshqa tomondan axborotning yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ladi. Jurnalistlarning mavzuga yondashuvlari, fikrlari va hattoki shunchaki taxminlari ham bunday qaltis vaziyatda auditoriya uchun eng so‘nggi xulosa bo‘lib qolishi hech gap emas. Aynan tyorner "Si-En-En" teletarmog‘ini ochgan vaqtda Buyuk Britaniyaga qarashli "Bi-Bi-Si" nomli yirik "axborot mashinasi" raqobatchilarga bir urinishdayoq "kisht" berib yuborardi. Mash'um Ikkinchi jahon urushidagi qonli voqealar, oddiy aholining tortgan bemisl jabru jafosi, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan norasida go‘daklarning ayanchli qismati aks ettirilgan yuzlab lavhalari, dastavval Angliya Bosh vaziri Uinston Cherchill tilga olgan "sovuq urush" paytidagi ekstremal xabarlar, yashirin qurollanish borasidagi informatsiyalar evaziga keskin shuhrat qozongan ingliz teletarmog‘i uchun "Si-En-En" chinakam tashvish tug‘dirdi. Qanday qilib? Juda ham oddiy va tabiiy vaziyat bunga sabab bo‘ldi, ya'ni keyingi sayyoraviy voqeliklarda Amerikaning ishtiroki, faolligi kuchaydi. Nafaqat Buyuk Britaniya hamda bir vaqtlar Afrika qit'asining qariyb uchdan bir qismini mustamlaka qilishga qurbi yetgan qudratli Frantsiyagina emas, butun Yevropa tashabbusni to‘laligicha okean ortidagi mamlakatga topshirdi. Xo‘sh, "sehrli diyor" nimaning evaziga bu qadar tez va muvaffaqiyatli tarzda oliy martabaga erishdi? Eng ilg‘or, eng dahshatli qiruvchi qurol-yaroq tufayli; jahon bozoridagi narx-navoni dollar belgilashi tufayli; eng yaxshi mutaxassislarni o‘ziga og‘dirib olgani uchun; eng boy, ulkan va sifatli neft zaxiralariga egaligi tufayli va hokazolar... Turli-tuman fikrlar, qarashlar, variantlar tug‘ilaveradi. Bularning barchasi ma'lum ma'noda haqiqatga yaqin. Ammo asos baribir bitta - axborot evaziga! AQSh axborotdan foydalanishning eng sermahsul yo‘llarini topdi, ishga soldi - rohatini ko‘rdi. Kuchli davlat uchun kuchli potentsialga ega bo‘lgan "axborot tashuvchi", "axborot yetkazuvchi razvedka xizmati"... xullas, istagan so‘zingiz bilan atashingiz mumkinki, "Si-En-En"ga o‘xshagan "qulochi katta, qo‘li uzun, ko‘zi o‘tkir va eng muhimi, tili burro" ommaviy axborot vositasi kerak bo‘lishi tabiiy edi. O‘sha amerikacha demokratiya ham, globalizatsiyayu kosmopolitizm g‘oyalari, amerikacha pragmatizm mafkurasi ham axborot orqali xorijiy mamlakatlarga eksport qilindi. Fan-texnikaning ilg‘or yutuqlari samarasini ko‘ringki, axborotning yo‘lini birorta bojxona xizmatiyu reaktiv samolyotlar ham to‘sishga qobil emas, u uchun chegaralar mutlaqo yo‘q. Agar "Bi-Bi-Si", yuqorida aytilganidek, ikkinchi jahon urushi yillaridagi sidqidildan qilgan xizmati uchun shuhrat qozongan bo‘lsa, 1980-yillardan keyingi voqea-hodisalar "Si-En-En"ga bag‘ishlandi go‘yo. 2005 yilning 1 iyun kuni telekompaniyaning 25 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan yubileyda Tyorner jamoasining muvaffaqiyatiga sababchi bo‘lgan bir qator omillar eslandi. Birinchidan, kompaniya dunyoda ilk bora dunyo aholisini 24 soat davomida uzluksiz axborot bilan ta'minlashga kirishdi va uddaladi. Bu tomoshabinlar va tinglovchilarning har bir soniyasi hisobga olinganidan dalolat berardi. Odamlar televizor orqali ertalab ham, tushligu namozshomda ham, yarim kechasi ham "CNN" belgisi ostidagi mahsulotlarni ko‘rishi mumkin bo‘ldi. Bugungi kun uchun buning hayratlanarli jihati qolmagan. Ammo XX asrning yaqin 80-yillari uchun bu chinakam "shlyager" edi. "Bi-Bi-Si", "En-Eych-Key" (Yaponiya), "Doyche velle" (Germaniya), "ITAR-TASS" (Rossiya), "Frans" (Frantsiya) kabi