Moskvadan Los-Anjelosga uchayotgan samolyotda Yer yuzining yangi mehmoni dunyoga keldi. Oy-kuni yaqinlashgan ona Lyudmila Yanulis hamma yo‘lovchilar qatori eson-omon o‘z manziliga yetib olishni Xudodan tilab ketmoqda edi. Shifokorlarning taxminiga ko‘ra, chaqaloq tug‘ilishiga hali vaqt bor edi. Ammo taxmin hamisha ham to‘g‘ri chiqavermaydi. Lyudmilani bortda to‘lg‘oq tutib qoldi. Butun ekipaj bir tanu bir jonga aylanib, ayolga yordam ko‘rsatdi.
Bu voqeani tasavvur qilishning o‘zi mushkul. Havo layneri Yer sathidan 10680 metr balandlikda uchib ketyapti. Hech kim, hattoki uchuvchilar ham bu vaziyatda ortiqcha talvasaga tushganlari yo‘q. Tug‘ruq muvaffaqiyatli yakunlandi, onaning ham, chaqaloqning ham ahvoli yaxshi. Yeru osmon o‘rtasida chaqaloqning dunyoga kelishi kam uchraydigan hodisa.