Texas Direct Auto kompaniyasi Arnold Shvarseneggerning Mercedes Unimog U1330 SE 6.4 rusumli avtomobili sotilishini e’lon qildi. Kattakon va baquvvat avtomobil eBay internet-auksion maydonchasida sotiladi, deb xabar beradi“Carzone.uz”.
Unimog 6,4 litrli turbodizel dvigatelga ega bo‘lib, 320 ot kuchiga ega. Yarim avtomatik transmissiya bilan ishlaydi. Saloni ikki kishiga mo‘ljallangan. Blaupunkt audiotizimi, orqani ko‘rsatuvchi kamera, konditsioner, pnevmotayanchli o‘rindiqlari bor.
Bundan tashqari, Shvarseneggerning nodir mashinasi shinalarni damlash tizimi va Hella faralariga ega. 13 048 milya (taxminan 21 ming km) yo‘l bosgan. AQSh va Germaniya yo‘llarida yurishga sertifikatsiyalangan. “Yevro-3” ekologik talabiga javob beradi.
Avtomobilni sotuvchilar u Arnoldniki ekanini ta’kidlamoqda. Buning isboti sifatida salondagi old panelda kinoyulduzning dastxati bor.2014-yilning kuzida ham Shvarseneggerga qarashli avtomobil savdoga qo‘yilgan edi. Kinoyulduzlarga tegishli buyumlar va texnika narxi yildan-yilga oshib boraverishi barchaga ma’lum. Birinchi Unimog kimoshdi savdosida 273 600 dollarga sotilgan bo‘lsa, galdagi rusumning kamida 350 980 dollarga sotilishi mo‘ljallanmoqda.
|