O'zbekistonda bolalarning mobil telefonlardan foydalanishini
taqiqlaydigan qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Respublika Davlat
sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining sanitariya bo'yicha
shifokori Abdurauf Qosimovning so'zlariga ko'ra, mobil apparatlar
chiqaradigan elektromagnit to'lqinlar bolalar va o'smirlarning
salomatligini jiddiy xavf ostiga qo'yar ekan.
"Telefonda uzoq vaqt va tez-tez
gaplashish bolalar organizmining zaiflashishiga, miya qon aylanishi
disfunksiyasiga, asab tizimining buzilishiga olib keladi. Shu bois
ota-onalar muntazam ravishda o'z farzandlarini nazorat qilishlari va
ularning salomatligiga e'tiborli bo'lishlari lozim", - deydi Qosimov.
Bolalarning mobil telefonlardan foydalanishini taqiqlash to'g'risidagi
qonun tashabbuschilari bergan ma'lumotlarga ko'ra, ushbu hujjat 2011
yilning bahorida tasdiqlanadi va kuchga kiradi.
Shifokorlarimizning xavotirlariga
Qozog'istonlik hamkasblari ham qo'shilishmoqda. Sog'lom hayot tarzini
shakllantirish muammolari milliy markazi direktori Saule Dikanbayevaning
so'zlariga ko'ra, har 100 mingta qozog'istonlik bolaga 100-127 nafar
onkologik kasalliklarga chalingan bolalar to'g'ri kelar ekan, 2009 yilda
ularning soni 104 tani tashkil etgan.
"Buning sabablaridan biri - mobil
telefonlardan haddan tashqari ko'p va noto'g'ri foydalanishdir.
Tibbiyotchilar mobil telefonlarning inson salomatligiga salbiy ta'sirini
isbotlashdi, telefon chiqaradigan nurlanish bosh miyada o'sma hosil
bo'lish xavfini oshiradi. Shuningdek, telefonni cho'ntakda, yurakka
yaqin joyda ko'tarib yurish mumkin emas. Bolalarni mobil telefonlar
bilan qoldirish esa xavfli. Bola organizmi onkologik kasalliklarga
chalinish xavfiga moyil bo'ladi, chunki uning immun tizimi hali mukammal
emas. Sotkalarni sumkada olib yurish kerak, uxlagan paytda esa o'chirib
qo'yish yoki karavotdan uzoqroqqa olib qo'yish lozim", - deya
ogohlantiradi Dikanbayeva.
Eslatib o'tamiz, ayni paytda
O'zbekistonda 5 ta uyali aloqa operatori faoliyat ko'rsatmoqda. 2009 yil
yakunlariga ko'ra respublikada uyali aloqa foydalanuvchilarining soni
29 foizga oshgan, ya'ni 15,793 million kishiga yetgan. Shu yilning
sentyabr oyida esa, "MTC-O'zbekiston"
operatori o'z abonentlarining soni 8 milliondan
oshganini e'lon qildi. O'z navbatida O'zbekistondagi ikkinchi uyali
aloqa operatori bo'lgan "Ucell"6 millionlik chegaradan oshgan,
"Beeline" esa - 4 million. 16 yoshdan kichik
bo'lgan mobil telefon foydalanuvchilarining miqdori 8% ni tashkil
etadi.
|