Rejissyor Elyor Hoshimovning "Farzandim” filmi ham premeraga tayyor. Bu kartinada Adiz Rajabov ilk marotaba Dilnoza Kubayeva bilan hamkor bo’ladi. Fotosuratlarni tomosha qilish jarayonida tug’ilgan bir savolga Adizning javoblarini o’qing.
— Filmda quchoqlashish sahnalari ko’p ekan. Tomoshabin bu holatlarni noto’g’ri tushunmaydimi?
Adiz Rajabov: — Filmning mavzusi, qahramonlarning hayotidan chetga chiqib bo’lmaydi. Tasavvur qiling eru-xotin 10 yil birga yashab qo’ygan, ular bir-birini qo’lini uyalib ushlab, tikilib o’tirishmaydi-ku. Ustiga ustak bu vaqt mobaynida farzand ko’rishmagan, orada dard ham bor. Bir-birini sevadi, kimga suyanadi? Albatta bir-biriga suyanadi. Bu holatlarni aktyor sifatida ko’rsatib berishimiz kerak. Hozir lavha va suratlardan tomoshabin boshqacha fikrga borishi mumkin, lekin filmni tomosha qilgach yomon xayollar ortga suriladi. Chunki tushunadi.
***
Valijon Shamshiyevning "O’g’lon” filmi rasman tomoshabinga havola etilgach, unga bergan ilk savolimiz shu bo`ldi.
— Filmda bosh rolni o’zingiz emas, balki boshqa aktyor ijro etsa tomoshabinga yangilik bo’lmasmidi?
Valijon Shamshiev: — Albatta, tomoshabinga yangilik bo’lardi, ammo o’sha holat, o’sha obraz men anchadan buyon ko’nglimga tugib yurgan obraz edi. Shu kechinmalarni yurakdan his qilganim uchun obrazni o’zim talqin etishga ahd qildim. Qolaversa, jangari sahnalardagi kurashlarni aktyorlar ijro eta olmasdi. Bunda men kaskadyorlarni ham jalb etmasdan o’zim o’ynadim. O’ylaymanki, jangovor sahnalar va haqiqatning qaror topishi tomoshabinlar manzur bo’ladi.
|