Yil yakuniga borib, har birimiz: "Bu yil nimalarni rejalashtirgan edim-u, nimalarga erishdim?" - deya sarhisob qilamiz. Yangi yilni qarshilash oldidan radio va teleboshlovchilarga 2010 yil qanday muvaffatqiyatlarni olib keldi? Qay bir rejalashtirgan ishlari amalga oshmadi... Bu galgi sahifamiz orqali mashhur boshlovchilarning yil sarhisobi bilan tanishtirib o'tamiz.
"Ayol qalbi" gazetasidan foydalanildi
Lola Zunnunova - "Kinomaniya" ko'rsatuv boshlovchisi:
- 2010 yilda ijodda biror yangilikka erishdim, deb aytolmayman. Faqatgina jamiyatimizda uchraydigan muammolar haqida yangi ko'rsatuvlar tayyorladim va "Kinomaniya" ko'rsatuvida boshlovchilik qildim.Bu yil turmushga chiqaman, deb xayolimga ham keltirmagandim. Shukrki, oila qurib, ayni damda farzand kutayapman. Agar kuzatgan bo'lsangiz, ancha vaqtdan buyon "Kinomaniya" ko'rsatuviga ham boshlovchilik qilmayapman. Nasib qilsa, farzandimni dunyoga keltirib, u biroz katta bo'lgandan so'ng yana televideniega qaytaman.
Farhod Mahmudxon -"Yoshlar" radiokanali boshlovchisi:
- Ochig'i, 2010 yilda rejalashtirgan deyarli barcha ishlarim amalga oshdi. Yil boshida "Melomaniya" nomli loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan edim. Bu eshittirish boshqalariga qaraganda biroz murakkab bo'lgani uchun uning amalga oshishi ham bir necha oyni talab etdi. Unda mashxur qo'shiqning musiqasi yangraydi. Muxlislar she'ri bilan uni ijro etib berishlari kerak. Bundan tashqari, radiokanalimiz qoshida muxlislar klubini tashkil etishni rejalashtirgandim.Shukrki, bularning bari amalga oshdi. Lekin musiqa oxangida ijro etgan 300 ga yaqin she'rlarim jamlanib, albom chiqarmoqchi edik. Ammo 2010 yilda taqdimot qilishga ulgurmaganligimiz sababli, buni yanvar oylarida o'tkazishni rejalashtiryapmiz.
Akmal Mirzo - '"Oriyat-dono" radiosining boshlovchisi:
- Bu yil boshlovchilikda emas, balki bastakorlik faoliyatim samarali kechdi, deya olaman. Bastalagan bir nechta musiqalarim taniqli xonandalar: Doston Ubaydullaev, Malika Egamberdiyeva, Elmurod Mirzaev va Madina Mumtozlar tomonidan ijro etildi. Radioboshlovchilikdagi ishlarim "MTV-Awards" taqdimotining "Yilning eng yaxshi radioboshlovchisi" nomzodligiga qo'yilganining o'zi ham katta muvaffaqiyat. Bir nechta ko'rsatuv loyihalarini televideniega olib borgan edim. Lekin ular bu loyihalarni rad etishdi. Bu yil amalga oshmagan rejalarimga 2011 yilda erishaman, deb umid qilayapman (kulib).
Muhabbat Hamroyeva - "So'nmas yulduzlar" ko'rsatuvining boshlovchisi:
- Bu yilda nimalarni rejalashtirgan bo'lsam, deyarli barchasiga erishdim. Bundan bir necha yil oldin ekran yuzini ko'rgan "So'nmas yulduzlar" ko'rsatuvini nihoyalangan edi. Chunki har bir ko'rsatuv ma'lum vaqt o'tgandan keyin chetlashtiriladi. Lekin muxlislarning talab va istaklarini inobatga olib, rahbariyatimiz ko'rsatuv faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berdi. To'g'ri, bu men uchun kutilmagan hol bo'ldi. Bundan tashqari, bu yil she'rlarimni saralab, to'plab ham chop etishni rejalashtirgandim. Nasib qilsa, tez kunda she'riy to'plamim ham muxlislar qo'liga yetib boradi. Jurnalistlikda Muhabbat Xamroeva, she'riyatda esa Muhabbat Ato nomi bilan ijod qilishni ma'qul ko'rdim
Nargiza tayyorladi. shou.doira.uz
|