Koreya – bu dunyodagi axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlangan mamlakatlardan biridir. Hayotning qaysi sohasini olmang, u yerda Internet, raqamli texnologiya keng kirib borgan. Buni fermer xo‘jaligi faoliyatidan tortib ta’lim sohasigacha, hojatxonadan tortib jamoat transport infratuzilmasi faoliyatigacha, qo‘yingki, har yerda his qilishingiz mumkin.
"Yubikyutos servis” (u-service) yoki o‘zbekchada "har yerda hozir xizmati” tushunchasi Koreyada juda ommalashgan. Bunga "aqlli” avtobus bekatlari misol bo‘la oladi. O‘zbekiston sharoitida Paynet shoxobchalarini bunga misol qilsak bo‘ladi.
Siz kutayotgan avtobus ayni vaqtda qayerda ekanligi haqida axborot olishni istaysizmi? Siz turgan avtobus bekatiga eng yaqin shifoxona yoki boshqa manzil haqida bilmoqchimisiz? Yoki kech qolishingizga sababchi bo‘layotgan tirbandliklar haqida bildingiz va sizga metroda ketish tavsiya qilindi. Hozir bu kabi savollaringizga yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan avtobus bekatlari orqali osongina javob olishingiz mumkin.
Bundan tashqari, "aqlli” avtobus bekatlari yo‘lovchilarga ob-havo ma’lumotlarini ham berib boradi.
Shuningdek, Toshkentdagi oylik yo‘l chiptalaridan farqli ravishda Koreyada elektron kartochkalar joriy qilingan (T-Money Card). Avtobus bekatining o‘zida kartochkangiz balansini tekshirib olishingiz mumkin. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bu yerda elektron kartochka yordamida yo‘l haqqini to‘lasangiz, sizga chegirma qilishadi. Shuning uchun ko‘pchilik elektron kartochkadan foydalanishga intiladi.
"Aqlli” avtobus bekatidagi asosiy xizmat – bu, manzilingizni ko‘rsatib turuvchi xarita, avtobuslarning siz turgan bekatdan oldingi bekatlarga kelishi va jo‘nab ketayotgani haqidagi video-tasvir va ayni paytdagi avtobuslarning siz turgan bekatgacha kelish vaqti.
"Aqlli” avtobus bekatlari Koreya hukumatining milliy strategiyasi bo‘lib, bu "yashil texnologiya” loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab amalga oshirilmoqda.
Hozirga kelib "aqlli” asvtobus bekatlaridan bevosita smartfon orqali axborot olish imkoni yaratilishi bilan loyiha o‘zining keyingi bosqichiga ko‘tarildi.
Hukumat bu xizmatni QR-kodli tasvir orqali taklif etmoqda. Bu kodlar har bir bekatdagi monitorga rasmda ko‘rib turganingiz kabi jo‘ylashtirgan. Ishlatish tizimi juda oddiy: smartfon orqali QR-kodni rasmga olasiz va axborot telefonga jamlanadi. Uni siz har qayerda, xohlagan vaqtingizda foydalanib, axborot olishingiz mumkin bo‘ladi. Bu yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratib bermoqda.
Hozircha ushbu QR-kodli xizmat koreys, ingliz, yapon va xitoy tillarida taklif etilmoqda. Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, QR-kodli xizmatning maqsadi nafaqat mahalliy aholiga, balki chet ellik fuqarolarga, turistlarga ham keng qulaylik yaratishdan iborat.
infoman.uz
|