Yakkayu yolg’iz iloh - Alloh taologa hamdu sano, payg’ambarimiz
Muhammad s.a.v ga durudi salavotlar bo’lsin! Alloh taolo boshqalariga
nisbatan ko’proq yoqtiradigan ishlar, hatti- harakat, joy, vaqt va
hokazolar haqida so’zlamoqchimiz:
1. Mushkirona e’tiqodlardan xoli e’tiqod.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan din -
(mushrikona e’tiqodlardan xoli) sof e’tiqoddir.” (Imom Ahmad rivoyati)
2. Namoz o’qish, ota- onaga mehr- muruvvat
ko’rsatish va Alloh yo’lida jihod qilish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ishlar (eng avval) namozni
o’z vaqtida o’qish, undan keyingisi ota-onaga mehr-muruvvat ko’rsatish,
so’ngisi Alloh yo’lida jihod qilishdir.” (Imom al-Buxoriy va Imom
Muslim rivoyatlari)
3. Imon keltirish, qarindosh- urug’chilik
aloqalarini mustahkamlash, Alloh taolo buyurgan ishlarga targ’ib qilish
va Alloh taolo ta’qiqlagan ishlardan qaytarish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ishlar (eng avvali)U zot
(ning borligi va birligi)ga imon keltirish, undan keyingisi
qarindosh-urug’chilik aloqalarini mustahkamlash, so’ngisi Alloh taolo
buyurgan ishlarga targ’ib qilish va Alloh taolo qaytargan ishlardan
qaytarish.” (Abu Ya’lo rivoyati)
4. Muntazam savob ish qilib turish (erta-yu kech
Alloh taolo itoatida bo’lish). Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Alloh
taolo eng yaxshi ko’radigan ish oz ( kichkina, kam) bo’lsada muntazam
qilinadigan savob ishdir.” ( Imom al-Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari
)
5. Alloh taoloni (tilu dil bilan mudom) zikr
qilish. Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi
ko’radigan ish- o’lguningcha tiling U zot zikrida bo’lishidir.” (Imom
at- Tabaroniy rivoyati)
6. Masjidlar. Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar:
"Shaharda Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan joy undagi masjidlaridir.
Yomon ko’radigani bozorlaridir.” (Imom Muslim rivoyati)
8. Rost (chin, yolg’on aralashmagan) so’z.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Men eng yaxshi ko’radigan so’z- rost
(chin, yolg’on aralashmagan) so’zdir.”
9. Dovud a.s. o’qigan va tutgan nafl namoz va
ro’zalar kabi namoz o’qish va ro’za tutish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ro’za- Dovud a.s. ro’zasi:
u kishi bir kun ro’za tutsalar ertasi kuni og’izlari ochiq bo’lardi.
Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan namoz- Dovud a.s. namozi bo’lib,
kechaning yarmini uxlab, uchdan birini ibodatda o’tkazar va qolgan
oltidan bir qismida yana uxlardilar.” (Imom al-Buxoriy va Imom Muslim
rivoyatlari)
10. Ko’pchilik bilan baham ko’rilgan ovqat.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan taom-
ko’pchilik bilan baham ko’riladigan taomdir." (Ibn Hibbon rivoyati)
11."Subhanallohi va bihamdih" deb zikr qilish.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan kalom
bandasining „Subhanallohi va bihamdih" deya zikr qilishidir." (Imom
Muslim rivoyati)
12."Subhanalloh val-hamdu lillah vala ilaha
illallohu vallohu akbar" deb zikr qilish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan zikr to’rttadir:
„Subhanalloh val-hamdu lillah vala ilaha illallohu vallohu akbar"
(mazkur zikrlarning) qay biridan boshlashning zarari yo’q." (Imom
Muslim rivoyati)
13. Ko’rkam xulq, axloq- odob egasi bo’lish.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan banda-
eng ko’rkam ahloq- odob egasi bo’lgan bandadir." (Imom at- Tabaroniy
rivoyati)
14."Abdulloh","Adurrahmon" kabi ism qo’yish.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ism-
"Abdulloh","Abdurrahmon" kabi ismlardir." (Imom Muslim rivoyati)
15. Odamlarga biron bir nafi tegishi,
musulmonlarning ko’nglini ko’tarib xursand qilishi, g’am-
tashvishlarini biroz bo’lsada yengillatishga harakat qilishi,
qarzdorning qarzini uzishiga yordamlashishi, ochni to’ydirishi va
hokazolar. Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi
ko’radigan inson-odamlarga ko’proq nafi tegadigan insondir. Shuningdek,
Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ish- musulmonni xursand qilishing,
uning g’am- tashvishlarini yengillatishing, qarzini uzishiga
yordamlashishing yoki qornini to’yg’azishingdir. Musulmon birodarim
hojatini chiqarish yo’lidagi harakatim men uchun masjidda bir oy
e’tikofda o’tirishimdan ko’ra yaxshiroq, ma’qulroqdir. Kimda-kim
g’azabini tiya olsa, Alloh taolo uning (fosh bo’lib qolishdan
xavfsiraydigan) sirini bekitadi. Kimda- kim g’azabini to’kib solishga
qodir bo’la turib, uni yuta olsa, Alloh taolo qiyomatda uning qalbini
mamnuniyat (xotirjamlik) to’yg’usi bilan limmo-lim qiladi. Kimda- kim
birodari hojatini chiqarish yo’lida harakat qilib, uni amalga oshishiga
sabab bo’lsa, Alloh taolo oyoqlari toyadigan Kunda uning oyoqlariga
sabot berar. Sirka asal (sifati, ta’mi) ni buzganidek, badhulqlik ham
savob ish (sifati) ni buzar.” (Ibn Abu ad-Dunyo rivoyati)
|