dongdor axborot kompaniyalari bajarolmagan yumushni Ted Tyorner boshchiligidagi xizmatning amalga oshirishi va shunga muvofiq muxlislarni ham eng ko‘p ushlab turish, band qilish, albatta, ijobiy natija bermog‘i kundek ravshan edi. Ayni kezda "Si-En-En" tarkibiga 14ta turli mazmundagi yangiliklar yetkazuvchi kabelli tarmoq va Yerning sun'iy yo‘ldoshlari orqali uzatiluvchi kanallar, 2ta radiostantsiya, 6 ta internet sayti va 37ta xorijiy filiallar kiradi. Kompaniya tayyorlagan xabarlar va boshqa axboriy mahsulotlar bir vaqtning o‘zida koinot bag‘rida muallaq suzib yurgan 38ta yo‘ldosh signali yordamida 212ta mamlakat va hududni "yo‘qlayapti". Ikkinchidan, telekompaniya 1991 yili yanvar oyida Fors ko‘rfazida yuzaga kelgan urush tasvirlarini birinchi marotaba keng masshtabda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, hattoki AQShning o‘sha paytdagi prezidenti ham Iroq - Quvayt urushi boshlangani va eng qizig‘i, amerikalik harbiylar tomonidan Iroqqa bombalar(!) tashlangani to‘g‘risida razvedka xizmati yoki boshqa maxsus tashkilotlardan emas, birinchi bo‘lib aynan "Si-En-En"da tarqatilgan yangilik orqali xabar topgan. Ishonish qiyin, biroq bu bor gap. Shu yili Ted Tyorner G‘arbning yuzlab mashhur va taniqli ommaviy axborot vositalari tomonidan "Yilning eng mashhur kishisi" deya e'tirof etildi. Aslida bu axborotga, jurnalist mehnatiga berilgan baho edi. Uchinchidan, 2001 yili 11 sentyabrda Nyu-York shahrida ro‘y bergan "seshanba fojeasi" boshlanishiga bir necha daqiqalar qolganda yana birinchi bo‘lib "Si-En-En" stringerlari ma'lumot topishadi va videokameralarni egizak binolarga qaratishadi. Biz keyinchalik dunyoning barcha televideniesida ko‘rishga muvaffaq bo‘lganimiz - samolyotlarning binolarga kelib urilishi lavhalari Tyorner kompaniyasi mahsulotidir. Bu noxushlikni vaj qilib, begunoh to‘kilgan qon xunini olish maqsadida avval Afg‘onistonga, keyin Iroqqa qarshi urush ochgan Jorj Bush hukumatining harbiy harakatlari yana bir axborot kompaniyasi - "Al-Jazira"ning shuhrat qozonishiga sabab bo‘ldi. Guvohi bo‘layotganingizdek, odamlar ongiga bevosita ta'sir o‘tkazayotgan, ularning dunyoqarashini, orzu-umidlarini yo‘naltirayotgan axborot makoniga egalik qilish - axborotni birinchi bo‘lib tarqatgan izmida. Endilikda odamlar axborot bilan odamlarni(mamlakatlarni) fath etyapti, boshqarayapti. Yangi asrimizning eng mashhur iboralari bo‘lib turgan "ommaviy madaniyat", "axboriy jamiyat", undan keyin boshlanishi taxmin qilinayotgan "bilimlar jamiyati" ona-zaminimizni shaffof shisha idishga aylantirib qo‘ygandek. Uning bir kichik joyiga tekkan toshdan hosil bo‘lgan jarang bir zumda aks sado kabi butun borlig‘iga tarqaladi. Dardu g‘am ham, shodligu quvonch ham shu tarzda tez yoyiladi. Shuningdek, ichkarisidagi jarayonlarni ham tashqi tomonidan turib bemalol kuzatish mumkin... Axborot - eng tezkor qurol, shu jihatdan bugungi kunda axboriy o‘yinlardan ko‘ra xatarlirog‘ini uchratish mushkul. Albatta, bu hamma axborotdan shubhalanish kerak, degani emas. Sizu biz informatsion asrda yasharkanmiz, undan yetarlicha voqif bo‘lmog‘imiz, qiyosiy fikrlar orqali ham psixologik, ham mafkuraviy immunitetimizni mustahkamlab bormog‘imiz talab etiladi. Aniqroq qilib aytganda, axborot aslo o‘z-o‘zidan vujudga kelmasligini, uning zamirida tashkilotchisi bo‘lmish kuch - o‘z davlatining geotizimdagi katta milliy manfaatlari bilan uyg‘unlashib ketgan barqaror siyosati yotishi mumkinligini doimo yodda tutishimiz darkor. Zohidjon Xolov "Ma’rifat” gazetasidan olindi
|