AVTOBUSDA KOMPYUTER Sankt-Peterburg ko‘chalarida yuruvchi avtobuslardan biriga kompyuter o‘rnatilgani ko‘pchilikda taajjub uyg‘otmoqda. Elektron uskunaga jamoat transportidagi barcha vazifalar yuklangan. Masalan, kompyuter bosh va oxirgi bekatdagi dispetcher xonalari bilan bog‘langan bo‘lib, yo‘nalishni nazorat qiladi. Avtobusning harakat tezligi, yo‘lovchilar soni ham kompyuterning “nazaridan” chetda qolmaydi. Eng muhimi, haydovchining harakati: u bekatlarda to‘xtab, eshikni qanday ochib-yopadi, yo‘lovchilar bilan muomalada qo‘pollik qilmaydimi? Elektron nazoratchining haydovchilarni tartibga soladigan yana bir jihati shundaki, ichgan-ichmagani to‘g‘risidagi axborotni zudlik bilan dispetcherga uzatadi. Agar haydovchi ichgan bo‘lsa motor zudlik bilan o‘chirilishi mumkin.
Hozircha kompyuter-nazoratchi eksperimentda. Agar u tajribadan muvaffaqiyat bilan o‘tsa, shahar ko‘chalaridagi barcha avtobuslarga o‘rnatiladi. Bu hol xizmat madaniyatini yuksaltirishga, har xil ko‘ngilsizliklarning oldini olishga imkon yaratsa, ajab emas.