2010 yil kashfiyotlari Ilm-fan taraqqiyoti natijasida insoniyat tish og'rig'i, surunkali ichkilikbozlik, noqulay avtoulov va eng asosiysi, keksalikdan qutuladi! Umrboqiylik 2009 yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri bu shubhasiz hujayralar qarishi uchun javobgar hamda insonning "biologik soat”i faoliyatiga ta'sir o'tkazadigan "R 16” genining kashf etilganligi bo'ldi. Olimlar 2010 yilda bir tajribaga qo'l urishadi: ya'ni nanorobotlar yordamida "R 16” geni faoliyatini to'sib qo'yib, bu jarayon hujayra umrini uzaytiradimi-yo'qmi, amalda sinab ko'radilar. Operatsiya muvaffaqiyatli yakun topsa, hozirda yashayotgan odamlar uzoq yashash imkoniyatini qo'lga kiritishlari aniq. Bundan tashqari kelasi yilda odamning ilk kloni paydo bo'lishi ehtimoli bor. Bu olamshumul voqea Avstraliyada ro'y berishi kutilmoqda. Gap shundaki, 2008 yilda dunyoda birinchi marta Avstraliya sog'liqni saqlash va tibbiy tadqiqotlar milliy kengashi tomonidan inson klonini yaratishga litsenziya berilgan edi. Ekstrakorporal urug'lantirishga ruxsat olgan Sydney IVF kompaniyasi yangi odam mavjudotni 2 yil muddat ichida taqdim etishga va'da bergan. Muddat tugayapti, tez orada biror yangilik eshitib qolsak, adabmas. Transplantologiya: yangi yurak Evropa aerokosmik va muhofaza konserni hamda Airbus kompaniyalarida faoliyat yurituvchi bir guruh fransuz olimlar avtonom ishlaydigan sun'iy yurakni kashf qilishdi. Yangi tuzilma insonning haqiqiy yuragiga juda o'xshash. Yangi yurak bemorning immun tizimida muammo paydo bo'lishining oldini olishda yordam beradigan va eng muhimi tromb hosil bo'lishiga yo'l qo'ymaydigan cho'chqa kemirchagidan olingan to'qima bilan qoplangan. Ayni vaqtda olimlar qurilmaning energik quvvati muammosini bartaraf etish ustida bosh qotirishmoqda. Jarrohlik: gavda qismlari yetishtirilishi yo'lga qo'yiladi Amerikaning Jorjiya shtati Texnologiya instituti muhandislari jarrohlik sohasida inqilobni yuzaga keltirishga va'da berishmoqda. Olimlar teri to'qimalari va polimerli material yordamida organizmdagi pay va mushak to'qimalariga "birikib” keta oladigan sun'iy suyak modellarini yaratishga muvaffaq bo'ldilar. Demak, 2010 yildan boshlab yasama qo'l-oyoqlarga ehtiyoj yo'qoladi. Narkologiya: surunkali ichkilikbozlikning oldi olinadi Alkogolizm kasalligini davolashda hozirda qo'llanilayotgan kodirovka, tabletkalarga ehtiyoj qolmaydi. Alkogolizm geni deya nomlanuvchi Grm7 topilganligi bois, surunkali ichkilikbozlik dardiga moyilligi bor kishilarni oldindan aniqlash imkoni paydo bo'ladi. Bu kashfiyot Nyu-York Alkogolizm kasalligi instituti qoshidagi tibbiyot maktabi olimlariga tegishli. Ularning ta'kidlariga qaraganda, Grm7 darajasi pasayib ketgan odamlar boshqalarga qaraganda surunkali ichkilikbozlik dardiga chalinishga ko'proq moyil bo'lar ekanlar. Bo'lajak aroqxo'rlar dispanserizatsiya vaqtida aniqlanib, bu genetik "xato” gen injeneriya yordamida bartaraf etilishi kutilmoqda. Transport: uchar avtomobillar yaratiladi Aksariyat avtoulov haydovchilarining "Eh, qani uchsaydim” degan orzusi amalga oshadigan bo'ldi! To'g'rirog'i, avtomobil haydovchilarining bu istagiga "labbay” deb javob bergan odamlar topildi. Bugungi kundagi transport vositalariga alternativ ravishda uchar avtomobillar yaratilishi kutilmoqda. Ularning tashqi ko'rinishi zamonaviy o'tayengil tipdagi samolyotlarni eslatishi kutilmoqda. Narxi esa yap-yangi BMW bahosiga teng bo'ladi: bor-yo'g'i 50 ming dollar! Darvoqe, "qanotli toychoq”da istalgan maydondan samoga ko'tarilish mumkin bo'lar ekan. Manzilga yetay deganingizda uchar avtomobil yerga qo'nadi va qanotlari maxsus bo'lmaga yashirinadi. So'nggi kilometrlarni bu apparat oddiy avtoyo'l bo'ylab bosib o'tadi. Ushbu fantastik g'oyani hayotga tatbiq etmoqchi bo'layotgan firma Pegasus bo'ladi. Stomatologiya: yo'qolsin protez tishlar! 2010 yildan boshlab haqiqiy yangi tishlar og'iz bo'shlig'ining o'zida o'stirila boshlaydi. Tokio Tabiiy fanlar universiteti olimlari tomonidan o'tkazilgan birinchi tajriba omadli kechdi. Lekin yangi texnologiya hozircha sichqonlarda sinab ko'rildi, xolos. Tadqiqotchilar sichqonlarning embrionidan 50 mingtaga yaqin tishlarni shakllantiruvchi qon hujayralarini olib, so'ngra ularni bir necha hafta davomida jelesimon kollagenda o'stirdilar. Natijada, yarim millimetrga yaqin tish kurtagi o'sib chiqdi. Yangi o'sgan tishni qari sichqonning sug'urib olingan keskich tishi o'rniga ko'chirib o'tkizishdi. Va 37 kundan so'ng... milklarni yorib yangi tish o'sib chiqdi. Oradan 50 kun o'tib sichqon o'zining tishlari bilan don chaynaydigan bo'ldi. Kelayotgan yilda bu tajriba odamlarda sinab ko'rilishi ko'zda tutilgan. Gavhar tayyorladi.
|